“Bir mahalla – bir mahsulot”: Tomorqalar bo‘sh qolmaydi

2024 yilda Samarqand viloyatida 631 ming xonadon ixtiyoridagi 69 ming gektar tomorqa yerlaridan 2-3 marta hosil olish yo‘lga qo‘yilib, bu orqali 2,4 million tonna mahsulot yetishtirildi.

Urgut tumani Nisbat mahalasida yashovchi Burxon Sattorov tomorqasida tashkil etgan 3,8 sotixli issiqxonada 3 tonna limon yetishtirib, o‘rtacha 50 million so‘m daromad qilmoqda.

Toyloq tumani, Tepaqishloq mahallasida yashovchi G‘ayrat Hasanov 6 sotix tomorqasiga malina ekib, 500 kilogram hosil oladi. Bu o‘rtacha 75 million so‘m sof daromad keltiryapti.

Viloyatdagi 1126 ta mahalladan 583 tasi yoki 52 foizi “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida bir turdagi mahsulotlarni yetishtirishga ixtisoslashtirildi.

Misol uchun, Bulung‘ur tumanidagi 33 mahallada sarimsoqpiyoz va pomidor, Jomboydagi 23 mahallada sarimsoqpiyoz va bulg‘or qalampiri, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 41 mahallada qulupnay va malina, Oqdaryodagi 20 mahallada gulchilik, Nuroboddagi 21 mahallada parranda, Samarqanddagi 46, Toyloqdagi 30 mahallada ko‘kat, Paxtachidagi 35 ta mahallada sabzavot ko‘chatlari, pomidor, bulg‘or qalampiri yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yilda ixtisoslashgan mahallalar sonini 750 taga (67 foiz) yetkazishni reja-maqsad qilib oldik.

Bugungi kunda aholi xonadonlarida 1118 gektar maydonda 89 mingta ixcham issiqxona tashkil etilib, bu orqali tomorqalardan 3-4 marta hosil olish imkoniyati yaratildi. Joriy yilda yana 300 gektar yerda 15 mingta ixcham issiqxonalar tashkil qilinadi.

 

Yer mo‘l, suv-chi?

Tomorqa haqida gap ketganda bugun istalgan odamda shu savol tug‘ilishi tabiiy. Chunki viloyatimizda ham oqar suv muammosi kengayib bormoqda.

Shundan kelib chiqib, 2020-2024 yillarda suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 138 ta mahallalada 317 ta katta xajmdagi artezian quduqlari qazib berildi. Buning uchun byudjetdan 43 milliard so‘m subsidiya yo‘naltirildi. Natijada 22 mingga yaqin xonadonning 2,3 ming gektar yer maydonida suv ta’minoti yaxshilandi.

Joriy yilda suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan Qo‘shrabot, Nurobod, Payariq, Kattaqo‘rg‘on tumanlarining 44 mahallasida 61 ta artezian quduq qazilib, 200 gektar aholi tomorqalari suv bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan viloyatdagi 101 ta og‘ir mahallaga 303 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada 104 ming xonadon tomorqasi suv bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, sug‘orish tizimi og‘ir bo‘lgan 93 ta mahallada artezian quduq qazish, ariqlarni betonlash va suv tarmoqlarini tortish uchun 189 milliard so‘m ajratilmoqda.

Misol uchun, Nurobod tumanidagi suv ta’minoti juda og‘ir bo‘lgan Jom mahallasida 6 kilometr suv tarmog‘ini tortish uchun 1,2 milliard so‘m mablag‘ ajratish belgilangan. Bu loyiha amalga oshsa 1835 ta xonadon tomorqasi suv bilan ta’minlanadi.

Albatta, aholi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda “Tomorqa xizmati” korxonalarining alohida o‘rni bor. O‘tgan yili 254 ta “Tomorqa xizmati” korxonalari tomonidan 113 ming aholi xonadoniga xizmatlar ko‘rsatildi.

