Yaqin kelajakda Toshkent–Samarqand va Navoiy–Buxoro yo‘nalishlarida 6 ta tezyurar poyezd qatnovi ish boshlaydi

O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi yevropalik jurnalistlarga mamlakatning sayyohlik salohiyati va kutilayotgan yangiliklar yuzasidan ma’lumot taqdim etgan. Yevropaning «Travel Tomorrow» sayyohlik portalida O‘zbekiston elchixonasida ushbu mamlakatning yetakchi sayyohlik agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvga bag‘ishlangan maqola e’lon qilingan.

«2023 yilda O‘zbekistonga salkam 7 million xorijiy sayyoh tashrif buyurganini hisobga olsak, respublika turizm sohasi pandemiyadan oldingi darajaga qaytmoqda, - deyiladi maqolada. - Mamlakat joriy yilda 10 milliondan ortiq sayyohni jalb etish, 2030 yilga borib esa ushbu raqamni 15 million kishiga yetkazishni rejalashtirgan».

Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston elchisi G‘ayrat Fozilov muloqot davomida respublikaning sayyohlik salohiyati va sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha rejalar bilan tanishtirdi.

«Sayyohlar oqimining mavsumiyligini kamaytirish maqsadida O‘zbekistonda «Yilning istalgan vaqtida sayohat qilish» strategiyasi ustida ish olib borilmoqda. Uning doirasida bahor va kuzda ekologik, ekstremal, tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmini, yozda suv va kurort turizmini, qishda esa ekstremal va chang‘i turizmini rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshiriladi. Sayyohlik mavsumining ochilishiga bag‘ishlangan festivallar tashkil etiladi», - deya elchining so‘zlaridan iqtibos keltirgan portal.

Nashrda ma’lum qilinganidek, O‘zbekiston 93 davlat uchun vizasiz rejim joriy qilgan, yana 57 mamlakat fuqarolari uchun viza jarayoni soddalashtirilgan va raqamlashtirilgan. Bundan tashqari, respublikada 6 ta yangi xususiy aviakompaniya ish boshladi, bu O‘zbekistonga parvoz qilish imkoniyati va qulayligini oshirmoqda. 2030 yilga borib esa 6 ta yirik aeroportni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

«O‘zbekistonga borgan sayyohlarning mamlakat bo‘ylab bemalol sayohat qilishlari, ko‘plab yo‘nalishlarni kashf etishlari uchun yaqin kelajakda Toshkent–Samarqand va Navoiy–Buxoro yo‘nalishlarida 6 ta tezyurar poyezd qatnovi ish boshlaydi. Buning uchun 600 kilometr qo‘shimcha temir yo‘li qurilmoqda», - deb yozilgan «Travel Tomorrow»da e’lon qilingan maqolada.

Manba