Fransuz marshali Lui Langles talqinidagi Amir Temur

Amir Temur haqidagi Yevropa adabiyotida muhim o‘rin tutgan asarlardan biri fransuz sharqshunosi Lui Matyo Langles nomi bilan bog‘liq.

Qatar Milliy kutubxonasi raqamli fondida saqlanayotgan 1787 yilgi fransuz nashri tavsifida asar asli turk tilidagi matndan Abutolib al-Husayniy tomonidan forschaga o‘girilgani, ana shu nusxadan foydalangan Lui Langles fransuz tilida o‘z asarini nashr etgani ko‘rsatiladi.

Yevropaga yetib borgan matn Amir Temur haqidagi bevosita fransuzcha asar emas, balki avval turk tilida yozilgan, keyin Abutolib al-Husayniy tomonidan forschaga o‘girilgan nusxa orqali kirib borgan matndir. Lui Matyo Langles asarni 1787 yilda Parijda “Temurning siyosiy va harbiy tuzuklari, aslida Temur deb ataladi. Tuzukat” mazmunidagi uzun sarlavha bilan nashr ettirgan. Qatar Milliy kutubxonasi tavsifida bu kitobning aynan Lui Langles tomonidan tayyorlangani, “Temur hayoti” qismi esa Abutolib al-Husayniy matni asosida berilgani alohida ko‘rsatilgan.

Lui Langles Amir Temur shaxsini bir yoqlama ulug‘lash yoki bir yoqlama qoralashdan ko‘ra, uni tarixiy ziddiyatlar ichida ko‘rsatishga urinadi. Asarda Amir Temur bir paytning o‘zida tartib o‘rnatuvchi davlat arbobi, favqulodda irodali sarkarda, diniy shiorlardan foydalangan siyosatchi va istilochi jahongir sifatida tasvirlanadi. Shu jihatdan asar XIV–XV asr boshlaridagi Movarounnahr, Eron, Oltin O‘rda, Hindiston, Kavkaz, Suriya va Kichik Osiyoning notinch tarixi haqida ham muhim tasavvurlarni beradi. Lui Langles Amir Temurning tug‘ilishidan boshlab yozadi. Uning qayd etishicha, Amir Temur Keshda tug‘ilgan, otasi Amir Tarag‘ay Chig‘atoy ulusidagi yirik amirlardan biri bo‘lgan. Bolaligidan podshohlik va fath haqida gapirgan, tengdoshlarini o‘ziga ergashtirgan, hatto buvisi uning buyuk jahongir bo‘lishini bashorat qilgan. Muallifning bu ma’lumotlari bir qarashda tarixiy hujjatdan ko‘ra afsona yaratishga yaqinroqdek ko‘rinadi, ammo ular Amir Temur obrazining Sharqda qanday shakllanganini tushunishda juda muhimdir.

Muallif Amir Temurning tarix sahnasiga chiqishini Movarounnahrdagi tanazzul bilan bog‘laydi. Chig‘atoy hukmdori Qozonxon o‘ldiriladi, undan keyingi hukmdorlar ham birin-ketin halok bo‘ladi, Chig‘atoy ulusining g‘arbiy qismi mayda bekliklarga bo‘linib ketadi. Shunday paytda Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temur Movarounnahrga yurish qiladi. L.Langles shu yerda Amir Temurning ilk siyosiy mahoratini alohida ko‘rsatadi. Amir Temur Tug‘luq Temurning ishonchini qozonadi, keyin uning huzuriga borib, marhamatiga sazovor bo‘ladi va hatto Movarounnahr boshqaruvi hamda 10 minglik qo‘shin qo‘mondonligini oladi. Bu yerda muallif Amir Temurni vaziyatni to‘g‘ri baholay olgan siyosatchi sifatida tasvirlaydi.

Asardagi keyingi to Amir Temur hukmdor etib e’lon qilingunga qadar bo‘lgan voqealar boshqa tarixiy manbalardagi ma’lumotlardan farq qilmaydi. Amir Temurning avval Tug‘luq Temur xizmatiga kirishi, keyin esa uning o‘g‘li Ilyosxo‘ja bilan munosabatlarning buzilishi, Amir Husayn bilan tuzilgan ittifoq haqida batafsil to‘xtalib o‘tgan. Asarda bu o‘rinda Amir Temurning ikki sifati tavsiflanadi.  U sodiqlikni ham, manfaatni ham birday ishlata olgan. Aynan shu fazilati uni oddiy amirdan hukmdor darajasiga olib chiqadi.

