Atrof-muhitni asrashda adolat izlayapsizmi, unda sizga sud yordam beradi
Ekologiya va atrof-muhitni asrash ayni shu kunlarda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Chunki tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik, havo va suvning ifloslanishi, noqonuniy qurilish hamda chiqindilarni nazoratsiz tashlash kabi holatlar nafaqat tabiat, balki inson salomatligi va ekologik xavfsizlikka ham jiddiy tahdid solmoqda.
Shu sababli atrof-muhitga zarar yetkazilishining oldini olish va yetkazilgan zararni qoplash masalalari fuqarolik sudlarida alohida mas’uliyat bilan ko‘riladigan ishlar sirasiga kiritilgan.
Ekologik nizolarni ko‘rish tartibi Konstitutsiya, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlar, Yer va Suv kodekslari, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilishga oid qonunlar, shuningdek Fuqarolik va Fuqarolik protsessual kodekslari bilan tartibga solinadi. Bu hujjatlarga muvofiq, atrof-muhitga yetkazilgan har qanday zarar miqdoriga qarab qoplanishi shart. Mazkur masalalar sud tomonidan fuqarolik yo‘li bilan hal qilinadi. Ekologik huquqbuzarliklar keng jamoat manfaatlariga ta’sir qilgani uchun da’vo arizasini zarar ko‘rgan fuqarolar va korxonalar, ekologik jamoat tashkilotlari, mahalliy hokimiyat, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda prokuratura organlari taqdim etishi mumkin. 2024 yil qabul qilingan qonun o‘zgarishlari esa prokurorning davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida ekologik ishlar bo‘yicha sudga murojaat qilish vakolatlarini yanada mustahkamladi.
Sudga berilgan ariza protsessual talablarga muvofiqligi tekshirilgandan so‘ng ish yuritishga qabul qilinadi va Fuqarolik-protsessual kodeksida belgilangan tartibda odatda bir oy muddatda ko‘rib chiqiladi. Ekologik ishlarning o‘ziga xos jihati shundaki, zarar miqdorini aniqlash ko‘p hollarda maxsus ekspertizalar, laboratoriya tahlillari, ekologik nazorat organlari dalolatnomalari, sanitariya xulosalari va foto-video materiallarga tayanishni talab qiladi. Sud barcha dalillarni o‘rgangan holda zararni undirish, atrof-muhitni tiklash choralarini belgilash, noqonuniy faoliyatni to‘xtatish yoki cheklash kabi qarorlar qabul qilishi mumkin. Sud qarori esa ijro organlari tomonidan majburiy tarzda amalga oshiriladi.
Ekologik ishlar amaliyotida bir qator murakkabliklar ham uchraydi: zararning uzoq muddatda namoyon bo‘lishi, aniq hisob-kitoblar uchun maxsus metodikalar talab etilishi, aybdor shaxsni aniqlashning qiyinligi va jamoat manfaatlarini ham inobatga olish... Ayniqsa, bugungi kunda havo ifloslanishi, suv tanqisligi, chiqindilarning ko‘payishi va iqlim o‘zgarishi sharoitida bunday ishlar yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Fuqarolik sudlari tomonidan ekologik nizolarning hal etilishi atrof-muhitga yetkazilgan zararning qoplanishi, tabiatni muhofaza qilish qonunlarining amalda samarali ishlashi, korxonalarning ekologik mas’uliyati oshishi va fuqarolarning ekologik huquqlari himoya qilinishiga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu jarayonlar davlatning ekologik xavfsizlikni ta’minlash siyosati va barqaror kelajakni yaratish maqsadlariga to‘la mos keladi. Shu bois ekologik ishlar bo‘yicha sud nazorati tabiatni tiklash, noqonuniy faoliyatni cheklash va kelajak avlod uchun toza va sog‘lom muhit qoldirishga qaratilgan muhim ijtimoiy mexanizm sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Vahob Asqarov,
Samarqand viloyati sudi sudyasi.
Shuhrat Turdialiyev,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudi raisi.