OAV: Janubiy Koreya O‘zbekistonga oltita tezyurar poyezd yetkazib beradi
Polshaning "Kurier Kolejowy" jurnali saytida "Hyundai Rotem" kompaniyasi O‘zbekistonga oltita tezyurar poyezd yetkazib beradi" sarlavhali maqola e’lon qilindi.
Koreya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati va Janubiy Koreyaning "Hyundai Rotem" kompaniyasi o‘rtasida 250 km/soat tezlikka mo‘ljallangan oltita tezyurar poyezdni yetkazib berish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolandi, deb ma’lum qilingan materialda.
Takidlanishicha, O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan tezyurar poyezd "KTX-Eum" poyezdining o‘xshashi bo‘lib, u o‘z navbatida 430 km/soat tezlikda harakatlanish uchun mo‘ljallangan "HEMU-430X" tezyurar poyezdi negizida yaratilgan. Har biri yetti vagonli poyezd 389 o‘ringa ega bo‘ladi va VIP, biznes va ekonom klasslarni, shuningdek, ovqatlanish vagonini o‘z ichiga oladi.
"O‘zbekistonga taqdim etilayotgan tezyurar poyezd "Jaloliddin Manguberdi" deb nomlanadi. Ushbu tezyurar poyezd ishga tushgach, Toshkentdan Xivagacha bo‘lgan masofa yetti soatda bosib o‘tilishi kutilmoqda", – deyiladi materialda.