Qish oldidan yanada mas’uliyat: Energiya resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatiladi
Viloyat prokurori Murodqosim Eshnazarov qish mavsumini betalofat o‘tkazish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi nazorat tadbirlari va kelgusidagi vazifalar yuzasidan aholiga murojaat qildi
Mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlashda kuz-qish davriga munosib tayyorgarlik ko‘rish hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 21 iyuldagi “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va energetika sohasi ob’yektlari hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2025-2026 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Jumladan, ijtimoiy soha ob’yektlarini energiya resurslari hamda ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlash, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir va yoqilg‘i ta’minotidagi muammolarni aniqlash, ularni tezkorlik bilan bartaraf qilish, qonun buzilishi holatlariga nisbatan tegishli choralar ko‘rish orqali qish mavsumini betalofat o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha Samarqand viloyat shtabi tashkil qilingan.
Mazkur shtabda “1055” qisqa raqami tashkil qilinib, murojaat va takliflar tunu-kun qabul qilinmoqda.
Yildan-yilga tabiiy resurslarning kamayib borishi, elektr energiyasi va tabiiy gazga bo‘lgan talabning ortishi kuzatilayotganda, uning samaradorligi va tejamkorligi ham o‘ta muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Energetika sohasida davlat nazoratini amalga oshirish jarayonida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ushbu sohada ta’sirchan davlat nazorati ta’minlanmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2023 yil 24 maydagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra viloyatda energiya samaradorligiga erishish, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash hamda talon-torojliklarning oldini olish borasida kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.
Mazkur chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
2025 yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan reyd tadbirlari natijasida jami 12 353 ta (tabiiy gaz – 3 290 ta, elektr energiyasi – 9 061 ta) noqonuniy holatlar fosh etilib, ta’minotchi korxona va tashkilotlar manfaatlariga 78 milliard 38 million so‘m (tabiiy gaz – 26 mlrd. 923 mln. so‘m, elektr energiyasi – 51 mlrd. 114 mln. so‘m) zarar yetkazilganligi aniqlanib, aybdorlarga nisbatan keskin choralar ko‘rildi.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida qonun buzilishi va unga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida
76 ta taqdimnoma kiritildi, 478 nafar mansabdor shaxs qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida rasman ogohlantirildi. 194 nafar mas’ul intizomiy, 68 nafari esa ma’muriy javobgarlikka tortildi, qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 90 dan ortiq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha aybdorlarga tegishli choralar ko‘rilmoqda. Biroq bu holatlarning oldi olinmasa, energiya resurslaridan oqilona foydalanish choralari ko‘rilmasa, qish mavsumini betalafot o‘tkazishga salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Viloyatda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etish borasida huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari bilan hamkorlikdagi tadbirlari davom etmoqda.
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishning aksariyat qismi iste’molchilar tomonidan elektr va gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanish, hisoblagich ko‘rsatkichlarini qasddan kamaytirish maqsadida unga tashqi ta’sir ko‘rsatish, hisoblagich plombalarini iste’molchilar tomonidan buzish, o‘zboshimchalik bilan hisoblagichni almashtirish bilan bog‘liq bo‘lmoqda.
Hurmatli viloyatimiz fuqarolari!
Vazirlar Mahkamasining 319-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ga asosan qayd etilgan qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan fuqarolarga energiya resurslari amaldagi tarif narxining 3 barobar o‘suvchi koeffitsiyenti hamda umumiy da’vo muddati davri 3 yildan oshmagan holda amalga oshirilishi belgilangan.
Shu bois, viloyatimiz aholisidan bu kabi qonunbuzilishi holatlari kelib chiqmasligi uchun qonuniy asoslarga ko‘ra, davlat xizmatlari orqali tarmoqqa ulanish hususida ta’minotchi korxonalarga murojaat qilib, energiya resurslaridan foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzish maqsadga muvofiqligini eslatib o‘tamiz.
E’tiborimizni qaratish lozim bo‘lgan yana bir holat, energiya resurslari sarfini kamaytirish, energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish, muqobil energiya ulushini ko‘paytirishni ta’minlash orqali ularni iqtisod qilish hozirda eng dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida 90,9 megavatt quyosh panellari, 116,8 ming litr geliokollektor, 538 ta reaktiv kompensatorlar o‘rnatilishi ta’minlandi.
Kuz-qish mavsumida tabiiy gaz yetib bormagan 695 mahalla va 429 ta ijtimoiy soha ob’yektiga jami 6981 tonna suyultirilgan gaz hamda 100 ming tonna ko‘mir yetkazib berildi.
Energiya resurslaridan samarali va tejamkorlik bilan foydalanmasak, ta’minot barqarorligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Yoqilg‘i-energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash hamda bu boradagi jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan va berilayotgan imkoniyatlardan keng foydalanmog‘imiz zarur.
Bu boradagi ishlarni yanada samarali ro‘yobga chiqarish uchun esa prokuratura organlari, avvalo, keng jamoatchilik, xususan, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar vakillari, jurnalist va blogerlar, eng muhimi, har bir fuqaroning ko‘magi va uzviy hamkorligiga tayanadi.
Hurmatli samarqandliklar!
Prokuratura organlari viloyatdagi barcha korxona va tashkilotlar tomonidan o‘zlariga yuklatilgan funksional vazifalarni benuqson bajarishlarini ta’minlash, qonun buzilishi holatlarining oldini olish, qonunni buzgan aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish orqali qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun barcha kuch va vositalarni safarbar qiladi.