Ramazon o‘tdi salomatlik xayriyasi davom etmoqda
Samarqand shahrining Xo‘ja Abdu Darun mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Komiljon G‘afurov taqdirning achchiq zarbalari ta’sirida yurak xastaligini orttirdi. Ammo oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmagani uchun ancha paytdan beri davolanishga imkoni bo‘lmadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 16 fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Ramazon - mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash belgilangan edi. Aynan shu qaror sabab K.G‘afurov hayotida ham Ramazon oyida o‘zgarish sodir bo‘ldi. Mahalla ijtimoiy xodimining tezkorlik bilan salomatligini tiklash uchun yordam zarur bo‘lganlar ro‘yxatiga kiritgani tufayli uning yuragidagi nuqsonni bartaraf etish uchun harakat boshlandi.
- Avvalo bemorda koronaangiografik amaliyot o‘tkazildi va yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi lozimligi aniqlandi, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali shifokori Jahongir G‘ulomov. - Operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi, bugun bemorning ahvoli ancha yaxshi.
Ishtixon tumanida yashovchi Manzura Sirojiddinovaning farzandi, Jomboydan Gulchehra Isoqulovaning nabirasi esa bir necha yillik qiyinchiliklarni ortda qoldirib, Ramazon oyida yurak operatsiyasini o‘tkazishdi.
- Qarorga asosan hududiy hokimliklar hamda xalq deputatlari shahar/tuman kengashlari, ijtimoiy himoya milliy agentligi va sog‘liqni saqlash xodimlari tomonidan yuqori texnologiyali operatsiyaga hamda tezkor davolanishga muhtoj bo‘lgan 767 nafar fuqarolar ro‘yxati shakllantirildi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Jiyanov. - Ushbu operatsiyalar fevral oyida boshlanib, mart va aprel oylarida davom etishi mo‘ljallan. Shakllantirilgan ro‘yxatga ko‘ra 38 nafar bemor suyak-mushak tizimi kasalliklari, 10 nafari qon aylanish tizimi, 34 nafari tug‘ma anomaliyalar, 4 nafari xavfli onkologik 5 nafari siydik ajratish tizimi, 3 nafari endokrinologik kasalliklar bilan qayd etilgan.
Shu paytgacha 132 nafar bemor viloyatdagi muassasalarga yotqizilib, davolanish amaliyotlari boshlangan. 56 nafar bemor davolanib chiqdi. Bemorlarning davolanishi uchun ketadigan barcha sarf-xarajatlar “Vaqf” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan qoplanmoqda.
Ayni kunlarda viloyat bo‘yicha ikkinchi bosqich uchun ijtimoiy himoya milliy reyestriga kiritilgan davolanishga muhtoj 655 nafar fuqaro ro‘yxati joylardagi tibbiyot va ijtimoiy xodimlar bilan birga shakllantirilmoqda.
Gulruh MO‘MINOVA.