Samarqanddagi 56 gektar issiqxona nega "ishlamayapti"?

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir gektar issiqxonada kamida 50 tonna sabzavot yetishtirish mumkin va mahsulotni bozor narxida kilogramini o‘rtacha 20 ming so‘mdan sotganda ham bir milliard so‘m daromad degani. Ikkinchi hosildan ham yana shuncha foyda olinsa, bir gektar issiqxonadan yiliga 2 milliard so‘m daromad qilsa bo‘ladi.

Biroq tumanlarda mavjud issiqxonalar faoliyatiga tadbirkorlar yetarlicha e’tibor qaratmayotgan ko‘rinadi.

Viloyat ishchi guruhi tumanlarda bo‘lib, issiqxonalarni o‘rgandi. O‘rganishlarga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tumanining Kadan mahallasidagi 10 ta issiqxonadan atiga ikkitasi ishlayapti. Narpay tumanidagi jami 5 gektarli 5 ta issiqxonadan 2  tasi ishlab turibdi. Vaholanki, bir gektar issiqxonadan 45 tonnadan 150 tonnagacha pomidor yok bodring yetishtirish, o‘nlab ish o‘rinlari yaratish mumkin.

Paxtachi tumani Burqut mahallasidagi 29 ta issiqxonadan 11 tasigina ishlamoqda. Achinarlisi, “Turonbank”ning 1 milliard 100 million so‘m kredit mablag‘i hisobiga tashkil etilgan va har biri 1 gektardan 10 ta issiqxona ishlamayapti.

Oqdaryo tumani Taraqqiyot mahallasida zamonaviy issiqxona tashkil etish uchun yer maydonlari ajratilgan. Biroq bu yerlar tumandagi soha mas’ullarining e’tiboridan chetda qolgan va yerni o‘zlashtirish maqsad qilingan ko‘rinadi. Yo‘nalishdan og‘ishgan tadbirkorlar qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish o‘rniga issiqxona hududida shlakoblok ishlab chiqarish sexi tashkil etgan.

Samarqand tumani Ipakchi va Toyloq tumani O‘zbekiston mahallalaridagi holatni ham qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Bu hududlarda ham issiqxonalarning aksariyati qarovsiz qoldirilgan.

Umuman, ishchi guruh tomonidan viloyat tumanlaridagi 319 ta fermer xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi korxonalarining 500 gektar maydondagi issiqxonalari monitoringdan o‘tkazilgan. Issiqxonalarning 223 gektari tabiiy gaz, 227 gektari ko‘mir bilan istiladi va 38 gektarida isitish tizimi mavjud emas. To‘liq plyonka qoplangan issiqxonalarning 474 gektari tomchilatib, 15 gektari ariq suvida sug‘oriladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-sentyabr oylarida issiqxonalarda jami 24 ming 843 tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirilgan. Yil yakunigacha yana 18 ming 572 tonna qishloq xo‘jalik mahsuloti yetishtirish reja qilingan.

Ma’lumot uchun, bozorlarimizda 30 sentyabrdan 31 oktyabrgacha pomidor 7,5 ming so‘mdan 15 ming so‘mgacha, roppa-rosa 2 karraga qimmatlashgan. Bodring narxi 11 ming so‘mdan 15 ming so‘mgacha, 36 foizga oshgan. Endi viloyatdagi issiqxonalarda yetishtirilgan pomidor yoki bodringdan qancha daromad olish mumkinligini hisoblab ko‘ravering.

Issiqxonalar uchun qancha mablag‘ ajratilgan?

Viloyatda 2017-2024 yillarda issiqxonalarni tashkil etishda 8 ta tijorat banki orqali xalqaro moliya institutlari kredit mablag‘lari hisobidan 97 ta loyiha uchun 35,3 million dollar kredit mablag‘lari ajratilgan.

Prezidentimizning 2022 yil 2 noyabrdagi “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida viloyatda issiqxona va muzlatkichli omborxona xo‘jaliklarining moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish maqsadida 280 ta xo‘jalikning tijorat banklaridan 7 yil muddatga olgan 1 trillion 122 milliard so‘m krediti muddatlarini uzaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlangan. Takliflarga asosan 257 ta xo‘jalikning 1 trillion 7 milliard so‘m (92 foiz) krediti 14 yil muddatga qayta rasmiylashtirib  berilgan.

