Shahardagi tirbandlikka yechim bormi?

Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan ko‘chalar yana gavjumlashdi. O‘tgan hafta maktab va akademik litseylar o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlarining birinchi bosqich talabalari o‘qishni boshlagan edi. 8 sentyabrdan oliy o‘quv yurtlarining yuqori bosqich talabalari ham universitet va institutlarga qaytdi hamda shaharda avtotransport vositalarining ham, piyodalarning ham qatnovi ancha oshdi. Va bu ko‘chalarda o‘tgan yildagidan ham ko‘proq tirbandlikni yuzaga keltirdi. Chunki bir yilda mashinalar soni ham, talabalar safi ham oshdi.
Bunday holat bugun yurtimizdagi har bir yirik shaharga xos. Hatto kattaroq tuman markazlarida ham tirbandliklarni ko‘ryapmiz.
Ko‘pchilik avtoransport vositalarining ko‘payishini xalqimiz turmush darajasi o‘sib borayotgani va har bir shaxsning o‘z shaxsiy avtomobiliga ega bo‘layotgani bilan izohlaydi. To‘g‘ri, bu fikrni inkor qilib bo‘lmaydi. Yana bir toifa kishilar esa yo‘llarning torligi tirbandliklarga sabab bo‘layotganini aytsa, boshqalar jamoat transporti qamrovi kamligi bois odamlar ko‘proq shaxsiy avtomashinasidan foydalanishga majbur, degan fikrda. Bu gaplarga ham qo‘shilamiz, har bir sababga asoslar bor.
Samarqand millionli shahar bo‘lyapti
Keling, endi Samarqand shahri misolida bir mulohaza qilib ko‘raylik.
Shahar aholisi 600 ming nafarga yaqinlashib qoldi. Davlat va xususiy maktablar, akademik litseylar 100 dan oshdi. Bir paytlar 6-7 ta oliy o‘quv yurti bo‘lgan Samarqandda bugun ularning soni 19 ta bo‘ldi va 100 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Yana shaharda qurilayotgan uy-joylarni, yangi tuzilayotgan oilalar va tug‘ilish darajasini hisobga olsangiz, eh-he, aqlingiz shoshadi.
Lekin shahar ko‘chalari, ayrimlari biroz kengayganini hisobga olmasak, o‘sha-o‘sha. Rekonstruksiya qilingani rost, lekin shahar ichida yangi yo‘l, ko‘cha ochilmadi-ku. Bir vaqtlar yopib yuborilgan yer osti yo‘llari ochilayotganidan quvonamiz, albatta. Biroq talabalar gavjum bo‘ladigan Universitet xiyobonida yoki boshqa ta’lim muassasalari oldida yer osti yoki yer usti yo‘li tashkil etish haqida hali o‘ylab ko‘rganimiz yo‘q. Piyodalarga qulaylik yaratish uchun svetoforlar o‘rnatilmoqda, tezlik cheklanmoqda, lekin bu choralar tirbandlikning oldini olishga xizmat qilmayapti.
Bu haqda avval ham ko‘p yozganmiz, shahardagi markaziy ko‘chalar, serqatnov yo‘llar atrofidagi shifoxonalar, to‘yxona va restoranlar, oliy o‘quv yurtlari, savdo markazlari oldida avtomashina to‘xtashi yoki to‘xtab turishi mumkin emas. Endi markaziy ko‘chalardagi yo‘lning bir qatori avtobuslar uchun ajratilgach, zarurat yuzasidan shunday joyda to‘xtasangiz bas, ertagayoq jarima xabarnomasi olasiz.
Ozgina ochiq maydon bo‘lsa, ko‘p qavatli uy yoki boshqa bino qurilyapti, ammo uning atrofida avtomobillar to‘xtash joylari, bolalar maydonchalari tashkil etilmayapti. Bunga joy ham yo‘q, aslida.
Qaysi tashkilot shahardan chiqdi?
Samarqand turizm shahri bo‘lishi kerakligi, bu yerdagi oliy o‘quv yurtlari, boshqarma va idoralar, hatto shifoxonalar shahardan tashqariga ko‘chishi haqida gap-so‘zlar chiqqaniga ham ancha bo‘ldi. Ammo hozircha faqat gap bo‘lib turibdi. Bir-ikkita tibbiyot muassasasi, shahardan tashqarida tashkil etilgan bitta institutni hisobga olmaganda, hali bu borada amalga oshirilgan yirik loyihaga ko‘zimiz tushmadi.
