Qadimiy teatrlar san’at bayramlariga mezbon qiladi

Turkiyaning ochiq osmon ostidagi qadimiy teatrlari va arxeologik yodgorliklari tarixiy meros sifatida ahamiyatli. Bir vaqtlar gladiatorlar jang qilgan, teatr tomoshalari va tragediyalar sahnalashtirilgan ushbu inshootlar bugun xalqaro opera va balet festivallari o‘tkaziladigan maydonlarga aylangan.

Ayni kunlarda esa ana shunday joylarda an’anaviy opera va balet festivallari boshlandi. Qadimiy me’moriy yodgorliklar bag‘rida tashkil etilayotgan ushbu tadbirlar tarixiy muhit bilan zamonaviy sahna san’atini uyg‘unlashtirishi bilan ahamiyatlidir.

Festivallar mavsumi YuNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy Efes shahrida boshlandi. 26 iyundan 8 iyulgacha o‘tkaziladigan 9-xalqaro Efes opera va balet festivali dasturidan «Oqqush ko‘li», «Karmina Burana» hamda «Toska» kabi mashhur asarlar o‘rin olgan.

Mavsumning keyingi bosqichi Antaliya viloyatidagi Aspendos qadimiy teatrida davom etadi. Rim davri me’morchiligining eng yaxshi saqlangan namunalaridan biri sanaluvchi ushbu teatr o‘ttiz yildan ziyod vaqtdan buyon xalqaro opera va balet festivaliga mezbonlik qilib kelmoqda. Bu yil festivalning 33-mavsumi 12–26 sentyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Yozgi madaniy tadbirlar qatorida Bodrum shahridagi tarixiy qal’ada tashkil etiladigan xalqaro balet festivali ham alohida o‘rin tutadi. Bu yil uning 23-mavsumi 31 iyuldan 13 avgustgacha davom etadi.

Opera va balet festivallari bilan bir qatorda, Turkiyaning qadimiy shaharlarida yil davomida turli madaniy loyihalar amalga oshiriladi. Jumladan, Phaselis festivalida mashhur musiqachilar ishtirokida konsertlar o‘tkazilsa, Bergama teatr festivali doirasida qadimiy sahnalarda dramatik asarlar namoyish etiladi.

So‘nggi yillarda Turkiyada «Tungi muzeylar» tashabbusi ham kengaymoqda. Uning doirasida Efes va Aspendos yodgorliklari kechki vaqtlarda maxsus yoritish tizimi ostida tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi. Shuningdek, Bodrum suv osti arxeologiyasi muzeyi ham kechki soatlarda mehmonlarni qabul qilib, dengiz tarixi, qadimiy savdo yo‘llari va suv osti arxeologiyasiga oid noyob eksponatlarni namoyish etmoqda.

Qadimiy teatrlar ba’zan kutilmagan voqealar bilan ham jamoatchilik e’tiborini tortadi. Yaqinda Izmir shahridagi ochiq teatrda «Romeo va Juletta» spektaklining yakuniy sahnasi vaqtida sahnaga mushuk chiqib kelgani aks etgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi va tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.

Tarixiy me’morchilik, arxeologik meros va zamonaviy sahna san’atining uyg‘unligi Turkiyaning qadimiy teatrlarini nafaqat sayyohlar, balki san’at ixlosmandlari uchun ham muhim madaniy maskanga aylantirmoqda.

Zilola tayyorladi.