Amir Temur Turon davlatini qanday boshqargan?

Bu davrda Amir Temur davlati uchun eng kuchli xavf Oq O‘rda va Oltin O‘rda edi. Shuning uchun Amir Temur Oltin O‘rdaga zarba berib, uni kuchsizlantirishga jiddiy harakat qiladi.

Turon mamlakati xavfsizligi yo‘lida

O‘sha paytda u Jo‘ji ulusini o‘z davlatiga qo‘shib olish niyatida emas edi. U Oltin O‘rdaning Movarounnahrga tutashgan sharqiy qismini o‘z ta’siri ostiga olish hamda uning poytaxti Saroy Berka orqali o‘tadigan karvon yo‘lini Movarounnahr tomon yuborishni ko‘zlaydi. O‘z maqsadini amalga oshirish uchun u Jo‘ji ulusidagi ichki kurashdan uddaburonlik bilan foydalanadi. O‘sha paytlar o‘zaro kurashlarda zarbaga uchragan chingiziylardan To‘xtamish jon saqlash maqsadida Samarqandga kelib panoh topadi. Amir Temur yordamida u Oltin O‘rda taxtini egallashga muyassar bo‘ladi. Biroq keyinchalik To‘xtamish xoinlik yo‘liga kiradi va Amir Temurga qarshi ochiqdan-ochiq kurashga o‘tadi. Natijada Amir Temur To‘xtamishga qarshi uch marta qo‘shin tortishga majbur bo‘ladi.

Xullas, Amir Temur Oltin O‘rda tomonidan qilingan xavfni bartaraf qilish uchun To‘xtamishxonga qarshi 1389, 1391 va 1394-1395 yillarda uch marta harbiy yurish qiladi.

1387 yili To‘xtamish Temurbekning Erondaligidan foydalanib, Amir Temur saltanatining markaziy qismlariga hujum qilishga qaror qiladi. Dastlab zarba Oq O‘rdaning markazi Sig‘noq tomonidan berildi. Sabronni egallay olmagan qo‘shin O‘trorga yo‘l oladi va u yerda uncha katta bo‘lmagan Temurbekka tegishli askariy guruhni mag‘lub etib, Buxoro va Samarqand viloyatlari hududiga bostirib kiradi. To‘xtamishxon ikkinchi yo‘nalishdagi zarbani Xorazm orqali amalga oshiradi. Biroq Buxoro va Samarqand shaharlari qurshovda qolishiga qaramay, To‘xtamishxon bu shaharlarni olishning uddasidan chiqolmaydi. Asosiy qurolli kuchlar bilan Shirozda turgan Temurbek qamalda qolganlarga 30 ming kishilik madad jo‘natadi. 1388 yilning fevralida Amir Temur butun qo‘shinini boshlab, dushmanga qarshi yo‘lga chiqadi. To‘xtamish esa Temurbek bilan yuzma-yuz to‘qnashishdan voz kechib, zudlik bilan Dashti Qipchoqqa qaytib ketadi.

To‘xtamishxonning Oltin O‘rdadan bir necha ming chaqirim masofada joylashgan Buxoro va Samarqand viloyatlariga qilgan hujumi, uning muayyan bir hudud uchun emas, balki umuman Temurbekka qarshi olib borayotgan siyosatining natijasi ekanligini Temur to‘g‘ri anglab yetgan edi. Amir Temur 1389 yilda Dizak (hozirgi Jizzax)ning Achchiq mavzeida To‘xtamishxon qo‘shiniga qarshi birinchi jiddiy zarbani beradi. Ba’zi adabiyotlarda keltirilishicha, To‘xtamishxon boshchiligida qozoq cho‘llari va Sirdaryo bo‘ylab harakat qilgan ulkan qo‘shinning ilg‘or qismi 1389 yil boshida Aris daryosining etagida joylashgan Zarnuq shahri yaqinida Temurbek tomonidan iskanjaga olinib, tor-mor etiladi. Bu vaqtda To‘xtamishxon qo‘shinning asosiy qismi bilan Sirdaryoning o‘ng sohilidagi Sayron shahrini egallashga behuda urinmoqda edi. So‘ngra har ikki lashkarboshi o‘rtasida 1391 yilning 18 iyunida hozirgi Samara bilan Chistopol shaharlari oralig‘ida joylashgan Qunduzcha (Kondurcha) daryosi vodiysida ikkinchi yirik jang - Qunduzcha jangi va nihoyat, 1395 yil 28 fevralda Shimoliy Kavkazda uchinchi yirik jang Terek daryosi bo‘yida bo‘lib o‘tdi. Bu ikkala jangda ham To‘xtamishxon qo‘shini qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi.

So‘nggi shiddatli jang 1398 yilning 15 aprelida Shimoliy Kavkazda, Tarak (Terak) daryosi bo‘yida sodir bo‘ladi. Uch kun davom etgan shiddatli jang oqibatida To‘xtamish o‘zini o‘nglab ololmaydigan darajada kuchli zarbaga uchraydi. To‘xtamish ustidan qozonilgan g‘alabaning e’tiborli tomoni shundaki, Amir Temur Idil (Volga)ning Turotur kechuvi bo‘yida chingiziylardan O‘rusxonning o‘g‘li Qo‘yrichoqda qo‘lga kiritgan sobiq Jo‘ji ulusini suyurg‘ol (mulk) sifatida in’om etdi. Rossiya tarixchilari B.D.Grekov va A.Yu.Yakubovskiylarning ta’kidlashicha, Amir Temurning To‘xtamish ustidan qozongan g‘alabasi nafaqat O‘rta Osiyo uchun, balki butun Sharqiy Yevropa, shuningdek, Rus knyazliklarining birlashishlari uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan edi.

