Issiqxonalarga tabiiy gaz berilyapti. Ammo ayrim talablar ham bor
Atmosferaning yomonlashuvida issiqxonalarning ham ta’siri katta. Chunki so‘nggi paytda issiqxonalarni isitish uchun turli rezina, eskirgan transport shinalari va boshqa vositalar yoqilmoqda.
Ammo aksariyatida zamonaviy filtrlar o‘rnatilmagan. O‘tkazilayotgan reyd va monitoringlarda bunday holatlar aniqlanib, ularga chek qo‘yilmoqda.
Ikki yil ilgari ko‘p gaz sarflovchi yirik korxona va tashkilotlar, jumladan, issiqxonalarning ham ko‘mirdan foydalanishi talab qilingan edi.

Bugungi kunda tabiiy gazdan foydalanish uchun «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali bilan shartnoma tuzgan issiqxonalar soni 75 tani tashkil qiladi.
- O‘tgan yili viloyat bo‘yicha 86 ta issiqxonaga tabiiy gaz berilgandi, - deydi «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali direktori o‘rinbosari Salohiddin Mallayev. – Joriy yilda ularning soni 75 tani tashkil etmoqda. Ularning ko‘pchiligi yilning issiq paytida tabiiy gazga ehtiyoj bo‘lmagan vaqtda faoliyat ko‘rsatmoqda. Endi sovuq tushishi bilan tadbirkorlar kelib, gaz tarmoqlariga ulanishni so‘rayapti. Agar issiqxonalar texnik talablarga javob bergan holda ruxsatnoma olsa, zudlik bilan tarmoqqa ulanmoqda.
«Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali Samarqand tumani bo‘limi bilan shartnoma tuzgan 5 ta issiqxonada joriy yil hisobidan biror marta tabiiy gazdan uzilish bo‘lgani yo‘q. Jumladan, tumanning Chumchuqli mahallasidagi «Ikromjon olma bog‘lari» MChJga qarashli 5 gektarlik issiqxona uch yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

- Tabiiy gazga moslashgan tizim orqali 2 gektar maydonda o‘n turdan ziyod gul ko‘chatlari yetishtiryapmiz, - deydi korxona agronomi Akmal Raimjonov. – Ikki yil ilgari tabiiy gazdan uzilgach, samaradorlik pasayib, tuzilgan shartnomalarimizni bajara olmay qoldik. Ko‘p iqtisodiy zarar ko‘rdik. 2024 yilda yana tabiiy gaz tarmoqlariga ulanishga ruxsat berilgach, faoliyatimiz rivojlandi. Ayniqsa, Prezidentimizning 2025 yil 8 oktyabrdagi «Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ishimizni kengaytirishga turtki bo‘ldi. Endi pomidor, bodring, turli xil ko‘katlar yetishtirmoqchimiz. Hozirda yer maydonlarini tayyorlab, urug‘ ekishga hozirlab qo‘yganmiz.
Tumandagi “Karvon fayz” MChJga qarashli 1,5 gektarlik issiqxona ham tabiiy gaz bilan isitiladi va yiliga 30 tonnagacha pomidor, bodring yetishtiriladi.
– «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali tuman bo‘limi bilan tuzilgan shartnoma asosida uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlanganmiz, - deydi korxona ish boshqaruvchisi Rafiq Karimov. - Xorijdan olib kelingan zamonaviy isitish tizimlari gazni iqtisod qilishga yordam beryapti. Shunday bo‘lsa-da, dizel yoqilg‘isi bilan ishlaydigan qo‘shimcha pechlarimiz ham tayyor turibdi. Agar gaz bosimi pasayib ketsa, darrov ishga solamiz. Lekin hozircha bunday holat bo‘lgani yo‘q.
Tuman gaz korxonasi mutaxassislari barcha issiqxonalarning texnik holati, tarmoqlarni o‘rganib, yetarli miqdorda gaz yetkazib bermoqda.
- Issiqxonalar faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yaxshi samara bermoqda, - deydi «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali tuman bo‘limi yetakchi muhandisi Orifjon Narziqulov. – Ular uchun gaz yetkazib berishda hech qanday cheklov yo‘q. Ya’ni, issiqxona egalari belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan holda tabiiy gazdan foydalanish imkoniyatiga ega. Oktyabr, noyabr va dekabr oylarida issiqxonalar egalariga gaz uchun avvalgi 100 foiz o‘rniga, 50 foizlik oldindan to‘lovni amalga oshirishga ruxsat berilgan. Shuningdek, ular elektr va gaz uzilishlari haqida oldindan xabardor qilinadi.
2026 yil 1 yanvardan 2028 yil yakuniga qadar issiqxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi. Ularni tabiiy gaz bilan kafolatli ta’minlagan holda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va eksporti hajmini 30 foizdan 70 foizga oshirish hamda kelgusi yildan ularning yer maydonlarini ham ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.
Tabiiy resurslarga talab yildan yilga oshyapti. Sovuq paytda tarmoqqa katta yuklama tushib, gaz bosimi pasayib ketishi mumkin. Shuning uchun ham ta’minotchi bilan tuzilgan shartnomada har bir tadbirkorning o‘z zaxira yoqilg‘isi bo‘lishi kerak, degan band bor. Texnik shartning o‘zida ham ta’minotchining qishda gaz yetkazib berolmasligi mumkinligi qayd etilgan. Gaz uzildimi, tadbirkor muqobil yoqilg‘iga o‘tishi kerak. Shunda ham issiqxonadan foydalanilayotgan pech va isitish vositalaridan chiqayotgan zaharli gazlar atrof-muhitga zarar yetkazmasligi zarur. Buning uchun esa ular tozalash uskunalari o‘rnatishi talab qilinadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.