"Men qoziman, vazir emas"

Bir saltanat amiriga vaziri: "Olampanoh, qozikalon haddidan oshdi", debdi. Amir undan: "Nima gap, tinchlikmi?" deb so‘rabdi.

"Bu qozi biron bir mojaroni hal etsa, shariat qonunlarida bunday, shariatda unday, deb ajrim chiqaradi. Biron bir ishni ko‘rayotganda aqalli "Amirimiz iltifot qildilar, bizning haq-huquqimiz ul adolatli oliy zotning ilkida", deb aytmaydi", debdi.

Amir undan so‘rabdi: "Qozi shunday gaplarni aytishi lozimmi?"

Vazir: "Albatta, amirim, fuqaro va miskin orasida sizning obro‘yingizga obro‘ qo‘shilar, hokimiyatingiz mustahkam bo‘lar edi", deb javob beribdi.

Bir kuni Amir qozi bilan o‘zaro suhbatda: "Taqsir, nega siz ish ko‘rayotib, "Amirimiz iltifotli - fuqarolarning haq-huquqi ul adolatparvar zotning himoyasida", deb ajrim qilmaysiz?"? deb so‘rabdi.

Shunda qozikalon: "Onhazrat, bunga sabab shuki, siz meni qozi lavozimiga tayinlagansiz, vazir lavozimiga emas", deb javob bergan ekan.