Issiqxonalarga tabiiy gaz beriladimi?
Issiqxonalardagi ekinlar endi hosilga kirganda issiqlik manbaidan uzib qo‘yilsa, nima bo‘ladi? Qilgan barcha xarajatlaringiz osmonga uchadi. O‘tgan yillarda Samarqanddagi ko‘p hududlarda shunday holat kuzatilgan edi. Bu yil-chi? Viloyatda vaziyat qanday?
«Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filialidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimizdagi 133 ta issiqxona shu paytgacha aholi yoqayotgan gaz tarmoqlariga ulangan edi. Issiqxonalarda ko‘p gaz yoqilishi tufayli xonadonlarga boradigan tabiiy gaz kamayib, aholining noroziligiga sabab bo‘lardi. Joriy yildan bu tartibga o‘zgartirish kiritildi.
- Vazirlar Mahkamasining «Issiqxona xo‘jaliklari va meva-sabzavotlarni eksport qiluvchi korxonalarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, ko‘mirga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan issiqxonalarga kuz-qish mavsumida tabiiy gaz ma’lum bir talablar asosida yetkazib beriladi, - deydi «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali bosh muhandisi Vahob Halimov. – Buning uchun issiqxonalarning gaz hisoblagichlari tabiiy gaz nazorati va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan bo‘lishi, tabiiy gazdan yuzaga kelgan debitor qarzdorligini so‘ndirishi hamda tabiiy gaz uchun belgilangan to‘lovni oldindan to‘lashi lozim bo‘ladi. Shuningdek, favqulodda holatlar yuzaga kelganda, issiqxonada yetarli miqdorda muqobil energiya zaxirasi mavjud bo‘lishi shart.
Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi viloyat bo‘limi, «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali va viloyat prokuraturasi bir oy muddatda issiqxona xo‘jaliklarining gaz nazorati va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanganini nazorat qiladi va ulanmagan issiqxona xo‘jaliklari «Insofsiz iste’molchilar ro‘yxati»ga kiritilgan holda ularga gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar bekor qilinadi.
- Bugungi kunda issiqxonalarning tabiiy gazdan 9,5 milliard so‘m miqdorida qarzi bor. - deydi V.Halimov. – Shuning uchun viloyat hokimligi hamda issiqxona xo‘jaliklari o‘rtasida kelishuvlar tuzish amaliyoti joriy etiladi. Kelishuvlarda har bir issiqxona xo‘jaligining ehtiyojidan kelib chiqqan holda, unga yetkazib beriladigan tabiiy gaz hajmlari aniq ko‘rsatiladi va xo‘jaliklar 30 foiz oldindan to‘lovni amalga oshiradi. Hozirgacha 50 ta issiqxona rahbari bilan tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha shartnomalar tuzildi.
Tabiiy gazdan ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkaziladigan issiqxona xo‘jaliklarini davlat tomonidan rag‘batlantirish maqsadida 2023 yil 1 noyabridan issiqxona xo‘jaliklarining ko‘mir qozoni xarid qilish xarajatlarining 20 foizi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Shuningdek, tijorat banklari tomonidan issiqxona xo‘jaliklariga ko‘mir saqlash omborlarini qurish uchun 3 yil muddatga 1 yillik, yoqilg‘i sotib olish uchun 1 yil muddatga 6 oylik imtiyoz davri bilan kreditlar beriladi. Bundan tashqari, kredit olib, issiqxona xo‘jaligini tashkil qilgan har bir tadbirkorning moliyaviy ahvolini inobatga olgan holda, ularning kreditlarini qaytarish muddatlari uzaytiriladi.
Issiqxonalarni tejamkor energiya, quyosh panellari yordamida isitish kam xarajatliligi bilan bir qatorda, issiqlikni minimal holatda ushlab turish imkoniyatini ham yaratadi. Ulardan foydalanish ham bugun har qachongidan muhim.
Dilmurod TO‘XTAYeV.