Amir Temurning Amir Husayn bilan ittifoqi uzoq davom etmaydi. Langles Amir Husaynni hasadgo‘y, har narsadan shubhalanuvchi va noshukr shaxs sifatida tasvirlaydi. Amir Temur esa ko‘p janglarda botirlik ko‘rsatadi, qo‘shin muhabbatini qozonadi. Oxir-oqibat Amir Husayn yengiladi. Muallif bu voqeani Amir Temur uchun hokimiyat sari yo‘l ochgan burilish nuqtasi deb ko‘rsatadi. 1370 yilga kelib Amir Temur Chig‘atoy ulusining amaldagi yagona hukmdoriga aylanadi. Taxtga o‘tiradi, biroq “xon”likni chingiziy shahzodaga qoldiradi. Bu yerda muallif Amir Temurning hushyorligini yuqori baholaydi. U amalda hokimiyatni egallaydi, ammo siyosiy legitimlikni buzmaydi. O‘sha davr an’anasiga muvofiq taxtga faqat chingiziylar haqli edi. Taxtga chiqqach, Amir Temur avval ichki tartibni tiklashga kirishadi. Samarqandda umumiy kengash chaqiradi, raqiblarni sinaydi, itoatsizlarni jazolaydi. Asarning bu qismi Amir Temurning Movarounnahr uchun aynan nimani anglatganini tushunishda yordam beradi. Shu vaqtgacha xalqning tinkasini quritgan boshboshdoqlik o‘rniga markazlashuv yuz beradi. Muallifning o‘zi ham buni ijobiy baholaydi.

Amir Temur hukmronligining ilk yillari Jete ulusi va Xorazmga qarshi yurishlar bilan o‘tadi. Xorazm hukmdori bilan qarindoshlik aloqasi o‘rnatilib, tinchlikka erishiladi. Ammo zafarlar orasida temuriylar oilasida fojia yuz beradi. Sohibqironning katta o‘g‘li Jahongir Mirzo vafot etadi. L.Langles bu voqeani ta’sirli qilib tasvirlaydi. Samarqand amirlari, xalq, hatto qo‘shin qora libos kiyadi. Bu joyda muallif Amir Temurni farzand dardini ko‘targan ota sifatida ham ko‘rsatadi. Asardagi keyingi voqealarda To‘xtamishxon haqida so‘z yuritiladi. Chingiz avlodidan bo‘lgan bu shahzoda Oltin O‘rda taxtiga ega chiqish uchun Amir Temur huzuriga yordam so‘rab keladi. Temur unga ko‘mak beradi, ammo bu qaror keyinchalik Temurning eng og‘ir tashqi muammolaridan biriga aylanadi. Amir Temur o‘zi taxtga chiqargan hukmdor keyinroq uning eng xavfli dushmaniga aylanadi.

Asardagi keyingi voqealar Xuroson va Fors yerlariga yurishlar bilan bog‘liq. Lui Langles Amir Temurning Eron ichkarisiga kirib borishini, bu yerni bo‘ysundirishda raqib sulolalar o‘rtasidagi nizolardan foydalanganini ta’kidlaydi. 1381 yilda Xuroson bo‘ysundiriladi. Oradan ko‘p o‘tmay Amir Temur qizi, singlisi va xotinlaridan birini yo‘qotadi. Muallif bu yo‘qotishlar uning harbiy yurishlarini vaqtincha susaytirganini yozadi. Ammo ulamolar va amaldorlar uni yana shon-shuhrat sari qaytaradi. L.Langles shu yerda Amir Temur yurishlarini saroy va diniy doiralar tomonidan ham rag‘batlantirilgan siyosiy muhit bilan izohlaydi. 1384-1386 yillarda Amir Temur yana Eron, Ozarbayjon va Gruziya tomon yuradi. Gruziya bosib olinadi, qirol Bagrat asirga tushadi va muallifning Sharafiddin Ali Yazdiyga tayangan holda aytishicha islomni qabul qiladi. Bu voqealardan keyin muallif ov va tantanalarni tasvirlaydi.

So‘ngra Muzaffariylarga qarshi yurish boshlanadi. Isfaxon taslim bo‘ladi, ammo shaharda qo‘zg‘olon ko‘tarilib, bir temirchi boshchiligida Amir Temur jagchilari o‘ldiriladi. Qo‘zg‘olonchilar ayovsiz jazolanadi. Bu yerda muallif Amir Temur yurishlaridagi asosiy mantiqni ko‘rsatadi. Ya’ni, itoat bo‘lsa marhamat, qarshilik bo‘lsa jazo muqarrar. 1388 yilda Amir Temur Samarqandga qaytadi.

