Orzular tasodif emas, reja, mehnat va sabrning natijasidir

Hozirgi yoshlar chet elda o‘qib, ishlab yurgan vatandoshlarga havas qiladi, ulardek muvaffaqiyatga erishishni istaydi. Ammo birgina havas bilan orzuga yetishib bo‘lmaydi. Xo‘sh, buning uchun nimalar qilish kerak?

Keling, yaxshisi, omadli yigitlardan birini sizga tanishtiraman. Asli samarqandlik bo‘lgan Damir Ahrorov 2020 yilda Samarqand shahridagi 55-maktabni oltin medal bilan tamomlagan. U bugun Amerikada yurist yordamchisi sifatida ishlayapti. U bilan bo‘lgan suhbatimiz ta’lim, hayot va faoliyat haqida bo‘ldi.

- Siz Toshkent davlat yuridik universitetida tahsil olgansiz. Universitetni bitirib, o‘qishingizni Amerika oliy ta’lim muassasasida davom ettirdingiz. Xorijda ta’lim olishning murakkab tomonlari nimalarda ekan? Ayrim yoshlar o‘qishini tashlab ishlaydi. Sizda bunday fikr bo‘lmadimi?

- Xorijda ta’lim olish, ayniqsa, Amerika kabi mamlakatda o‘qish katta mas’uliyat talab etadi. Bu yerda qiyinchiliklar faqat darsda emas, balki til, yangi muhit, mustaqil hayot, moliyaviy rejalashtirish, o‘zingizni o‘zingiz boshqarish bilan bog‘liq bo‘ladi. Ota-ona, oila, tanish muhitdan uzoqda yashash ham insonni ruhiy jihatdan sinaydi.

Ko‘p yoshlar chet elga borib, avval o‘qishga, keyin ishlashga qiziqib qoladi, ba’zan esa ishni o‘qishdan ustun qo‘yadi. Lekin men o‘zim uchun bir narsani qattiq belgilab olganman: avvalo, o‘qish — ustuvor vazifa, qolgani esa shuning atrofida.

O‘qishni tashlash haqida jiddiy o‘ylab ko‘rganim yo‘q, chunki har bir bosqichga katta mehnat va oilam ishonchi hisobidan yetganman. Toshkent davlat yuridik universitetida olgan bazaviy ta’limim, Moskva va Polshadagi tajribam, keyinchalik Penn State Law’ga 45 ming dollar miqdoridagi grant bilan qabul qilinishim — bularning har biri men uchun mas’uliyat hissini yanada oshirgan. Shuning uchun taslim bo‘lish yoki o‘qishni tashlash fikri menda bo‘lmadi, aksincha, qiyinchiliklar bo‘lsa ham, ularni bartaraf etish yo‘llarini izlashga harakat qilganman.

- Viza olish, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida qiyinchiliklar bo‘lmaganmi?

- Rostini aytganda, xorijga o‘qishga qabul qilinish bu jarayonning faqat bir qismi. Keyin viza, moliyaviy hujjatlar, elchixona suhbatlari, o‘qishga borguncha bo‘lgan bosqichlar bir talay. Menda ham hujjat to‘plash, viza talablarini to‘g‘ri tushunish, har bir mamlakat qonunchiligiga mos ravishda rasmiylashtirish kabi qiyinchiliklar bo‘lgan. Lekin har bir bosqichda oldindan reja tuzish, talablarni sinchiklab o‘qish, mutaxassislar va tajribali ustozlardan maslahat olish katta yordam berdi.

Ayniqsa, AQSh vizasi masalasida hujjatlarni aniq, ishonchli va hech qanday ziddiyatsiz ko‘rsatish juda muhim. Men uchun bu jarayon uzoq va e’tibor talab qiluvchi bosqich bo‘ldi, lekin barcha talablarga jiddiy yondashganim uchun, keskin rad yoki ortiqcha muammolar bo‘lmadi.

- Amerika ta’lim tizimining biznikidan farqli jihatlari nimalarda? Xorijiy ta’limning sizga yoqqan tomonlari qaysilar?

- Amerika ta’lim tizimida men, eng avvalo, uchta jihatni sezganman:

Birinchidan, mulohaza va mustaqil fikrga katta e’tibor beriladi. Dars faqat ma’ruza tinglash bilan cheklanmaydi, talabadan savol berish, bahslashish, mustaqil tahlil qilish talab etiladi.

Ikkinchidan, amaliy yechimga yo‘naltirilgan o‘qitish usullari kuchli. Keys-stadi, sud muhokamasi simulyasiyalari, yozma memorandumlar, haqiqiy ish materiallariga yaqinlashtirilgan topshiriqlar orqali o‘qish jarayoni hayotiyroq bo‘ladi.

Uchinchidan, talaba shaxsiga bo‘lgan ishonch va mas’uliyat. Kim darsga tayyorlanadi, kim yo‘q — buni o‘qituvchi qattiq nazorat qilmaydi, lekin natijada baholashda hammasining aksini ko‘rasiz.