Qars ikki qo‘ldan chiqadi

- Rejaga ko‘ra, viloyatdagi mavjud issiqxonalardan bir mavsumda 26 ming tonna mahsulot yetishtirish belgilangan, - deydi agrosanoatni rivojlantirish agentligi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Fayzulla Tolliboyev. – Ammo hozirda viloyatimizda jami 56 gektar maydonda tashkil etilgan 34 ta issiqxona faoliyat yuritmayapti. Ularning ayrimlari kredit qarzdorligi tufayli, ayrimlarida mahsulot deyarli tayyor bo‘lganda elektr yoki tabiiy gazdan uzilgan va mahsulotdan ayrilgach, ishni tashlab qo‘ygan. O‘rganishlarimizga ko‘ra, tadbirkorlarni ko‘proq vositachilar orqali xorijdan keltiriladigan sifatli urug‘ning qimmatligi, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash xarajatlarining yuqoriligi qiynamoqda. Busiz sifatli mahsulot yetishtirish qiyin, albatta bunday xarajatlar mahsulot tannarxiga qo‘shiladi.

Prezidentimizning 2024 yil 26 sentyabrdagi “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan issiqxonachilikda faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga qator yengilliklar yaratilmoqda. Jumladan, xorijdan agronom yoki entomolog jalb qilinganda uning maoshi 50 foizi agentlik tomonidan qoplanishi belgilandi. Rejaga ko‘ra, qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish uchun issiqxonaga yer ajratilgandi. Bunda issiqxonachi o‘rtacha 40 tonna hosil olib, uni qayta ishlovchi, eksportchi yoki bozor bilan bo‘lsa ham shartnoma tuzib qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratishi, ish o‘rni tashkil etishi lozim edi. Lekin hosil pishgandan keyin boshqa hudud nomidan savdoga chiqib ketyapti.  

Masalaga bir tomonlama yondoshmaslik uchun issiqxonachilar muammosiga ham to‘xtalsak. 1 gektar issiqxonani bir mavsumda isitish uchun 160 ming kub metr tabiiy gaz yoki 215 tonna ko‘mir talab etiladi. O‘rtacha hisoblaydigan bo‘lsak, bir kub metr tabiiy gaz uchun 1500 so‘mdan, ko‘mirning o‘rtacha narxi tonnasiga 1 million 200 ming so‘mdan xarid qilinadi. Bu ham tannarx oshishiga olib keladi. Faqat gidroponika usulidagi issiqxonalar torfda ishlagani uchun ularga yoqilg‘i ehtiyoji bu qadar ko‘p emas.

Soha sub’yektlari faoliyatida yuzaga kelayotgan muammo va tabiiy ofatlar oqibatlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha viloyat tezkor shtabi tashkil etildi. Isitish tizimidan uzilgan, umumiy maydon 227 gektar bo‘lgan 136 ta issiqxona xo‘jaliklarining belgilangan talablarga mos keluvchi 76 tasi hokimlik va hududiy gaz ta’minoti bilan uch tomonlama shartnoma imzolab, gaz tarmog‘iga qayta ulandi. Issiqxonalardan samarali foydalanish hamda ish o‘rinlarini ko‘paytirish maqsadida har bir tumanda o‘rtacha 5 gektargacha, viloyat bo‘yicha jami 50 gektar maydonda issiqlik tizimisiz, kigiz qoplamali 10 sotixli ixcham, yengil konstruksiyali issiqxonalarni qurish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlari ro‘yxati shakllantirildi. Loyiha amalga oshirishirilishi natijasida 500 nafar doimiy va 1200 nafar mavsumiy yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Tabiiy gaz uchun oldindan to‘lovni 50 foiz miqdorida belgilangan holda kafolatli  va uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berish, issiqxona xo‘jaliklarida normativdan kam bo‘lmagan miqdorda mahsulot ishlab chiqargan (statistik ko‘rsatkichlarda aks etgan) va realizatsiya qilingan (hisob raqami orqali) har bir kilogramm mahsulot uchun subsidiya berish tizimini joriy qilish takliflari ishlab chiqildi. Muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan hamda tegishli tartibda kafillik, sug‘urta va garov taqdim etayotgan issiqxona xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari tomonidan aylanma, xususan urug‘lik, ko‘chat, o‘g‘it, kimyoviy vositalari hamda tabiiy gaz va ko‘mir yoqilg‘isi uchun qisqa muddatli kredit mablag‘lari ajratilishini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

O‘ktam Xudoyberdiyev.