Antaliya xalqaro sport tadbiriga mezbonlik qiladi
Bugungi kunda global sport tadbirlari bozori jadal sur’atlarda rivojlanib, uning hajmi 2031 yilga borib 609 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ana shu jarayonda Turkiya o‘zining zamonaviy infratuzilmasi va rivojlangan sport turizmi muhiti bilan tobora ko‘proq e’tibor qozonmoqda.
Ana shunday yirik tadbirlardan biri — “Sports &Events Türkiye” (Turkiya sporti va tadbirlari) bo‘lib, bu musobaqa 31 maydan 3 iyungacha Antaliyada bo‘lib o‘tadi. Tadbir Sport turizmi assotsiatsiyasi (STB) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Shuningdek, u sport sayohatlari, guruhli turlar, turnirlar va yuqori darajadagi tayyorgarlik dasturlari yo‘nalishlarida samarali hamkorlik uchun keng imkoniyat beradi.

Avval “Sports & Events Türkiye” 300 dan ortiq xalqaro ishtirokchi va 80 dan ziyod mahalliy operatorni birlashtirib, 1000 dan ortiq B2B uchrashuvlarini o‘tkazishni maqsad qilgan. Dastur netvorking, ob’yektlarga tashriflar, sport faoliyatlari, gala kechasini o‘z ichiga oladi.
Ta’kidlash o‘rinliki, Turkiya to‘rt faslga mos turli sport va dam olish imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Bu yerda qadimiy yo‘llar bo‘ylab piyoda sayr qilish, velosipedda uchish yoki paragliding (yengil qanot yordamida havoda parvoz qiluvchi sport turi) orqali osmonni zabt etish mumkin. Yozda moviy qirg‘oqlarda sho‘ng‘ish va kaytserfing, qishda esa qorli tog‘larda chang‘i sporti katta zavq bag‘ishlaydi. Bahor va kuz fasllari esa golf va rafting kabi faol dam olish turlari uchun eng qulay davr hisoblanadi.
Turkiyadagi bunday rang-barang imkoniyatlar mamlakatni nafaqat sarguzasht va faol dam olishni yoqtiruvchilar uchun jozibador maskanga aylantiradi, balki uni jahon darajasidagi sport tadbirlari o‘tkaziladigan muhim markaz sifatida ham tanitadi.

Shu jihatdan Antaliyaning yil davomida hukm suruvchi iliq iqlimi turli sport turlari va musobaqalar uchun qulaylik yaratadi. Bu yerda Likiya yo‘li bo‘ylab piyoda sayr qilish, Tahtali tog‘i etaklarida velosipedda uchish, Belekda golf o‘ynash, Kashda sho‘ng‘ish, Ko‘prulu darasida rafting bilan shug‘ullanish hamda Geyikbayirda qoyatoshga chiqish mumkin.
Antaliyaning sport salohiyati xalqaro tadbirlarning boy taqvimi bilan yanada boyitilgan bo‘lib, ular orasida Turkish Airlines Open, Alanya Ultra Trail, Runtalya kabi poygalari hamda Tourof Antalya velopoygasi alohida o‘rin tutadi.
United Nations Climate Change Conference (COP31) va International Astronautical Congress (IAC) kabi yirik global tadbirlarni o‘tkazish tajribasiga ega Antaliya endilikda Sports & Events Türkiye orqali global sport turizmi maydonidagi mavqeini yanada mustahkamlashga tayyor.
Zilola tayyorladi.