2020 yildan boshlab meva-sabzavot mahsulotlari kooperatsiya va klaster tizimida yetishtiriladi

Bugun, 5 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavotchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va eksportini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Sh.Mirziyoyev yig‘ilishda kelgusi yilda meva-sabzavot eksportini 2,5 milliard dollarga, keyingi 3 yilda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish zarurligini alohida ta’kidladi. “Bunga erishish uchun ekin va navlarni to‘g‘ri tanlash, hosildorlik va daromadni kamida ikki-uch barobarga oshirish, isrofgarchiliklarning oldini olish, mahsulotlarni saqlash, logistika masalalari, eksportni to‘g‘ri tashkil etish zarur”, dedi Prezident.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, bugungi kunda dunyo bozorlarida gilos, o‘rik, olxo‘ri, anor, uzum, bodom, sitrus mevalar kabi mahsulotlarga talab yuqori va ushbu mahsulotlar eksport tushumining asosiy qismini tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda bunday mevazorlar, ayniqsa, intensiv usuldagi bog‘lar yetarlicha tashkil etilmayapti, bog‘ va tokzorlar yaroqsiz holatga kelib qolgani sababli ularning iqtisodiy samaradorligi o‘ta past darajada qolmoqda, qator tumanlarda minglab gektar eski bog‘lar yillar davomida hosil bermayapti. Hanuzgacha “mahsulot yetishtirish – xarid qilish – saqlash va qayta ishlash – eksport” zanjirini tashkil etadigan kooperatsiya tizimi joriy qilinmagan.

Uzumchilikni rivojlantirishda vinochilik korxonalarining o‘rni sezilmayapti. Oqibatda, mamlakatimizda mahsulotlarni yig‘ishtirish va saqlashdagi yo‘qotishlar hajmi 30 foizdan kamaymayapti.

Seleksiya borasida ilmiy tadqiqotlar yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani bois mamlakatimiz urug‘likni import qilishga majbur bo‘lmoqda.

Mineral o‘g‘itlar ta’minoti, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish ishlari tizimli tashkil etilmagani ham dehqonning ortiqcha ovora bo‘lishiga olib kelib, hosildorlikni oshirishga salbiy ta’sir qilmoqda.

Sh.Mirziyoyev takliflarini bildirar ekan, eskirgan tizimdan butunlay voz kechib, mutlaqo yangi uzluksiz zanjirni, ya’ni kooperatsiya va klaster tizimini tashkil etish kerakligini ta’kidladi. “Buning uchun O‘zbekistonda bir nechta yirik eksportyor klaster tashkil etish, qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish va daromadni oshirish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni aniq bozor, aniq moliyaviy manba bilan ishlaydigan tadbirkorga biriktirish zarur”, dedi Prezident.

Yangi tashkil qilinayotgan kooperatsiyalar negizida 1 gektardan 5 gektargacha ijara asosida yer ajratiladi. Yangi bog‘ va tokzorlarni barpo etishga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Bog‘dorchilikni rivojlantirish uchun har yili 20 million dona ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, 2020 yil 1 apreldan boshlab “sog‘lomlik” sertifikatiga ega bo‘lmagan ko‘chatlarni yurtimizga olib kelib ekish to‘xtatiladi.

Meva-sabzavot yetishtirishni yiliga 8-10 foizga ko‘paytirish va qo‘shimcha 1 million tonnadan ortiq mahsulot yetishtirish maqsadida 2020 yilda qayta foydalanishga kiritiladigan 77 ming gektar maydonga oziq-ovqat ekinlari, ertagi mahsulot yetishtirish uchun 200 ming gektarda to‘qsonbosti usulida sabzavotlar ekiladi.