Samarqandda maydoni 400 ming kvadrat metr bo‘lgan 7 ta yirik savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari quriladi

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektorda ma’lum qilingan.

Ta’kidlanishicha, zamonaviy savdo va ko‘ngilochar maskanlar ushbu shaharlarning “tashrif qog‘ozi”ga aylanishi zarur.

Lekin, bugungi kunda Samarqand shahrida maydoni 10 ming kvadrat metrdan oshadigan atigi 4 ta zamonaviy gipermarket mavjud bo‘lsa, Namangan shahrida endi qurilmoqda.

Yig‘ilish davomida Namanganda kelgusi yilda maydoni 200 ming kvadrat metr bo‘lgan 3 ta, Samarqandda 400 ming kvadrat metr bo‘lgan 7 ta yirik savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari faoliyatini tashkil etish topshirig‘i berilgan.

Shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi yirik shaharlarda “Taks fri” tizimini joriy etish, shahar ichida “Dyuti fri” do‘konlarini tashkil etish orqali chakana savdo hajmini 2-3 barobarga oshirish mumkinligi aytildi.