Taraqqiyot intilganniki, birlashganniki
Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida» maqolasini o‘qib
Yashirib nima qildik, uzoq yillar davomida qo‘shni davlatlar rahbarlarini televizorlarda ko‘rardik. Bugun o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Xususan, Samarqandga dunyoning deyarli barcha davlatlari rahbarlari qadam qo‘ymoqda.
Gap faqat kelib-ketish, bordi-keldidagina emas, ana shu munosabatlarning samaralari haqida bormoqda. Ehtimol, shuning uchun maqolani mutolaa qilish jarayonida ko‘z oldimda ana shu holatga kelgunga qadar mamlakatimizda, atrofimizda ro‘y bergan voqealar kino tasmasi kabi o‘taverdi…
Mintaqamizda mustaqillikka erishgan barcha davlatlar avvaliga karaxt, so‘ng esa o‘z manfaati yo‘lida har xil mayda-chuyda uchun ham kurashadigan bo‘ldi. Milliy nizolar, chetning aralashuvi bilan bo‘ladigan fisq-fasodlar bizni bir-birimizdan ayro ushlab turdi. Hatto bir-birimizga tosh ham ota boshladik, qarindoshlarni ko‘rish uchun ham chegaralardan o‘ta olmay qoldik.
Xalqimizda qo‘l uzatish, degan bir ibora bor. Bu har xil holatda bo‘lishi mumkin. Qo‘l uzatish uzoq vaqt munosabatda bo‘lmaganlarning mehrini bildiradi. Kim birinchi bo‘lib qo‘l uzatsa, savobning egasi o‘sha bo‘ladi. Garchi og‘ir kechsa-da, garchi ayrimlar buni qabul qilmasa-da, O‘zbekiston qo‘shnilarga birinchi bo‘lib qo‘l uzatdi. Binobarin, qo‘shnilarimiz ham ana shunday kayfiyatda ekanligi - bu baxt! Ana shu baxtga ko‘z tegmasin!
Nazarimda bugungi holatni sharhlashga hojat yo‘q. Chunki biz saboqlardan xulosa chiqara oldik. Faqat ahillikkina, tinchlikkina bashariyat hayotini saqlab turishi mumkinligini tushundik. Ming yillardan buyon mana shu mintaqa aholisi bilan taqdirimiz birligini angladik. Ana shu anglash jarayonida chinakam fidoyilik ko‘rsatgan, har qanday qiyinchiliklardan qo‘rqmagan yetakchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ekanligi bilan faxrlanamiz.
Maqolada Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi, o‘zaro yaqinlashuvi hamda xalqaro maydondagi hamfikrlikka erishish jarayoni nihoyatda ravshan izohlab berilgan. Binobarin, 2018 yilda BMT minbarida ilk bor o‘zbek tilida ma’ruza qilgan Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo xalqlari, ularning rahbarlari tinchlik, hamkorlik, birodarlik yo‘lini tanladilar. Biz hali bu mintaqada farovon hayot quramiz, bir-birimiznikiga erkin borib kelamiz, birgalikda rivojlanamiz, degan mazmunda aytgan gaplarini eslang. Biz bugun shu maqsadga erishdik. Bugun mintaqadagi respublikalar bir-biri bilan juda yaqin bo‘ldi. Chegaralardagi muammolar barham topdi, bordi-keldi kun sayin avj olmoqda. Muhimi, ijtimoiy sohadagi munosabatlarda ham yaqinlik sezyapmiz. Maqola muallifi ana shu ijtimoiy yaqinlik haqida alohida to‘xtalgani bejiz emas. Bu – dinimiz, urf-odatlarimiz, tarixiy an’analarimiz bir bo‘lgan sharoitda maqsad sari birga intilishimiz demak.
Mintaqa davlatlari hamkorligining yana bir muhim jihati bor. Bu davlatlar rahbarlari hech qanday o‘rtakashsiz, o‘z dil amri bilan bir-biriga intildilar, xalqlarimiz ham ana shu xayrli ishni qo‘llab-quvvatladi. Shuning uchun bu birodarlikning qadri baland turadi. «Biz Markaziy Osiyo xalqimiz», degan tashabbusning paydo bo‘lishi ana shu ijtimoiy yaqinlashuvning samarasi, deb bilaman.
Bu olam sahnida yashash oson emas. Globallashuv jarayoni garchi tarixiylik kasb etsa-da, xalqaro miqyosda siyosiy kuchlar tizimini izdan chiqarmoqda. Munosabatlardagi chigallik nafaqat bir yoki ikki davlat, balki jahon miqyosida turli ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘layotir. Ana shunday sharoitda, avvalo, mamlakat ichida oqilona siyosat yuritish, tinchlik, millatlar o‘rtasidagi totuvlikni barqaror ushlash oson ish emas. Buni yer sharining istagan nuqtasida ilgari buyuk sanalgan davlatlarning inqiroz sari borayotganligi ko‘rsatib turibdi. Yoki aksincha, o‘z hududida tinchlikni, barqarorlikni ushlagan mamlakatlar katta nufuzga, qudratga ega bo‘layotir. Shuning uchun ham Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqadagi barcha davlatlar uchun ham nihoyatda zarur ekanligini maqola muallifi asosli ravishda ayta bilgan.
Munosabatlarimiz konstruktiv, strategik asosda qurilmoqda, ya’ni har qanday holatda ham munosabatlar barcha tomon uchun manfaatli bo‘lishi shart. Qolaversa, o‘zaro hamkorlikda erishgan qudratimiz bizni doimo chetdan keladigan xavf-xatarlardan asrab turadi.
Bugun dunyo jamoatchiligi mintaqamizdagi taraqqiyot va osoyishtalikka, hamkorlikka havas bilan qaramoqda. Amerika, Xitoy, Rossiya va Yevropa Ittifoqining hamkorlik sari Markaziy Osiyoga intilishi fikrimizning isbotidir. Bu hamkorlikda mintaqadagi barcha respublikalar rahbarlari hamda aholisining mayil bildirishi eng katta yutug‘imizdir.
Dunyo yangi voqealar ostonasida. Taraqqiyot intilganniki, birlashganniki. Maqolaning asl mohiyatidan ham davlatimiz rahbarining ana shu da’vatini sezish mumkin.
Farmon TOShEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.