Chimmosdagi “IT shaharcha” - mahalla yoshlarining taraqqiyot drayveri

Viloyat markazidan 150 kilometr olisda, Qo‘shrabotning dashtida, bir paytlar infratuzilmasi og‘ir bo‘lgan, umuman, imkoniyatlari cheklangan Chimmos mahallasi bugun namunali maskanga aylanib bormoqda.

Uch mingdan ziyod aholi yashaydigan mahallada odamlarning kayfiyati o‘zgargan va yoshlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi oshgan.

Chimmos mahallasi hokim yordamchisi Bobomurod Qarshiyevning ta’kidlashicha, hudud uzumchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan bo‘lib, 20 dan ortiq tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Bu yil 90 nafar ishsiz fuqaroning 50 nafarga yaqini ishga joylashtirilgan, qolganlariga esa 650 million so‘m imtiyozli kredit berilib, tadbirkorlikni boshlashiga ko‘maklashilgan.

— Maqtanish emas, hozir mahallamizda ishsiz fuqaro deyarli yo‘q, — deydi u. — Mehnatga layoqatli aholining asosiy qismi korxona va tashkilotlarda ishlaydi. Shu bilan birga, tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi, ikki yuzdan ziyod kishi uzumchilik, uch yuzga yaqini chorvachilik bilan band. Mavsumiy ishlarda yuzdan ortiq fuqaro mehnat qilsa, yuzdan ziyod ayol tikuvchilik bilan shug‘ullanadi.

Shu yil may oyida mahallada yoshlarning IT va xorijiy tillarni o‘rganishi uchun barcha sharoitga ega “IT shaharcha” tashkil etildi. Davlatimiz rahbarining 2024 yil 15 maydagi qaroriga ko‘ra, 2022 yilda Nurobod tumanining Oqsoy mahallasida respublikada birinchi marta ochilgan “IT-Village” konsepsiyasi asosida bunyod etilgan ushbu maskan 35 sotix maydonni egallagan bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan.

Raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat boshqarmasi tomonidan ushbu majmuaga press-tur tashkil etildi.

- Markazimizda bir vaqtning o‘zida 70 nafarga yaqin yosh ta’lim oladi, - deydi “IT shaharcha” ish boshqaruvchisi Jamshid Botirov. -  Ta’lim jarayoni xorij texnologiyalari asosida tashkil etilgan bo‘lib, 6 nafar mutaxassis 216 nafar yoshga dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi hamda ingliz va boshqa xorijiy tillarni bepul o‘rgatmoqda. Axborot texnologiyalari markazimizga o‘quvchilar 12 yoshdan qabul qilinadi va sinov muddatidan muvaffaqiyatli o‘tgan iqtidorli o‘quvchilar kurslarga saralanadi. Bugunga qadar 60 nafar o‘quvchi kompyuter savodxonligi kursini muvaffaqiyatli tugatdi va yil oxirigacha yana 50 nafardan ziyod bitiruvchiga sertifikat topshiriladi.

— Zamonaviy “IT shaharcha” ishga tushgach, bu yerda ingliz tili kursida o‘qib, ikki oyda sertifikatga ega bo‘ldim, — deydi tumandagi 64-umumta’lim maktabi 11-sinf o‘quvchisi Shamshodbek Soliyev. — Bu menga yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endi Toshkentdagi jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga kirib, bilimimni yanada mustahkamlayman va kelajakda yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shish uchun intilishdan to‘xtamayman.

Press-tur davomida “IT shaharcha”da kompyuter savodxonligi kursini muvaffaqiyatli tugatgan ilk bitiruvchilarga sertifikatlar topshirildi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.