Nega Shahrisabz «Qubbat ul-ilm val-adab» deb atalgan?
XIV-XV asrlar, xususan, Temuriylar davrida Kesh shahri ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy markaz sifatida rivojlandi. Shahar qadimdan savdo-sotiq, hunarmandchilik, ilm-fan bilan mashhur bo‘lib, Movarounnahrning muhim shaharlaridan biri edi.
Bu davrda Kesh “Shahrisabz” nomi bilan mashhur bo‘lib, davlatning ma’muriy markazi va ilmiy madaniyat markaziga aylantirilgan. Shahrisabzda ilm-fan, savdo-sotiq, elchilik aloqalari va me’morchilik keng rivojlangan, ulamolar va olimlar faoliyati uchun qulay sharoit yaratilgan.
Miloddan avvalgi asrlardan to XV asrgacha Kesh «Kash» deb atalib, Amir Temur davrida “Shahrisabz” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Bunda shaharni idora qilgan Qorachar No‘yon obodonchilik ishlariga ahamiyat berganligi, bog‘-rog‘larni ko‘paytirganligi ham muhim ahamiyatga ega. Tevarak atrof tog‘lik va daraxtzorlar, uzumzorlar bilan qoplangan, bahorda yam-yashil tusga kiradigan Keshning “sabza - yashil shahar” deb atalishida ijod ahlining ham hissasi katta.
Poyon Ravshanov Temurning Shahrisabz boshqaruvini qo‘lga kiritishi haqida so‘z yuritar ekan, shunday deydi: «Tug‘luq Temur Movarounnnahr tomoniga yangi yurish boshladi va bundan vahimaga tushgan Amir Hoji Barlos Keshni tashlab Xurosonga qochib ketadi. Amir Temur kerayit qabilasidan bo‘lgan Amir Hamid bilan Tug‘luq Temur huzuriga boradi. Bunga Amir Hamidni Tug‘luq Temur bilan birodarligi qo‘l kelib, Temurga Keshni boshqarish huquqi beriladi».
«Ko‘plab ilm ahli buyuk muhaddislardan saboq olish va ularning fazilat nurlaridan bahramand bo‘lish uchun shu muborak shaharga tashrif buyurib turishgan. Ulardan biri Abul Husayn Muslim ibn Xajjoj al-Kushariy an-Nishopuriy zamonasining yirik bilimdon olimi Abdaa ibn Hamid al-Keshiydan saboq olgan. Ularning sharofati bilan ulug‘vor Kesh «Qubat ul ilm val-adab», ya’ni «Ilmu adab Qubbasi» degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan edi. Muhammad Tararayning xonadoni ana shu ulug‘ shaharning eng nufuzli oilalaridan biri hisoblanardi».
Amir Temur hokimiyatga kelishi bilan Shahrisabzni davlatining poytaxtiga aylantirish niyatida bu zaminda katta obodonchilik ishlarini boshlab yuboradi. Zahiriddin Muhammad Boburning shahodaticha, «Amir Temur tug‘ilgan joyi Keshni shahar va poytaxt qilmoq istagida sa’y-harakat qildi, oliy imoratlar Keshda bino bo‘ldi. O‘ziga devon o‘lturur uchun bir ulug‘ peshtoq va yana o‘ng yonida va so‘l yonida tavochi beklari bilan devon beklari o‘lturib devon surar uchun, ikki kichikroq peshtoq qilibtur. Yana savrun edi ulturur uchun bu devonxonaning zalida kichik-kichik tokchalar qilibtur. Muncha oliy toq olamda kam nishon berurlar. Derlarkim, Kisro tog‘idan bu buyukroqdir».
Bu so‘zlardan Amir Temur Shahrisabzda davlatning ma’muriy markazi binosini hozirlagani ma’lum bo‘ladi. Bu Oqsaroy edi.
Amir Temur har qanday joyda to‘xtaganida u qo‘ngan joylar albatta obodonlashtirilgan, bu uning o‘sib ulg‘aygan Shahrisabzdagi urf-odatlar, ko‘p asrlik madaniyat unga ta’sir etganini bilish qiyin emas.