Keyin asar markaziga yana To‘xtamishxon chiqadi. U Amir Temurning homiyligini unutib, unga qarshi yuradi. Amir Temur ham yurishga tayyorlanadi. Langles 1389–1391 yillar oralig‘idagi bu yurishni g‘oyat mashaqqatli, deyarli afsonaviy harbiy sinov sifatida tasvirlaydi. Qo‘shinlar besh qanotga bo‘linadi, keng sahro kesib o‘tiladi. 1391 yilgi To‘xtamish mag‘lubiyati bilan tugagan katta jang asarda keng tasvirlanadi. Amir Temur yurishdan Samarqandga qaytgach, Fors va Mozandarondagi yangi mojarolar uni yana safarga otlantiradi. 1392 yilda u 80 ming kishilik qo‘shin bilan besh yilga mo‘ljallangan yangi yurishga chiqadi. Ana shu yurishlarda Shoh Mansurga qarshi jangda 17 yoshli Mirzo Shohrux Mansurning boshini kesib, otasi oyog‘i ostiga tashlagani qayd etiladi. Muallif bu voqeani tasvirlar ekan temuriylar shahzodalarning qattiq harbiy muhitda ulg‘ayganini ko‘rsatadi. 1396 yilda Amir Temur Keshga borib, otasi va o‘g‘li Jahongir qabrlarini ziyorat qiladi, ehsonlar tarqatadi, so‘ng Samarqandga tantanali kirib keladi. Shohruxni Xuroson, Seyiston va Mozandaron hukmdori deb e’lon qiladi. Yil so‘ngida to‘ylar, nabiralar nikohi, hatto Amir Temurning o‘zi ham nikoh qurishi eslanadi.

Asarning keyingi qismida Hindiston yurishi haqida so‘z boradi. Muallif bu yurishni diniy shiorlar bilan bezatilgan, ammo aslida shon-shuhrat va o‘lja bilan bog‘liq yurish sifatida ko‘rsatadi. Amir Temur o‘z lashkarboshilariga “butparastlar yurti”ni zabt etish haqidagi nutqni so‘zlaydi. Langles aynan shu yerda o‘z munosabatini yashirmaydi. U Amir Temurning diniy shiorlardan mohirlik bilan foydalanganini ochiq yozadi. 1398 yil sentyabrida Amir Temur Hind daryosidan o‘tadi. Dehli jangida fillar Amir Temur qo‘shinini sarosimaga soladi. Shu o‘rinda muallif Klavixo bergan ma’lumotlarga murojaat qiladi. U Temur birinchi qiyinchilikdan so‘ng fillarga qarshi quruq somon ortilgan tuyalarni yoqib yuborish hiylasini qo‘llaganini keltiradi. Klavixo bevosita jangda qatnashmagan bo‘lsa-da, Temur saroyida bu voqealar qanday aytilganini eshitgan bo‘lishi kerak.

1399 yil sentyabrida yangi yetti yillik yurish boshlanadi. Bag‘dod, Gruziya va Kavkaz egallanadi. Keyin navbat Usmonli sultoni Boyazid Yildirimga keladi. Muallif Vizantiya imperatori Amir Temurdan usmonli turklarga qarashi yordam so‘ragani haqidagi xabarlarni ham tilga oladi. Lui Langlesning keltirishicha, Amir Temur Sulton Boyazid bilan kelishishga uringan, diplomatiya samara bermagach, 1402 yilda 800 ming askar bilan Anadoliga yuradi. Sivasni olgandan so‘ng qo‘shinining orqa qismini xavfsiz bo‘lishi uchun Suriyaga yuradi. Damashq va Halab egallanib, Bog‘dod ikkinchi marta fath etiladi. Muallif Boyazid bilan to‘qnashuvni keng tasvirlaydi. Amir Temur qo‘shinlarini qanot va markazga bo‘ladi, o‘zi 40 ta tanlangan polkdan iborat zaxirani boshqaradi. Fillar ham jangga jalb etiladi. Anqara jangi ertalab boshlanadi. Boyazid qanotlari chekinadi, o‘zi esa kechgacha sherday jang qiladi, oxirida asir olinadi. Muallif Amir Temur Sulton Boyazidni ko‘rib yig‘laganini, kishanlarini yechdirganini, yoniga o‘tqazganini yozadi.

Asarning eng qiziq joylaridan biri shuki, Lui Langles Boyazidning temir qafasga solingani haqidagi mashhur rivoyatni rad etadi. U bu afsonani Arabshoh va keyingi yunon-turk mualliflari bo‘rttirganini aytadi, Volter fikriga tayangan holda buni shubha ostiga oladi va bu borada Sharafiddin Ali Yazdiyga suyanadi. Langles Boyazid voqeasida Amir Temurning dushmanga munosabati haqidagi to‘qib chiqilgan afsonalarni rad etadi. Muallifning keltirishicha, Amir Temur Boyazidga tasalli beradi, hatto ayrim yerlarini qaytarish haqida gapiriladi, ammo oradan ko‘p o‘tmay Boyazid vafot etadi. Amir Temur uning bolalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu orada valiahd nabirasi Muhammad Sulton vafot etadi. Asarda Amir Temurning bu fojiadan juda qattiq iztirob chekkani yoziladi.

