Ulug‘bek va Tillakori madrasalari restavratsiya qilinib, yangi ekspozitsiyalar bilan boyitildi
YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik doirasida Registon majmuasidagi Ulug‘bek va Tillakori madrasalarida doimiy muzey ekspozitsiyalarini yangilash hamda ichki qismlarini restavratsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar yakuniga yetdi.
Yangilangan ekspozitsiyalar Samarqand va temuriylar davrining tarixiy-madaniy merosini zamonaviy asosda talqin etib, o‘sha davrda Samarqand ilm-fan, ta’lim va san’atning yirik markazlaridan biri bo‘lganini ko‘rsatadi.
Jumladan, Ulug‘bek madrasasida Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi allomalarning 50 dan ortiq noyob qo‘lyozmalari, XV asrning buyuk astronomi va ma’rifatparvari Ulug‘bek faoliyatini yorituvchi ilmiy asbob-uskunalar va tarixiy materiallar bilan boyitilgan.
Tillakori madrasasidagi ekspozitsiya esa Registon ansamblining shakllanish tarixi va uning me’moriy go‘zalligini ochib beradi. Ekspozitsiya raqamli rekonstruksiyalar va interaktiv elementlar bilan boyitilib, tomoshabinga tarixni yanada jonli his etish imkonini yaratadi.
Eksponatlarning aksariyati fransuz va o‘zbekistonlik restavratorlar hamkorligida qayta tiklangan. Ya’ni, yangilangan muzey makonining dizayni fransuzlarning Wilmotte&Associés me’moriy byurosi tomonidan ishlab chiqilib, Sharq an’analarining betakror ruhi zamonaviy muzeyshunoslik talablariga uyg‘un tarzda mujassam etilgan.