Kredit olish oson, uni qaytarish esa...

Keyingi paytlarda ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida mahalla faollari ko‘magida tijorat banklari tomonidan kredit mablag‘lari ajratilyapti. Undan maqsadli foydalanayotgan yoshlar sharoitini yaxshilab, muammolariga yechim topyapti.

Narpay tumani Xo‘jaqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Muhiddin Xudoyqulovni bir necha yildan beri ishsizlik muammosi qiynardi.

- 2013 yilda maktabni bitirib, akam bilan birga tadbirkorlikka qo‘l urganmiz, - deydi u. – Ishimizni 2 ta qutida asalari boqish bilan boshlaganmiz. Kundan-kunga tajribamiz oshib, asta-sekin ularni ko‘paytirdik, qutilar sonini 50 taga yetkazdik. O‘sha paytda ular yerda turardi. Topgan daromadimiz hisobidan maxsus tirkama yasattirdik. Qutilar joylashgan tirkamani texnika yordamida tog‘larga, dashtlarga olib chiqib, asalari boqish va mo‘may daromad topish imkoni tug‘ilgandi. Ammo xursandchiligimiz uzoqqa bormadi. Nimadir bo‘ldi-da, asalarilarimiz qirilib ketdi.

Bundan tushkunlikka tushgan yosh yigitlarda yana asalari boqish va ularni ko‘paytirish uchun na hafsala, na mablag‘ bor edi. Ishsiz qoldi. Kunlarning birida Muhiddin aka-ukani qiynayotgan masalaga yechim topgandek bo‘ldi. Xorijga ketishga qaror qildi.

- O‘tgan yili bir tanishimning taklifi bilan tavakkal qilib, Rossiya davlatiga ishlash uchun ketdim, - deydi M.Xudoyqulov. – Oiladan olisda yashash va sharoit bo‘lmagan joyda mehnat qilish oson bo‘lmadi. Oradan 7 oy o‘tgach, mahallamiz yoshlar yetakchisi Ilhom aka Mardonovning telegram orqali yuborgan xabari meni uyga qaytishimga sabab bo‘ldi. U menga qishloqqa qaytib, asalarichilik bilan shug‘ullanishni davom ettirsam, bankdan imtiyozli kredit olishga ko‘maklashishini aytdi. Yana asalarichilik bilan shug‘ullana boshladim. Hozirda tirkamada 150 ta quti bo‘lib, 40 tasida asalari boqilyapti. Yil oxirigacha ularning barchasini asalari bilan to‘ldirishni maqsad qilganman. Asal yetishtirish – serdaromad ish. Kreditni ham muddatidan oldin qaytarishga harakat qilyapman.

Mahalla yoshlaridan yana biri, 4 sotix tomorqasida issiqxona qurish istagida bo‘lgan Shohruh Ochilovga 65 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi va u qulupnay yetishtirishni boshladi.

- Shohruh ishbilarmon yigit, - deydi mahalladagi hokim yordamchisi Sardor Qo‘ldoshev. – U Toshkent viloyatiga borib, usta dehqonlardan qulupnay parvarishlash sirlarini o‘rganib keldi. Tomorqasida issiqxona tashkil qilib, mahsulotni gidroponika usulida yetishtiryapti. Bu nafaqat mahallamizda, balki tumanimizda ham yangilik bo‘ldi. U qulupnayning yuqori sifatli “Salixan” navini parvarishlayapti. Bu nav juda xaridorgir ekan. Mart oyining boshidan hosil ola boshladi. Bir kunda 20 kilogramm qulupnay terib, bozorga chiqaryapti. Avvaliga uning kilosini 250 ming so‘mdan sotdi. Ayni paytda 150-180 so‘mdan pullayapti.

Shohruh bankdan olgan kredit mablag‘ini shu yilning o‘zida qaytarishni maqsad qilgan. Shuningdek, u mahalladagi ishsiz tengdoshlariga ko‘chat yetishtirib berib, ularning ham shu ish bilan shug‘ullanishiga ko‘maklashmoqchi.

Afsuski, bugun tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlardan hamma ham maqsadli foydalanmayapti. Natijada ham o‘zi uchun, ham bank xodimlari uchun muammo tug‘ilyapti. Ana shunday fuqarolarga narpaylik Muhiddin Xudoyqulov va Shohruh Ochilov kabi yoshlarning ishini o‘rnak qilib ko‘rsatsa arziydi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Husan ELTOYeV (surat).