Berilgan imtiyozli kreditlar hisobiga ushbu korxonalarning moddiy-texnik bazasi yaxshilanib, 82 ta (4,3 ming tonna) sovutkichli omborxona hamda 111 ta (1.4 ming tonna) quritish uskunasi tashkil etildi. Buning hisobiga 350 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi.

Misol uchun, Oqdaryo tumani "Barakasini bersin tomorqa klasteri" faoliyatini klaster usulida tashkil etish uchun 7 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Ushbu mablag‘ga 20 sotixli ko‘chatchilik issiqxonasi, 200 tonnalik sovutkichli omborxona, 400 tonna meva quritish sexi, 2 ta katta traktor, 2 ta minitraktor, 12 ta motokultivator xarid qilib, 2 mingdan ortiq aholi xonadonlariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

 

“Sayxunobod” tajribasi yoki kartoshka ko‘payadimi?

Bu borada o‘tgan yili 35 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, ushbu maqsadlar uchun tijorat banklarining 1 trillion 326 milliard so‘m imtiyozli kreditlari yo‘naltirildi.

Natijada mikroloyihalar doirasida 13 mingta xizmat ko‘rsatish, 4 mingta ishlab chiqarish, 6 mingta tikuvchilik mikroloyihalari ishga tushirilib, 1 ming 200 ta issiqxona va 175 gektar bog‘ va tokzorlar tashkil etildi. Shu bilan birga, 528 ming bosh parranda, 3 ming 200 dona asalari qutisi va 47 ming bosh chorva mollari yetkazib berildi.

2025 yilda har bir mahallada (1126 ta) kamida 40 tadan jami 50 mingta mikroloyihalar tashkil etiladi.

Kartoshkachilik viloyatda asosiy drayver sohalardan biri hisoblanib, Respublikada yetishtiriladigan kartoshkaning 25-30 foizi viloyatimiz hissasiga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda Bulung‘ur, Jomboy, Toyloq, Samarqand va Urgut tumanlaridagi 173 mahalla kartoshkachilikka ixtisoslashgan.

Kartoshkachilikda eng asosiy muammolardan biri urug‘chilik hisoblanib, viloyatning bir yillik kartoshka urug‘iga bo‘lgan talab 145 ming tonna, har yili o‘rtacha 8-10 ming tonna kartoshka urug‘i import qilinadi.

Shu sababli viloyatda kartoshka urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish asosiy maqsad qilib olingan edi. Samarqand Agroinovatsiyalar va tadqiqotlar institutida Koreya hukumatining 4,5 million dollar grant mablag‘i asosida “Kartoshka urug‘chiligi markazi” tashkil etilib “in vitro” usulida kartoshka urug‘i yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu markazda kelgusida nafaqat viloyat, balki respublikaning ham urug‘lik kartoshkaga bo‘lgan extiyojini to‘liq qoplash imkoni paydo bo‘ldi.

Joriy yil bahorda asosiy ekin sifatida 39 ming gektar (shundan 21 ming gektar fermer xo‘jaliklarida, 18 ming gektar aholi tomorqalarida) maydonda kartoshka ekiladi. Ushbu maydonlardan 1 million 100 ming tonna kartoshka olish kutilmoqda.

Misol uchun, lalmi yer maydonlarni o‘zlashtirish hisobiga Bulung‘ur tumanida “Agro-ver” MChJ tomonidan 650 gektar, Nurobod tumanida “Sariqul mega agro” MChJ tomonidan 250 gektar maydonda kartoshka ekiladi.

 

Hosildor navlar – katta daromad

Joriy yilda 69 ming gektar tomorqadan 2-3 marta ekin ekiladi.

"Turonbank" homiylik asosida “Meyer” navli 10 ming tup limon ko‘chati yetkazib beradigan bo‘lmoqda. Limonning bu navi har bir tupidan 60 kilogramgacha hosil beradi. Bu serhosil ko‘chatlar limonchilikka ixtisoslashgan mahallalardagi 2000 ta xonadonga 5 tupdan tarqatiladi.

