"Samarqand - Toshkent" tezyurar temir yo‘li qatnov vaqti 1,5 soatgacha qisqaradi

Hozirgi yo‘nalishlarda asosiy to‘siq — yuk poyezdlari sabab o‘tkazish qobiliyati cheklanganligi. Shuning uchun qurilishi rejalashtirilayotgan yangi magistral mavjud temir yo‘l tarmoqlaridagi yuklamani kamaytiradi. 

Yangi tezyurar yo‘l Toshkentning yangi xalqaro aeroportidan ham o‘tadi va Samarqand shahrining markazigacha kelishi rejalashtirilgan.

Bu borada Janubiy Koreyaning "Saman Engineering" kompaniyasi loyihaning uchta variantini taklif qilgan:

1-variant — 282 kilometr. Poyezd o‘rtacha 185,7 km/soat tezlikda 1 soat 26 daqiqada yetadi. Yo‘nalishda 74 ta ko‘prik va 8,9 kilometr umumiy uzunlikka ega 3 ta tonnel nazarda tutilgan.

2-variant — 291,7 kilometr. Sayohat vaqti 1 soat 33 daqiqagacha, o‘rtacha tezlik 179,4 km/soatgacha. Loyiha 82 ta ko‘prik va 16 kilometrli bitta tonnelni o‘z ichiga oladi.

3-variant — eng uzun yo‘l: 302 kilometrdan ortiq. O‘rtacha 166,9 km/soat tezlikda qatnov 1 soat 45 daqiqa davom etadi. Yo‘nalishda 105 ta ko‘prik va jami 9,6 kilometrlik 2 ta tonnel qurilishi ko‘zda tutilgan.