Amir Temur o‘z saltanatining janubiy chegaralari muhofazasini kuchaytirish maqsadida Eron, Ozarbayjon, Iroq, Shom (Suriya) ustiga uch marta qo‘shin tortadi. Bu yurishlar tarixda uch yillik, besh yillik va yetti yillik urushlar deb nom olgan. Uch yillik (1386–1388) harbiy yurish natijasida Eron (Fors), Janubiy Ozarbayjon, Iroqning shimoliy qismi, Gurjiston va Armaniston (Van ko‘li atrofi)dagi yerlar egallangan.

Sohibqiron o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lib, moli omon to‘lagan shaharlarga qo‘shin kiritmagan va talafot yetkazmagan. Erondagi muzaffariylar, jaloyiriylar sulolasi vakillarining ayirmachilik harakatlari, Mozandaron va Janubiy Eronda ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar Amir Temurning Eronga yana yurish qilishiga olib kelgan. Bu besh yillik (1392–1396) urush davomida G‘arbiy Eron, Iroqi Ajam va Kavkaz egallangan.

Amir Temurning Hindiston ustiga qilgan urushi (1398 yil, may - 1399 yil, mart) qariyb 11 oy davom etdi. Sohibqiron Hindistondan katta o‘lja, shu jumladan, 120 jangovar fil bilan qaytdi. O‘ljalarning bir qismi qo‘shinga tarqatib berildi. Qolgani Samarqand va Kesh shaharlarida olib borilayotgan qurilishlarga sarflandi.

Amir Temurning yetti yillik (1399-1404) harbiy yurishlari natijasida Shomning Halab (Aleppo), Xums, Baalbek (Ba’albek), Dimishq (Damashq) kabi yirik shaharlari va Iroqi Arabning Ubuliston o‘lkasi (qadimgi Kappadokiya) bilan Bag‘dod, shuningdek, hozirgi Turkiyaning katta qismi zabt etildi.

Keng ko‘lamli harbiy yurishlar natijasida Amir Temur saltanatining chegarasi Usmonli turk sultonligi sarhadlariga borib taqaldi. Sohibqiron Usmonli turk sultoni Boyazid Yildirim bilan munosabatni yaxshilash tarafdori bo‘lgan. Ziddiyatlarni diplomatik yo‘l bilan hal qilish maqsadida ikki tomon o‘rtasida bir necha bor maktublar almashish tashabbuskori ham Amir Temur edi. Sulton Boyazid esa har safar qaysarlik va manmanlik qilgani, hatto Amir Temur shaxsiga nomaqbul so‘zlarni ham yozganligi tarixiy manbalarda qayd etilgan. Buning ustiga, Boyazid qoraqo‘yunlilar, muzaffariylar va jaloyiriylarning Amir Temurga qarshi harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan. Shu omillar tufayli bu ikki turkiy davlat o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lishi muqarrar edi.

Amir Temur bilan Sulton Boyazid qo‘shinlari o‘rtasidagi hal qiluvchi jang 1402 yil 20 iyulda Anqara yaqinida, Chibuq mavzeida sodir bo‘ladi. Bu jang tarixda Anqara jangi nomi bilan ta’riflanadi. Har ikki tomondan hammasi bo‘lib 360 ming nafar, shu jumladan, Sohibqironning 200 ming, Usmonlilar hukmdorining 160 ming nafar askari qatnashadi. Uch kun davom etgan shiddatli jangda Amir Temur kuchlari turk qo‘shinini tor-mor etadi. Sulton Boyazid, o‘g‘illari Muso va Iso Chalabiylar asirga olinadi. G‘olib Amir Boyazid askarlarini ta’qib etib, Onado‘lu (Anatoliya) yarim oroli va O‘rta dengizning sharqiy sohilida joylashgan Izmir shahrini egallaydi va salibchilarning Yaqin Sharqdagi oxirgi qarorgohiga barham beradi. Sohibqironga Misr ham o‘z tobeligini bildiradi. Vizantiya va boshqa xristian olamidan Boyazidga to‘lanadigan boj-u xirojlar endilikda Amir Temurga beriladigan bo‘ldi.

Asirga olingan Boyazid Yildirimga Amir Temur shohona hurmat va ehtirom ko‘rsatdi. Boyazid vafoti (1403 yil 9 mart)dan so‘ng vorislariga beqiyos muruvvatlar qildi. O‘g‘illari Sulaymon, Muso va Isolarga otasining mulklarini suyurg‘ol qilib hadya etdi.

Bu ikki buyuk davlat o‘rtasida sodir bo‘lgan jiddiy siyosiy voqealarni sabrsizlik bilan muttasil kuzatib borayotgan Yevropaning yirik davlatlari hukmronlari – Fransiya qiroli Karl VI ( hukmronlik davri: 1390–1422), Angliya qiroli Genrix IV (hukmronlik davri: 1399–1413) hamda Kastiliya va Leon qiroli Genrix III (hukmronlik davri: 1390–1407) Yildirim ustidan qozonilgan buyuk g‘alaba bilan Amir Temurni tabriklab, unga muboraknomalar yo‘llaydilar. Chunki Sohibqiron endigina uyg‘onayotgan Yevropaga keskin xavf solib turgan Usmonli turklar davlatiga zarba berib, Yevropa davlatlarining xaloskoriga aylangan edi.

Qahramon Rajabov,

O‘zFA Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor.

(Davomi bor)