Senatorlar yoshlar imkoniyatlari va ijtimoiy loyihalarni muhokama qildi

Samarqanddagi Markaziy harbiy okrugda senatorlar hamda faol yoshlar ishtirokida yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni qiynayotgan muammolarga yechim topishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi a’zosi Shavkat Sharipov hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Maryam Niyozova, shuningdek, Yoshlar parlamenti a’zolari, viloyatdagi korxona va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan yoshlar hamda talabalar qatnashdi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlarda davlat siyosatining mazmun-mohiyati, amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari, imkoniyat va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari borasida to‘laqonli tasavvur hosil qilish, ularning fikr-mulohazalarini eshitish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Shavkat Sharipov uchrashuvda yoshlar masalasi mamlakatimizda ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani, yoshlar orasida harbiy-vatanparvarlik ruhini mustahkamlash, ularning faol ijtimoiy pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlash va sohaviy malakasiga e’tibor qaratish muhimligini ta’kidladi.

Uchrashuvda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar va dasturlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Xususan, viloyatda yosh tadbirkorlar uchun maxsus grantlar va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturlari ishlab chiqilmoqda, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun stajirovka va malaka oshirish loyihalari kengaytirilmoqda. Yoshlar parlamenti va mahalliy hokimliklar hamkorligida ijtimoiy loyihalar, sport va madaniy tadbirlar tashkil etiladi.Mahalliy startaplar va innovatsion laboratoriyalar yoshlar uchun ishbilarmonlik va ilmiy-amaliy tajriba orttirish imkonini beradi.

Uchrashuv so‘nggida senatorlar yoshlarning murojaatlari va takliflarini diqqat bilan tinglab, har bir masala bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berdi va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.