Issiqxonalarning barchasi gaz bilan ta’minlanadi
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga binoan respublikamizning barcha hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan issiqxonalarga tabiiy gaz berish boshlanganidan xabaringiz bor. Shu kunning o‘zida viloyatimizdagi 137 ta issiqxonaning 75 tasiga ham gaz berila boshladi. Qolganlarida esa hujjatlashtirish ishlari davom ettirildi.
Bugungacha "Samarqand hududgaz" viloyat filiali mutaxassislari tomonidan qolgan tadbirkorlarga tegishli issiqxonalar ham o‘rganib chiqilib, tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha shartnomalar tuzildi.
- Ikki kun mobaynida viloyatimizdagi 120 ta issiqxona xo‘jaliklarining gaz tarmog‘iga ulanish bilan bog‘liq texnikaviy va xavfsizlik holatlarini o‘rganib, mas’ul xodimlari bilan suhbatlashdik, - deydi filial direktori Ansor Muhammadiyev. - Bugungacha shahar va tumanlardagi 94 ta issiqxona bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzildi va gaz tarmog‘iga ulab berildi.
O‘rganishlar natijasida jami 44 ta issiqxonaning tabiiy gazdan 5 milliard so‘mdan ortiq qarzi borligi ma’lum bo‘ldi.
Filial mutaxassislari qarzi bo‘lgan tadbirkorlar bilan suhbatlashib, mavjud qarzdorlikni uzish borasida ham kelishib oldi. Tabiiy gazga ehtiyoji bo‘lmagan 17 ta issiqxonaning holati o‘rganilib, ularni muqobil isitish mahsulotlari bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
D.To‘xtayev.