Keyingi paytda oliy o‘quv yurtlarida qabul kvotalari ancha oshdi. Talabalar soni hatto bir necha barobar ko‘paydi. Kechki ta’lim yo‘nalishlari ochildi. Boshqacha aytganda, universitet va institutlar binolaridan maskimal darajada, kunu tun foydalanilyapti. Qo‘shimcha o‘quv binolari ham oliy ta’lim muassasalarining hududida mavjud bo‘lgan bo‘sh joylarda qurilyapti yoki mavjud binolar qabul sig‘imi oshirilmoqda. Albatta, talabalar soni ko‘paygani, oliy ma’lumot olishga intilish kuchayganidan xursand bo‘lish kerak.
Endi ta’lim sifati, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun munosib sharoit yaratish borasida ham jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Ta’lim jarayonlari tiqilinch va transport vositalari shovqiniga to‘lib toshgan joylarda emas, tinch-osuda maskanlarda olib borilishi zarur.
Albatta, o‘zi uyini tashlab boshqa joyga borib yashash hech bir odamga yoqmagani kabi ta’lim muassasalari, idoralarga ham o‘rgangan joyidan boshqa hududga borib ishlash yoqmaydi. Bunga o‘rganish qiyin. Lekin shaharning yaqin yillardagi kelajagida bundan boshqa yo‘l ko‘rinmaydi.
Shaharning bosh rejasi qachon tasdiqlanadi?
Shahardagi qurilishlar, yo‘l va boshqa infratuzilma haqida gap ketsa, shaharning bosh rejasi tasdiqlansa, barchasi tartibga olinishi haqida aytiladi. Lekin necha yillarki, bosh reja tasdiqlanishi ortga surilib kelmoqda.
Shuningdek, shaharni tumanlarga bo‘lish haqidagi gaplar aytilganiga ham ancha bo‘ldi. Agar bu ish tezroq amalga oshsa, Samarqandning Sartepa, So‘lim, Farhod, Kimyogarlar, Qorasuv kabi aholi massivlariga ham e’tibor biroz kuchayarmidi. Chunki bugun shahar ma’muriyati, mas’ul idoralar asosan delegasiyalar tashriflari, turli xalqaro forum va anjumanlarga tayyorgarlik ko‘rishdan bo‘shamayotgandek nazarimizda. Vaholanki, shaharning boshqa hududlarida ham aholi yil sayin ko‘paymoqda, shunga mos tarzda ularning transport, kommunal xizmat, sifatli ta’lim, tibbiyot va boshqa hayotiy ehtiyoj, talablari ham oshyapti.
Avtobus ko‘paysa, tirbandlik kamayadimi?
Ma’lum ma’noda, bu muammoga yechim bo‘lishi mumkin. Lekin bugun shaharda yashayotgan aholi va kirib kelayotganlarni hisobga olganda, avtobusni ko‘paytirish bilan masalaga to‘liq yechim topish mushkul.
Keyingi paytda shahar jamoat transporti parki zamonaviy avtobus va elektrobuslar hisobiga yangilangani va kengayib borayotgani quvonarli, albatta. Har bir yo‘nalishda qatnayotgan transport vositalari bugun o‘zini oqlayapti, xizmat ham yaxshi, daromad ham bor. Lekin avtobus va elektrobuslar sonini ko‘paytirish barobarida yo‘l infratuzilmasi ham shunga mos tarzda takomillashtirib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Sayyohlar tirbandlikda tura oladimi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 8 oyida Samarqandga 1,9 million xorijiy, 3,8 million mahalliy sayyoh kelibdi. Ularning shaharda qolishi 3-3,5 kunga yetgan. Turizm xizmatlari eksporti 427 million dollarni tashkil etmoqda. Turizmni rivojlantirish va mazkur tarmoqni nainki shahar, balki viloyatning asosiy daromad manbaiga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlar natijasi bo‘lgan bu raqamlar kishini quvontiradi. Yaqin vaqt ichida Imom Buxoriy va Imom Moturidiy majmualaridagi rekonstruksiya ishlari yakunlangach, sayyohlar oqimi yana ham oshishi kutilmoqda.
Biz, mayli, bir-ikki kun gapirib, biroz asabiylashib, tirbandlikka ham ko‘nikarmiz. Sayyohlar-chi? Har bir daqiqasi uchun pul to‘layotgan, yurtimizdagi ko‘proq muqaddas maskanlarni ziyorat qilishni, ulardan zavqlanishni niyat qilib Samarqandga kelgan mehmonlarning bunga sabri yetadimi? Ular yana Samarqandga kelishni maqsad qilib yurtiga qaytadimi?
Xullas, savollar juda ko‘p va qani endi ularga sizu bizni qoniqtiradigan javoblar amaliy ishlarda bajarilsa...
G‘olib HASANOV.