"Qulupnay sotib, "Damas" oldik

Past Darg‘om tumani Qo‘qoni mahallasida qish kunlarida ham tomorqadan unumli foydalanadigan dehqonlar ko‘p. Ular orasida yoshlar, ayniqsa, xotin-qizlarning borligi quvonarli. Masalan, Latofat Yo‘ldosheva 3 sotix yerdan yaxshigina daromad topib, boshqalarga o‘rnak bo‘lyapti.

- Bu xonadonga kelin bo‘lib tushganimga 10 yil bo‘ldi, - deydi L.Yo‘ldosheva. – Ham farzandlarim tarbiyasi bilan shug‘ullanib, ham biror joyda ishlashning imkoni bo‘lmagani uchun hovlida tomorqachilik bilan shug‘ullanishga qaror qilganman. Bunda menga turmush o‘rtog‘im, qaynota-qaynonam yaqindan yordam berdi. Dastlab 1 sotix yerda issiqxona tashkil qilib, ko‘katlar yetishtirdik. Mahsulotlarni mahallamizdagi oshxona va do‘konlarga tarqatardim. Har ikki-uch kunda 100-200 ming so‘mga ko‘kat sotardik.

Latofat Yo‘ldoshevaning aytishicha, ko‘katdan ko‘ra qulupnay yetishtirib, bozorga chiqarish osonroq ekan. Daromad esa o‘n baravar ko‘p.

Shuning uchun qulupnay yetishtira boshladik, - deydi u. – Bir sotix yerdan har ikki-uch kunda bor-yo‘g‘i besh kilo qulupnay olinadi, Yangi yil bayrami arafasida uning kilosini 300 ming so‘mdan sotdik. Yildan yilga issiqxonalarimizni ko‘paytirib boryapmiz. Bugungi kunda hovlimizda 3 sotixlik issiqxona bor. O‘tgan yilgi hosildan “Damas” sotib oldik. Uyni ta’mirladik, ro‘zg‘or o‘tyapti. Bu yil esa to‘y qilmoqchimiz.

Mahallada 658 ta oila bo‘lib, ularga qarashli tomorqa maydoni jami 32 gektarni tashkil qiladi. Hovlisidagi bir qarich yerdan ham unumli foydalanayotganlarga fermer xo‘jaliklari hududidan ham yer ajratilyapti. Mahalla faollari tavsiyasi bilan Latofatga ham 15 sotix yer ijaraga berildi. Qahramonimiz kelgusida bu faoliyatni yanada kengaytirish istagida.

To‘lqin SIDDIQOV,

Feruza MAMATQULOVA,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).