Qur’onni yod olgan, "Sahihi Buxoriy"dan ijoza olgan Sohibqiron

Amir Temur nafaqat buyuk davlat arbobi va mohir sarkarda, balki ilm-ma’rifatni qadrlagan, diniy ilmlarga ham chuqur qiziqish bilan yondashgan yuksak ma’naviyatli siymo bo‘lgan.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Amir Temur hazratlari Qur’oni karimni yod olgan qori bo‘lganlar. Shuningdek, u zot hadis ilmining eng mo‘’tabar manbalaridan biri bo‘lgan «Sahihi Buxoriy»ni ustoz huzurida to‘liq o‘qib chiqib, undan ijoza (diplom) olganlar. Bu haqda mashhur muarrix Abdurrazzoq as-Samarqandiy o‘zining «Matla’ as-sa’dayn va majma’ al-bahrayn» asarida qimmatli ma’lumot qoldirgan.

Unda shunday deyiladi: «Sohibqiron Amir Temur hazratlari shatranj (shaxmat) fanida mahoratli bo‘lishi bilan birga, boshqa ilmlardan ham bahra olgan edi. “Kalomulloh”ni yod olib, hadis ilmida “Sahihi Buxoriy”ni to‘liq ravishda zamona allomasi, jahon yagonasi, hofizlar va qorilar rahnamosi, muhaddis imomlar peshvosi, millat va dinning quyoshi, Shayx Muhammad al-Jazariydan dorussaltanat Samarqandda eshitgan edi. Shayx hazratlari u zotga rivoyat ijozasini yozib bergan edi». (Abdurrazzoq as-Samarqandiy. «Matla’ as-sa’dayn va majma’ al-bahrayn». 1-jild. Bo-ehtimom Abdulhusayn Navoiy. – Tehron: «Muassasa mutola’ot va tahqiqoti farhangiy», 1994. – B. 147–148.)

Bu ma’lumotning yana bir e’tiborli jihati shundaki, Sohibqiron hazratlari ilm ahliga, xususan, Qur’on va hadis ilmlarining buyuk namoyandalariga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatgan.

Shayx Shamsiddin ibn al-Jazariy (751–833 h./1350–1429 m.) o‘z davrining mashhur qiroat olimi va muhaddisi bo‘lgan. U Bursada ilmiy faoliyat olib borayotgan paytda Amir Temurning da’vati bilan Samarqandga kelgan va bu yerda ilmiy faoliyatini davom ettirgan. Keshda ham ilm bilan shug‘ullangan.

Ibn al-Jazariy Qur’on qiroati va hadis ilmlarida katta shuhrat qozongan allomalardan biri edi. U yuzga yaqin asar yozgan bo‘lib, «al-Muqaddima al-Jazariya», «al-Hisn al-hasin», «Nashr», «Tayyiba» va «Durra» kabi asarlari islom ilmlari tarixida muhim o‘rin egallaydi. Ayniqsa, uning qiroat ilmiga bag‘ishlangan asarlari asrlar davomida qorilar va ilm toliblari uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilgan.

Sohibqiron Amir Temur hazratlarining Imom Jazariyga bo‘lgan hurmati ham alohida e’tiborga loyiq. Manbalarda qayd etilishicha, Sohibqiron davralarida odatda ulamolar uning o‘ng tomonida o‘tirgan. Ammo Imom Jazariyga alohida ehtirom ko‘rsatilib, u zot Sohibqironning bevosita yonboshiga o‘tqazilgan. Bu holat Amir Temur hazratlarining ilm ahliga bo‘lgan yuksak ehtiromi va ulamolarni davlat hayotida nechog‘li ulug‘laganini yaqqol ko‘rsatadi.

Tarixda Amir Temur nomi, avvalo, buyuk saltanat barpo etgan sarkarda va davlat arbobi sifatida mashhur. Biroq uning shaxsiyatining yana bir muhim qirrasi — ilm, ma’rifat va ulamolarga bo‘lgan ehtiromidir. Abdurrazzoq as-Samarqandiyning yuqoridagi ma’lumotlari ana shu jihatdan nihoyatda qimmatli. Unga ko‘ra, Sohibqiron hazratlari Qur’oni karimni yod olgan, hadis ilmini o‘rgangan va «Sahihi Buxoriy»ni o‘z davrining eng yetuk muhaddislaridan biri — Shayx Muhammad al-Jazariy huzurida to‘liq o‘qib, rivoyat ijozasiga ega bo‘lganlar.

Demak, Sohibqiron Amir Temur siymosida biz nafaqat buyuk sarkarda va davlat arbobini, balki Qur’on va hadis ilmlariga e’tibor bergan, ulamolarni qadrlagan va ilm ahlini yuksak martabaga ko‘targan ma’rifatparvar hukmdorni ham ko‘ramiz. Bugun, oradan asrlar o‘tib, Amir Temur hayoti va merosini o‘rganar ekanmiz, uning harbiy va siyosiy faoliyati bilan bir qatorda, ilm va ma’rifatga bo‘lgan munosabatini ham chuqur anglash muhimdir.

Zero, buyuklik faqat saltanat qurish yoki janglarda g‘alaba qozonish bilan emas, ilmni ulug‘lash, ulamoni qadrlash va ma’rifatni yuksaltirish bilan ham namoyon bo‘ladi.

Hamidulloh Aminov (Beruniy),

tarix fanlari doktori.