Amerika ta’lim tizimida menga eng ma’qul tushgan jihat — bilim uchun mas’uliyatni talabaning o‘zi zimmasiga olishi. Bu yerda sizga har qadamda nazoratchi turmaydi, lekin natija to‘liq sizning tayyorgarligingiz va ishingizga bog‘liq. Shu bilan birga, O‘zbekistonda olgan ta’limimni alohida qadrlayman: agar TDYuUda mustahkam huquqiy baza tuzmaganimda, chet eldagi o‘qish jarayonlariga tayyor bo‘la olmasdim.

- Sizningcha, muvaffaqiyatga osonlik bilan erishib bo‘ladimi? Bugungi faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz.

- Muvaffaqiyatni “oson” so‘zi bilan yonma-yon qo‘yish juda qiyin, deb o‘ylayman. Muvaffaqiyat — bu bir kunda keladigan natija emas, balki yillab jamg‘arilgan mehnat, intizom va qat’iyatning yig‘indisi.

Hozirgi kunda men Nyu-York shahri, Bruklinda joylashgan Law Office of Yuriy Prakhin, P.C. da yurist yordamchisi sifatida faoliyat yuritayapman. Bu yerda shaxsiy jarohat ishlari bo‘yicha hujjatlar tayyorlash, sud uchun materiallar yig‘ish, tibbiy yozuvlar bilan ishlash, mijozlar bilan muloqot qilish kabi vazifalarni bajaraman. Shu bilan birga, kelgusida Nyu-York shtati advokatlik litsenziyasini olish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqdaman.

- Ilmiy maqolalaringiz xalqaro jurnallarda chop etilgan. Huquqshunos sifatida faoliyatingizni davom ettirasizmi yoki ilmiy ish bilan shug‘ullanasizmi?

- Men o‘zimni faqat bir tomonlama — faqat amaliyot yoki faqat ilmiy yo‘nalish bilan cheklashni istamayman. Men uchun amaliyot va ilm bir-birini to‘ldiruvchi ikki qanot. Amaliyotsiz ilmiy ish nazariya darajasida qolib ketadi, ilmiy tahlilsiz esa amaliyot ham chuqurlashmaydi. Shu bois, kelgusida ham huquqshunos sifatida amaliyotda ishlashni, ham xalqaro va milliy huquq, intellektual mulk, tijorat huquqi va mediatsiya sohasida ilmiy tadqiqotlarni davom ettirishni niyat qilganman. Ya’ni, men o‘zimni kelajakda ham yurist-amaliyotchi, ham tadqiqotchi olim sifatida ko‘raman.

- “Hozirgi yoshlarda ilmga chanqoqlik, vatanparvarlik yetishmayapti”, degan fikrga munosabatingiz?

- Bu savol juda nozik. Bir tomondan, rostdan ham ba’zi yoshlar orasida mas’uliyatdan qochish, yengil yo‘lni tanlash, internet va ijtimoiy tarmoqlarni faqat ko‘ngilochar vosita sifatida ishlatish holatlari bor. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin ikkinchi tomondan, men o‘qish davrimda ham, hozir ham shunday yoshlarni ko‘rganman, ular juda katta mas’uliyat bilan o‘qiydi, tadqiqot qiladi, o‘z yurtini xalqaro maydonda munosib namoyon qilish uchun harakat qiladi. Shu ma’noda, “barcha yoshlarda ilmga chanqoqlik yo‘q”, deb umumlashtirish to‘g‘ri emas, deb o‘ylayman.

Menimcha, asosiy masala shundaki — har bir yosh to‘g‘ri muhit va to‘g‘ri yo‘nalishni topishi kerak. Agar atrofda qo‘llab-quvvatlovchi muhit, sog‘lom raqobat va yaxshigina namuna bo‘lsa, ham bilimga intilish, ham vatanparvarlik tuyg‘usi kuchayadi. Men ham xorijda o‘qiyotgan bo‘lsam-da, barcha tajribam va bilimimni kelajakda yurtim rivojiga xizmat qildirishni o‘zimga maqsad qilib qo‘yganman.

- Hayotingizda tub burilish bo‘lganmi? Hayotdan olgan falsafangiz...

- Hayotimdagi eng katta burilishlardan biri — chet elda o‘qishga qaror qilish va shu qarorni oxirigacha oqlab berish bo‘lgan, desam, adashmayman. Toshkentdagi o‘qishimdan keyin Moskva, keyin Polsha, keyin AQSh — har bir bosqich mendan yangi darajadagi mas’uliyat va g‘ayrat talab qildi.

Falsafamni qisqacha shunday ifodalayman: “Orzular tasodif emas, reja, mehnat va sabrning natijasidir.”

Ya’ni, orzu qilishning o‘zi kifoya emas. Orzudan keyin reja, rejadan keyin esa kunlik, yillik izchil mehnat kelishi kerak. Shu bilan birga, o‘zimga doim shuni eslataman: inson qayerda bo‘lmasin, qaysi lavozimda o‘tirmasin, o‘z ildizini, qayerdan chiqqanini va kimlar ishonib qo‘llab-quvvatlaganini unutmasligi kerak.

- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Xurshida ERNAZAROVA suhbatlashdi.