Bitta xonadonda 5 sotixli limonxona 60 ta limon ko‘chati ekilib parvarish qilinsa uning har bir tupidan 50-60 kilogramdan 3 - 3,5 tonna hosil olish mumkin. Bu esa bugungi bozor bahosida har bir kilosi 15-20 ming so‘mdan yiliga 60-70 million so‘m daromad olish mumkin degani.

Bundan tashqari, bog‘dorchilik agentligi 15 ming dona anjir va anor ko‘chatlari yetkazib beradigan bo‘ldi.

Samarqand shahridagi Bog‘ibaland mahallasi anjir yetishtirish bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, mahallada 41 gektar yer maydonida anjir yetishtirilmoqda. Kattaqo‘rg‘on tumanida ham 4-5 ta mahalla anor va anjir yetishtirishga ixtisoslashgan.

Joriy yilda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Boltabek va Chag‘atoy mahallalariga anor, Mundiyon va Mullako‘rpa mahalalariga anjir ekiladi. Hozirda Chag‘atoy mahallasidagi 792 ta xonadondan 282 tasi, Boltabek mahallasidagi 586 ta xonadondan 480 tasi anor yetishtirish bilan shug‘ullanadi.

Chag‘atoy mahallasida yashovchi Otabek Hasanov tomorqasida 250 tup anor ekilgan. Yiliga 7-7,5 tonna hosil oladi va o‘rtacha 100 million so‘m daromad qiladi.

Mullako‘rpa mahallasidagi 820 ta xonadondan 318 tasi, Mundiyon mahallasidagi 1 352 ta xonadondan 215 tasi, anjir yetishtirish bilan shug‘ullanadi.

Mullako‘rpa mahallaida yashovchi Xurshid Pirnazarov tomorqasida 32 tup anjir ekilgan. Yiliga 3-3,5 tonna anjir hosili yetishtirib, o‘rtacha 50 million so‘m daromad olmoqda.

 

Qayta ishlab, qo‘shimcha qiymat yaratiladi

Tahlil qilib ko‘rdik, viloyatdagi 217 ta meva-sabzavotni qayta ishlovchi korxonaning aksariyati mahsulot yetishmasligi sababli 30-40 foiz quvvatda ishlamoqda.

Shuning uchun yirik tadbirkorlarga o‘zining mahallasida Bir "Mahalla – bir mahsulot" tamoyili asosida “in-vitro” usulida yetishtirilgan mevali ko‘chatlardan ekish bo‘yicha taklif berdik, ular taklifni qo‘llab-quvvatladi. Yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlovchi korxonalarning o‘zlari bozor narxida sotib oladi.

Bundan tashqari, joriy yilda har bir tumanda 5-6 gektardan, jami 90 gektar maydonda organik mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Ma’lumot uchun, organik usulda yetishtirilgan 1 kilogramm uzum 9 dollardan, oddiy usulda yetishtirilgan uzum 1-5 dollargacha eksport qilinmoqda.

Misol uchun, Ishtixon tumanida “Sunny Fruit Agroplus” MChJ tomonidan 103 gektar maydonda organik uzum yetishtirilmoqda. O‘zi organik sertifikat olgan.

Ushbu tadbirkor Zarband mahallasidagi 58 ta xonadondagi 7,5 gektar yer maydonida yetishtirilayotgan organik uzumlarni parvarishlab, sotib olib eksportga yubormoqda.

Yana atrofdagi 3 ta mahalladan 200 ta xonadonda organik mahsulotlar yetishtirishni rejalashtirgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, viloyatda endi bir qarich yer bo‘sh qolmaydi, degan tamoyil bilan ishlamaymiz. Endi, har qarich yerdan katta daromad olamiz, degan aniq maqsad bilan mehnat qilamiz.

Rivojiddin Maxqulov,

viloyat hokimining o‘rinbosari kotibiyat mudiri.