Samarqandda qancha issiqxona bor?
Viloyatimizda umumiy maydoni 466 gektar bo‘lgan 326 ta issiqxona mavjud va shundan 292 tasi faoliyat yuritadi.
Issiqxonalarning 12 tasida ekinlar gidroponika usulida, 280 tasida esa tuproqda parvarishlanadi. Issiqxonalarning 225 gektariga pomidor, 115 gektariga bodring, 13 gektarga achchiq va shirin qalampir, 4 gektarda gulchilik, 1 gektarga urug‘lik kartoshka, 23 gektarga sitrus, 21 gektarga limon, 2 gektarda qulupnay, 83 gektarga gulkaram, brokolli va aysberg (karamlari), 2 gektarga noan’anaviy sabzavot ekinlari, 87 gektarga salat bargi, 2 gektarga ko‘katlar joylashtirilgan.
Tomorqadan unumli foydalanish, o‘simliklardan mo‘l hosil yetishtirishda mahallabay ishlash tizimining o‘rni muhim. Shu bois, bu tizim samaradorligini oshirish, fuqarolar muammolarini aniqlash, ularga yaqindan ko‘maklashish maqsadida fitosanitar davlat inspektorlari biriktirilgan.
- Bugun oldimizga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatli yetishtirishda ko‘mak berish va uning eksportborligini oshirish, dalalardagi daromad manbalarini turli xil zararkunanda va hasharotlardan himoya qilish tizimini yanada mustahkamlash vazifasi turibdi, – deydi viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Narpay tuman bo‘limi inspektori Jonibek Ernazarov. - Bu borada joriy yilda har bir mahallada samarali ish olib borishni rejalashtirib olganmiz. Bunda dastlab, tumanlarga biriktirilgan inspektorlar tomonidan har bir mahalla holati o‘rganilib, xonadon va yer egalari bilan suhbatlar o‘tkazilmoqda. Xonadonlardagi issiqxonalar o‘rganilib, sohamizga oid kamchilik, muammo aniqlansa, bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi axborot xizmati.