Amir Temurning Ko‘ksaroyida o‘tkazilgan qazishma ishlari natijasida nimalar aniqlandi?

Amir Temur saroyining joylashish o‘rnini kompleks tadqiq qilish, Ark hududida bunyod etilgan Ko‘ksaroy o‘rnini aniqlash maqsadida Samarqand arxeologiya instituti olimlari tomonidan tadqiqot ishlari olib borildi.

Bir yil davom etgan qazishma ishlari avvalida hudud GPR yordamida tadqiq etilib, 25 dan ziyod joyda shurflar tashlandi. Biroq  hudud o‘tgan vaqt davomida kuchli o‘zgarishlarga uchraganligi, turli xil kommunikatsiya tizimlari ishga tushirilganligi uchun tadqiqoq yetarli samara bermadi. Arkning sharq qismida olib borilgan qazishmalar ushbu hudud kuchli buzilganligi, 2-3 metrga qadar qurilish chiqindilaridan iborat ekanligi va keyingi 40-50 yil davomida surilganligi qayd etildi.

Xususan, qazishma jarayonida hududdagi “Zilol baxt” restorani bog‘i hududida yer sathidan 2-2, 30 metr pastda 1880 yillarda bunyod etilgan kazarma pollari kuzatildi. Markaziy qismida olib borilgan qazishmalarda esa pishiq g‘ishtdan qilingan poydevor devorlari, 2,5  metr chuqurlikda pishiq g‘ishtlar bilan qoplangan pol sathlari kuzatildi. Lekin ushbu hududlar tashqi ta’sirga uchraganligi sababli fragmentar holda saqlangan.

Dastlabki ma’lumotlar tahlili ushbu aniqlangan arxitektura qoldiqlari XIX asr ikkinchi yarmi bilan davrlashtirildi. Ya’ni, keyingi 150 yil davomida Arkning ayrim joylarida yer sathi 2-2,5 metrlarga qadar ko‘tarilganligini ko‘rish mumkin. Yozma manbalar hamda kartografik ma’lumotlar tahlili, olib borilgan arxeologik qazuv ishlari va tadqiqotlar natijasi  asosida quyidagi xulosalarni bildirish mumkin. 

Birinchidan, 1371 yilda bunyod etilgan Amir Temur arki — Arki oliya saltanat poytaxti sifatida Samarqandning bosh ma’muriy markazi sifatida shakllanib, davlat boshqaruvi, harbiy ishlab chiqarish, xazina saqlash va rasmiy marosimlarni amalga oshirishda muhim vazifalarni bajargan.

Ikkinchidan, Ark XVI asr oxiri XVII asr boshlaridan vayronaga aylanib, Arkdagi Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroy o‘z ahamiyatini yo‘qotganligi tufayli vayronaga aylanishni boshlagan.

Uchinchidan, XVIII asrda Ark vayrona holatda bo‘lib, bu Mir Muhammad Amin-i Buxoriy va Humuliy ma’lumotlari bilan tasdiqlanadi. Jumladan, Ko‘ksaroyni ham bu davrda faqat poydevori qolgan.

To‘rtinchidan, XIX asrdan boshlab qayd etila boshlangan Ko‘ksaroy katta ehtimol bilan XIX  asr birinchi yarmida Amir Shohmurod yoki uning o‘g‘li Amir Haydar davrida qurilgan. Bundan tashqari, A.Vamberi, A.Xoroshxin kabi olimlar ham Ko‘ksaroy bundan uzog‘i bilan 100 yil oldin qurilgan, degan ma’lumotni bergan.

Beshinchidan, 1982 yil hamda 2025 yilda 2-2, 30 metr chuqurlikda aniqlangan pishiq g‘isht bilan qoplangan sath XIX asrga mansub Ko‘ksaroy majmuasi bilan bilan bog‘liq bo‘lib, u XVII-XVIII asr madaniy qatlamlari ustiga joylashgan.

Oltinchidan, XIX asrdan bunyod etilgan Ko‘ksaroy majmuasi Amir Temur davrida qurilgan saroy qoldiqlari ustiga qurilgan bo‘lib, bu holat uni yer sathidan 4 metr chuqurlikda izlash lozimligini ko‘rsatadi.

Yettinchidan, Ko‘ksaroy faqat bir bino emas, balki yirik majmua bo‘lib, u hozirgi kunda katta ehtimol bilan “Zilol Baxt” restorani, uning atrof hududi va restoran oldidagi maydonni qamrab oladi.

Tadqiqotlarni davom ettirish kerak

Amir Temur arki nafaqat Samarqand, balki butun Markaziy Osiyo shaharsozligi va davlatchilik tarixida muhim o‘rin tutadi. U Temuriylar davrida shakllangan markazlashgan davlat modeli, hokimiyat ramzlari va shahar muhiti o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni anglashda muhim ilmiy manba hisoblanadi. Ark hududini kompleks arxeologik o‘rganish va ilmiy asoslangan konservatsiya qilish ishlari kelgusida qo‘shimcha arxeologik va manbashunoslik tadqiqotlar o‘tkazish zarurligini ko‘rsatadi.

Jumladan, Ko‘ksaroy majmuasi o‘rni taxminan 150 metr radiusda joylashganligini hisobga olgan holda bir necha yilga mo‘ljallangan qazishma ishlarini olib borish, qazishma asosida aniqlangan bino poydevorlari asosida majmua va saroyning tuzilishiga aniqlik kiritish hamda uni vizual qayta tiklash, Ko‘ksaroy bilan bog‘liq mahalliy manbalar bilan birga turk, xitoy hamda kartografik ma’lumotlar bilan ishlashni davom ettirish kerak.

Mo‘minxon Saidov,

Samarqand arxeologiya instituti direktori.