Starlink qurilmasini noqonuniy olib kirish holati aniqlandi
Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa qurilmasini O‘zbekiston Respublikasi hududiga tegishli ruxsatnomalarsiz olib kirish va undan foydalanish taqiqlangan. Shunga qaramasdan, ayrim hollarda fuqarolar tomonidan mazkur qurilmani chegara bojxona postlari orqali noqonuniy ravishda olib kirishga urinishlar kuzatilmoqda.
Jumladan, “Jartepa” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan ana shunday huquqbuzarlik holati fosh etildi. Qo‘shni davlatdan O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan fuqaro boshqaruvidagi “Mercyedes Benz” rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Tekshiruv jarayonida transport vositasining bagaj qismida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, shuningdek, tegishli ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan, qiymati taxminan 6 million so‘mlik 1 dona Starlink qurilmasi borligi aniqlandi. Holat yuzasidan protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi.
Samarqand viloyati elektromagnit moslashuv xizmati tomonidan berilgan xulosaga ko‘ra, mazkur orbital sun’iy yo‘ldosh aloqa qurilmasini respublika hududiga maxsus ruxsatnomalarsiz olib kirish va ishlatish mumkin emasligi yana bir bor tasdiqlandi.
Ayni paytda ushbu holat bo‘yicha fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.