Sud Janubiy Koreya prezidentini hibsga olish uchun order berdi

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolning vakolatlari 14 dekabr kuni parlamentda o‘tkazilgan impichment natijasida to‘xtatildi.

- Mamlakatning yuqori mansabdor shaxslarni korrupsiyaga qarshi tergov qilish boshqarmasi tasdiqlaydiki, 31 dekabr kuni hibsga olish va tintuv qilish uchun order chiqarilgan, bu bo‘yicha idora Yun Sok Yolga nisbatan ariza bergan, - deyiladi ushbu boshqarma xabarida. Qo‘shimcha qilinishicha, keyingi harakatlar bo‘yicha qaror qabul qilinmagan.

Yonhap axborot agentligi "orderdan tez orada foydalanish" mumkinligi haqida yozmoqda. Bu mamlakat tarixida birinchi marta amaldagi prezidentni hibsga olish orderi chiqarilganidan dalolat beradi. Yun Sok Yolning vakolatlari Konstitutsiyaviy sud qarorigacha to‘xtatildi.

29 dekabr kuni Yun Sok-Yol uchinchi marta isyon ishi bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasiga so‘roqqa kelmadi. Yuridik amaliyotga ko‘ra, uchinchi chaqiruv hibsga olish uchun ariza berishdan oldin oxirgi hisoblanadi. Kecha Yun Sok Yolning advokati boshqarma gumon qilinayotgan isyonni tekshirishga haqi yo‘qligini ta’kidladi.

30 dekabr kuni Qo‘shma tergov guruhi Seul sudiga Yun Sok Yolni hibsga olish uchun order so‘rab murojaat qilgan. Qo‘shma tergov guruhi tarkibiga boshqarma, politsiya va mudofaa vazirligi vakillari kiradi, ular prezidentning harbiy holat joriy etishi bilan bog‘liq holatlarni o‘rganib, uni shu munosabat bilan isyon uyushtirganlikda gumon qilmoqda. Janubiy Koreya qonunchiligi amaldagi prezidentni isyon yoki xiyonat uchun jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat beradi.

Eslatib o‘tamiz, 14 dekabr kuni Janubiy Koreya parlamentining 300 nafar a’zosidan 204 nafari Yun Sok Yolni prezidentlikdan chetlashtirish uchun ovoz bergan edi. Bunga uning mamlakatda harbiy holat joriy etishi sabab bo‘lgan.