Amir Temur merosi ilm-fan, adolat va kuchli davlat timsoli
Samarqand shahrida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan «Amir Temur merosi — uchinchi Renessans sari ishonchli qadam» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, xalqaro Amir Temur jamoat fondi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari hamda Markaziy harbiy okrug ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tarixchi olimlar, professor-o‘qituvchilar, harbiylar, shoir va yozuvchilar ishtirok etib, Sohibqiron Amir Temurning faoliyati, boy ma’naviy merosi, davlatchilik an’analari va ularning taraqqiyotimizdagi ahamiyati xususida fikr almashdilar.
Anjuman davomida ma’ruzachilar tomonidan Amir Temur davridagi ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivoji, harbiy jang san’ati va usullari, shuningdek, “Temur tuzuklari” asarining ahamiyati, uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashda Sohibqironning tarixiy merosini chuqur o‘rganish va uni yosh avlod ongiga singdirish muhimligi ta’kidlandi.
– «Temur tuzuklari» faqat tarixiy manba emas, balki davlatchilik va jamiyat boshqaruvining mustahkam asoslarini belgilab bergan bebaho asar, – deydi Xalqaro Amir Temur fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Unda Amir Temur adolatni eng oliy mezon sifatida ilgari suradi va rahbar inson avvalo xalq manfaatini ustuvor qo‘yishi kerakligini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, asarda intizom, mas’uliyat va qat’iyat kabi fazilatlar davlat barqarorligining asosi sifatida ko‘rsatiladi. Bugungi kunda ham “Temur tuzuklari” o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Aksincha, yangi O‘zbekistonni barpo etish, uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash jarayonida bu asardagi g‘oyalar biz uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Xususan, adolatli boshqaruv, xalq bilan muloqot, qonun ustuvorligi va vatanparvarlik kabi tamoyillar hozirgi taraqqiyotimiz bilan uyg‘un holda namoyon bo‘lmoqda. Shu ma’noda “Temur tuzuklari” nafaqat o‘tmish merosi, balki bugun va kelajak uchun yo‘l ko‘rsatuvchi muhim manbadir.
Tadbirda xalqaro Amir Temur jamoat fondi Qozog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari Ikrom Xoshimjonov Sohibqiron qayerga qadami yetsa, bunyodkorlik ishlarida bosh bo‘lgani, jumladan masjid va maqbaralar bunyod etishda tashabbus ko‘rsatgani haqida gapirdi.
– Amir Temur nafaqat buyuk sarkarda, balki ilm-fan homiysi, madaniyat va san’at jonkuyari sifatida ham tarixda qolgan, – deydi I.Xoshimjonov. – Jumladan, Sohibqiron Qozog‘istonning Sayram viloyatida bo‘lgan yillarida Ahmad Yassaviyning ota-onasiga atab maqbara qurdirgan, keyinchalik Turkiston shahrida Ahmad Yassaviy qadamjosi hamda O‘tror shahrida Arslonbob maqbara-majmuasi ham Sohibqiron farmoni bilan bunyod etilgan. Hozirgi kunda ushbu maskanlar sayyohlar eng ko‘p keladigan diqqatga sazovor qadamjolarga aylangan. Shuningdek, Qozog‘istonning turli hududlarida Amir Temur nomidagi temiryo‘l stansiyasi, qishloq, ko‘cha, sport muassasalari va umumta’lim maktablari faoliyat yuritmoqda.
Bu yil Sohibqiron tavalludining 690 yilligi arafasida uning hayoti va faoliyatiga bog‘liq yangi ma’lumotlarni yig‘ish va to‘plam qilish maqsadida ko‘rik-tanlov e’lon qildik. Unda ilmiy ishlar, maqolalar, tadqiqotlar va ijodiy izlanishlar keng qamrovda taqdim etilmoqda. Ayniqsa, yosh tadqiqotchilar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar Amir Temur merosini yanada chuqur o‘rganishga xizmat qiladi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, eng sara ishlar saralab olinadi va ularni alohida to‘plam sifatida nashr etish, ilmiy jamoatchilikka taqdim qilish rejalashtirilmoqda. Bu kabi tashabbuslar Sohibqiron merosini keng targ‘ib qilish, uning boy tarixi va ma’naviy qadriyatlarini kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Anjuman yakunida Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizoni va xalqaro Amir Temur jamoat fondi viloyat bo‘limiga ilmiy qo‘llanma va badiiy kitoblar jamlanmasi topshirildi.
Temuriylar qiyofasi aks etgan sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, Sohibqironning hayot faoliyati va uning ma’naviy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etib kelayotgan olimlar, tadqiqotchi va faollar taqdirlandi.