Klavixo Shahrisabzda bo‘lgan payti esdaliklarini shunday qayd etadi: “Bu joy hamma narsaga farovon - g‘alla bo‘lsin, sharob-u go‘sht, meva-yu qushlar, qo‘ylari juda ham yirik va dumbali, hatto ba’zilarining quyrug‘i vazni yigirma funt, ya’ni bir odam zo‘rg‘a ko‘tara oladigan darajada og‘ir keladi. Bunday qo‘ylar odatda ko‘p va juda arzon, yarim realga bir yarim botmon g‘alla berar edi. Non juda arzon, guruch aqlga sig‘mas darajada mo‘l» deb takidlaydi. Elchilar 1404 yil 28 avgustda payshanba kuni peshinda atroflari kanallar va irmoqlar bilan o‘ralgan tekislikda joylashgan Kesh degan katta shaharga yetib keldilar. Shaharni bog‘-rog‘lar, qishloqlar o‘rab turar, atrof keng adirlikdan iborat, ko‘p aholili qishloqlar, sersuv kanallar, katta ariqlar ko‘rinib turardiki, bu joylar yozda juda chiroyli. Temurbek asli shu Kesh shahrilik bo‘lib, uning otasi shu yerda tug‘ilgan. Bu yerda katta imorat va masjidlar juda ko‘pki, bulardan bittasi, Buyuk Temur farmoni bilan qurilishi boshlangan, lekin nihoyasiga yetmagan imorat, imorat ichida maqbara, maqbaraga otasining qabri qo‘yilgan. Ikkinchi maqbarani Temurbek o‘zi uchun qurdirayotgan edi (Temur sag‘anasi)».
Biroq uning qurilishi nihoyasiga yetmagan. Aytishlaricha, bir oy oldin Temurbek bu yerda bo‘lganida maqbaradan ko‘ngli to‘lmagan. Chunki maqbaraning kirish qismi past. Uni boshqatdan qurishga buyruq bergan va shu vaqtlarda ustalar bu yerda ishlayotgan ekan. Bundan tashqari, maqbarada Temurbekning to‘ng‘ich o‘g‘li Jahongirning qabri mavjud. Masjid va maqbara juda ko‘rkam, oltin, duru gavharlar bilan ishlov berilgan. Samarqand va Shahrisabz o‘rtasidagi Taxta-qarcha bog‘ qasri ham ana shu davrda barpo etilgan. Manbalarda yozilishicha, bu bog‘ shu qadar ulkan ekanki, uning uzunligi bir necha o‘n kilometrlarga cho‘zilgan.
Aynan Temurning o‘zga yurtlarni zabt etganligi tufayli Movarounnnahrga yangi turdagi daraxt va o‘simlik turlari tarqaladi. Xususan, Shahrisabzda ilk bor zig‘ir ekish udumga aylanadi.
Temur davrida elchilik munosabatlari rivojlanib, asli keshlik bo‘lgan Muhammad al-Keshiy Kastiliya qiroli Genrix III huzuriga boradi. Abdulla Keshiy esa Misrga Faraj huzuriga jo‘natiladi. Amir Temur Sharqning turli mamlakatlaridan zabardast olimlarni, hadisshunos va muarrixlarni o‘z yurtiga taklif qilar, ularga katta imkoniyat va moddiy sharoit hozirlatgan.
X.Vamberi ta’kidlaganidek, Kesh madrasalarida mudarrislarning maoshi ancha oshirilgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning ta’kidicha, “Ilm va odob Qubbasi” sifatida shuhrat tutgan Shahrisabzga boshqa yurtlardan tolibi-ilmlarning kelishi Amir Temur saltanati yillarida voqe bo‘lgan». Amir Temur davrida unga yaqin bo‘lgan ulamolar Xoja Afzaliddin Keshiy, Xoja Jaloliddin Keshiy, Abdul Hamid Keshiy va Abdurahmon Keshiylar yashab ijod qilgan. Shahrisabzda Abdaa ibn Nasr al-Keshiyning qabri ustiga qurilgan ikkita maqbara, bir necha hujra va xonaqoh barpo etilgan. Uning ichida Sohibqiron o‘zi uchun ham bir daxma qurdirgan. Lekin unga 1376 yili to‘satdan vafot etgan to‘ng‘ich o‘g‘li Jahongir Mirzo dafn etildi.
