Shavkat Mirziyoyev: "Yil tugayapti, bugun natijalarni tahlil qilib, ayrimlarga nisbatan xulosa qilaman"

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarda aholi daromadini oshirish, kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar va 2026 yildagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari bu yo‘nalishda barcha zarur moliyaviy va tashkiliy masalalar hal qilib berilganini ta’kidladi.

Jumladan, pastda ishlarni to‘g‘ri tashkil qilish, mahallama-mahalla yurib, yangi tashabbuslarni topib, odamlar hayotini yaxshilashga mas’ul bo‘lgan viloyat, tuman hokimlari va ular xodimlarining moddiy va texnik imkoniyatlari tubdan yaxshilandi.

- Endi vazirlar, hokimlar, rahbarlar o‘ziga savol bersin: shuncha yaratilgan sharoitdan, imkoniyatdan qay darajada foydalanyapti? Nima natija qilyapti? Islohotlarimiz natijasi har bir oilaga, har bir xonadonga kirib boryaptimi? Odamlar buni qanday his qilyapti?

Bunday savollar ko‘p. Barcha rahbarlar tayyor tursin. Yil tugayapti, bugun natijalarni tahlil qilib, ayrimlarga nisbatan xulosa qilaman, - dedi Prezidentimiz.

Ta’kidlanishicha, joriy yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushdi (o‘tgan yili 5,5 foiz bo‘lgan). Ayniqsa, Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on, Samarqand, Shirin shaharlarida ishsizlik 4 foizdan pasayib, ilk bor “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashdi.

Ehtiyojmand 302 ming oila kambag‘allikdan chiqdi. Yil yakunigacha kambag‘allik darajasi 6 foizgacha kamayishi kutilmoqda (o‘tgan yili 8,9 foiz bo‘lgan).

Sharoiti og‘ir bo‘lgan Xovos, Mirzaobod, Oqoltin, Do‘stlik, Paxtakor, Forish, Bo‘ston, Vobkent, Mirishkor, Mingbuloq, Uzun va Piskent tumanlarida kambag‘al oilalar soni 4,5 barobargacha kamaydi.

Ilgari qiyin ahvolda bo‘lgan 105 ming oila daromad ko‘rishni boshladi, kambag‘al oilalarning o‘rtacha daromadi yil boshiga nisbatan 2 barobarga oshdi.

Joriy yilda ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi.