Birgina issiqxona bilan kambag‘al boy bo‘ladimi?
O‘tgan yili Past Darg‘om tumanida 11 ming 535 ta kambag‘al oila ro‘yxati shakllantirilgan. Ularning 11 ming 11 tasi ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan. Mahalla yettiligi tomonidan xatlov o‘tkazilishi natijasida, bu oilalarning 1711 tasi o‘ziga to‘q, 3762 tasi hayoti yaxshilanayotgan, 3077 tasi daromadi barqaror bo‘lmagan, 2461 tasi haqiqiy nochor oila ekanligi aniqlandi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida “Kambag‘al oilalar uchun yetti imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida ish olib borilib, jami 2658 ta oila, shundan imtiyozli kredit ajratish orqali 682 ta, subsidiya asosida asbob-uskunalar berish orqali 263 ta, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish orqali 211 ta, doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish orqali 1075 ta va “Sayxunobod” va “Uychi” tajribalari asosida 427 ta oilaga amaliy yordamlar ko‘rsatilishi natijasida kambag‘allikdan chiqarilishi ta’minlandi.
Shuningdek, o‘tgan yilning sentyabr oyidan 541 ta kambag‘al oilaga 88 nafar rahbar va 18 tadbirkor, jami 106 nafar mas’ul biriktirildi. Ular mahalla yettiligi bilan hamkorlikda, oilalarning yashash sharoitlarini o‘rganib chiqib, kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual reja tuzildi. Ayni paytda ularga turli xil ko‘maklar ko‘rsatilyapti. Jumladan, 89 nafar kishi doimiy ishga joylashtirildi, 43 fuqaroga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun subsidiya va kredit mablag‘lari ajratildi.
- Masalan, Yangiobod mahallasida yashovchi Zamira Do‘stmurodovaga subsidiya asosida 2 sotixlik issiqxona qurib berildi, - deydi tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Tohir Qosimov. – U ayni paytda ko‘kat yetishtirib, bozorga chiqaryapti. Fevral oyida bodring ekishni rejalashtirgan. Kambag‘al oilaning birgina issiqxona bilan sharoiti yaxshilanib qolmaydi. Shuning uchun mas’ullar o‘ziga biriktirilgan har bir oila ahvolidan 6 oy davomida xabardor bo‘lib turadi, kezi kelganda ko‘maklashadi. Agar shu muddat ichida kambag‘al oilaning ahvoli yaxshilanmasa, ro‘yxatdan chiqarilmaydi.
- Yolg‘iz onaman, ikki nafar farzandim bor, - deydi Zamira Do‘stmurodova. – Oilaviy sharoitim og‘ir edi. Mahalladan beriladigan bir martalik moddiy yordam yoki bolalarimga olinadigan nafaqa pullari bilan birim ikki bo‘lmayotgandi. Ishlayin desam tayinli ish topolmayman. Yordam beradigan odam yo‘q. Farzandlarimni onamga tashlab, o‘zim chet davlatga ishga ketsammikan, degan xayol bilan yurgan paytimda mahalladagi hokim yordamchisi subsidiya asosida issiqxona qurib berilishini aytdi. Xursand bo‘ldim. Bu ishni eplay olishimga ko‘zim yetardi. Tavakkal qilib ish boshladim. Avvalo, issiqxonaga ko‘kat ekdim. Hosilni ketma-ket bozorga chiqara boshladim. Daromadi yomonmas. Issiqxonaning bir chekkasiga sinov tariqasida qulupnay ham ekkanman. Hozir uni parvarishlash sirlarini o‘rganyapman. Mening harakatimni ko‘rgan mas’ullar homiylar ko‘magi bilan bolali sigir ham olib berishdi.
Shuningdek, tumanda kambag‘al deb topilgan oilalar farzandlariga ham alohida yordamlar ko‘rsatilyapti. Masalan, ular qiziqishiga qarab, qo‘shimcha to‘garaklarga jalb etilyapti.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar 2025 yilda ham davom ettirilib, 3181 ta oila kambag‘allikdan chiqarilishi rejalashtirilgan.
E’zoza MEYLIYeVA,
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).