Shahrisabzda Amir Temur qurdirgan (1380-1404 yillar) eng katta va mashhur bino bu Oqsaroydir. Klavixo va Zahiriddin Muhammad Boburning guvohlik berishicha, Oqsaroy nafaqat oliy hukmdor va uning oilasi istiqomat qiladigan, balki davlat muassasalari ham faoliyat ko‘rsatadigan joy bo‘lgan.
Amir Temur hokimiyat tepasiga kelganining dastlabki yillaridayoq shaharning buzilib yotgan devori va mudofaa inshootlarini qayta tiklatdi. Bulardan biri Dor ut-Tilovat deb ataladi. Dastlab 1370 yil bu yerga Temur otasining piri Shamsuddin Kulolni dafn etdirgandi. Amir Temur 1374 yil qabr ustiga gumbazli maqbara qurdirdi va unga otasining hokini ham olib kelib qo‘ydirdi. Dor ut-tilovat Mirzo Ulug‘bek zamonida (1437-1438 yil) yana ta’mirlandi. Shunday binolardan biri Dor us-Siodat (Sayyidlar uyi)dir. Mazkur maqbara 865 yili vafot etgan muhaddis Abu Muhammad sharafiga qurilgan.
Mirzo Ulug‘bek davrida Shahrisabzda Amir Temur vafotidan keyin yuz bergan nizolar oqibatida izdan chiqqan hayot qayta jonlandi. Ulug‘bek o‘zining ichki siyosatida Temur davrida mavjud bo‘lgan tartibotlarga rioya qildi. Qishloq xo‘jaligidan olinadigan asosiy soliq – xirojning miqdori kamaytirildi. Ko‘kgumbaz masjidi qurildi, Shamsiddin Kulol maqbarasi ta’mirlanib, gumbaz tiklandi.
Darg‘om kanali orqali Zarafshon daryosi suvining bir qismi Qashqadaryoga tashlanib, uning adog‘ida joylashgan dehqonchilik yerlari suv bilan ta’minlandi. Me’morchilik va hunarmandchilikda sopollarga ishlov berish, umumiy estetik qoidalar saqlanib, badiiy uslub birmuncha erkinlashdi. Jumladan, sopolni bezatishda yangi an’analarning texnologik asoslari - "Temuriylar uslubi" paydo bo‘ldi. Bu uslub XVI-XVII asrlarga kelib bir oz o‘zgargan tarzda davom etdi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Temur va Temuriylar davrida shahar o‘zining strategik joylashuvi, rivojlangan savdo-sotiq tarmoqlari, sug‘oriladigan dehqonchilik yerlari va bog‘-rog‘lari bilan ajralib turgan. Bu shahar “yashil shahar” sifatida nom qozonishi nafaqat tabiiy sharoit, balki davrning mashhur adabiyot va ijod maskanlari bilan bog‘liq bo‘lgan.
Buyuk olimlar, shoirlar, hadisshunoslar va tarixchilar shaharda yashab ijod qilgan, dars bergan va o‘z izlarini qoldirgan. “Qubbat ul ilm val-adab” nomi bilan mashhur bo‘lgan shahar o‘sha davrda ilmiy va adabiy merosni rivojlantirishda yetakchi rol o‘ynagan. Bu jihat shaharni nafaqat mahalliy, balki mintaqaviy miqyosda nufuzli ilmiy markazga aylantirgan. Shahar me’morchiligi, hunarmandchilik va madaniy hayot rivojlanib, Oqsaroy, Dor-ut-tilovat, maqbaralar va boshqa davlat inshootlari shaharni nafaqat siyosiy markaz, balki madaniy meros markazi sifatida namoyon qilgan.
Javohir BEKNAZAROV,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti o‘qituvchisi.