Asarning keyingi qismlarida Amir Temur yana Gruziya, Iroq, Qora Yusuf Turkman, Bag‘dod va Qoraboqqa yurish qilganligi keltiriladi. Ayniqsa, muallifning Qorabog‘dagi qishki qarorgoh haqidagi ma’lumotlari qiziq. O‘tovlar, hukmdorning hashamatli o‘tovi, davlat ishlari muhokamasi, Ramazon oyi bilan bog‘liq marosimlar mayda detallarigacha tasvirlanadi. Bu ma’lumotlar Amir Temur qo‘shini qurgan lagerning o‘zi ham ko‘chma poytaxtga aylanganini ko‘rsatadi. 1404 yilda Amir Temur nihoyat yetti yil deganda Samarqandga qaytadi. Chinor bog‘ida yashaydi, jamoat qabullarini o‘tkazadi, odamlar shikoyatini tinglaydi, ba’zi haddidan oshgan amaldorlarni namuna uchun jazolaydi. Ispaniya qiroli yuborgan elchilar sovg‘alar bilan keladi. Asarda Samarqand uchun Damashqdan keltirilgan ustalar saroy qurayotgani aytiladi. Bu joyda Klavixo qaydlariga qarasak, u ham Samarqanddagi qurilish, ustalar va saroy hashamatini juda batafsil yozgan edi. L.Langles tasvirlagan bu holat Klavixo kuzatuvlari bilan mos tushadi.

Asar Amir Temurning Xitoy yurishi bilan tugaydi. Muallif 1404 yil 28 dekabrda Amir Temur Samarqanddan so‘nggi bor yo‘lga chiqqan, deb hisoblaydi. Qo‘shin Sirdaryoni muz ustidan kesib o‘tib, O‘trorga keladi. Bu shaharda Amir Temur kasallanib qoladi. Kasal holida Pir Muhammad Jahongirni merosxo‘r deb e’lon qiladi, farzandlariga adolat, zaiflarni himoya qilish, hasad va mansabparastlikni jilovlash haqida nasihat qiladi. Asarda Amir Temur o‘zi qurgan tuzumning eng katta dushmani tashqi dushman emas, ichki nizo ekanini anglagan hukmdor sifatida ko‘rsatiladi. Amir Temur Qur’on oyatlari tilovat qilinayotgan paytda vafot etadi. Langles turli hisoblarni keltirib, uni taxminan 1405 yil mart oyida, 69-71 yosh oralig‘ida hayotdan ko‘z yumgan, deb hisoblaydi. Jasad mo‘miyolanib, Samarqandga olib kelinib dafn etiladi.

Asarning yakuniy bo‘limlarida Amir Temur xarakteriga baho beriladi. Arabshohdan olingan qarama-qarshi, ammo qimmatli tavsif ham keltiriladi. Temur baland bo‘yli, kuchli, ochiq peshonali, katta boshli, yo‘g‘on yelkali, kuchli mushakli, uzun soqolli, o‘ng qo‘l va oyog‘i shikastlangan, lekin serg‘ayrat, yolg‘onning dushmani, qattiqqo‘l, ammo rostgo‘ylikni qadrlovchi sifatida tasvirlanadi. U tarixchilar, faylasuflar, olimlar bilan suhbat qurishni yoqtirgan, shaxmat va ovni sevgan, xalq ahvolidan xabardor bo‘lishga uringan. Langles bu fazilatlarni tan oladi. Ammo muallifning yakuniy xulosasi ikki tomonlamadir. Amir Temur buyuk davlat arbobi bo‘lgan, biroq uning dunyoni bo‘ysundirish orzusi qirg‘inbarot istilolarga yo‘l ochgan.

Shu tariqa Langles asaridagi Amir Temur - faqat qahramon emas, faqat zolim ham emas. U vayronalar ichidan davlat qurgan, adolat haqida vasiyat qilgan, olimlarni qadrlagan. Shu bilan birga, son-sanoqsiz istilolarni ham amalga oshirgan. Muallifning eng muhim xulosasi ham shunda. U Amir Temur shaxsini tushunish uchun uning buyukligini ham, fojiasini ham birga ko‘rish kerak, deb hisoblagan.

Ko‘rib chiqilgan asar bitta narsani juda aniq ko‘rsatib beradi. Amir Temur tarix sahnasida tasodifan emas, parchalanib ketgan Osiyoning ehtiyojidan tug‘ilgan. Amir Temur tartib o‘rnatarkan, o‘sha tartibni qat’iyat bilan amalga oshirgan. Shuning uchun ham Amir Temur haqida yozilgan har bir asar, xoh Sharq manbasi bo‘lsin, xoh G‘arb talqini, uning shaxsini bir vaqtning o‘zida ham hayrat, ham savol, ham bahs manbai qilib ko‘rsatadi.

Mahmudxon Yunusov,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, muzeyshunos.