Vatanimiz bayrog‘i haqida nimalarni bilasiz? Uning jahonda tutgan o‘rni haqida-chi?

*18 noyabr - O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun

Bayroq eski turkiyga atama bo‘lib, bundan ming yillar avval ham aynan shu ma’noda qo‘llangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu nom qadimgi turkchada baziraq, badiroq, batiroq tarzida ham qo‘llanilgan.

Ya’ni, bayroq biror el-ulus, qavmning erkinlik belgisi bo‘lib, u baland joylarga, hukmdorlar chodiriga o‘rnatib, sanchib (botirib) qo‘yilgan. Uni tug‘, yalov, sanchoq (sanjoq) nomlari bilan ham ataganlar.

Tariximizda hukm surgan turli sulolalar, davlatlar ham o‘z bayroqlariga ega bo‘lgan. Masalan, qadimgi Ko‘kturk hoqonligi, Amir Temur davlati bayrog‘i moviy, qadimgi ajdodlarimiz bo‘lgan xunlarning bayrog‘i oq, G‘aznaviylar davlati, Qo‘qon xonligi bayroqlari yashil, Turkiston muxtoriyati bayrog‘i ko‘k va qizil ranglarda edi. Binobarin, bayrog‘imizni qabul qilishda, unda muayyan ranglarni belgilashda tarixiy an’analarimizga urg‘u berilgan.

Davlatimiz bayrog‘i - xalqaro maydonda

1991 yil 18 noyabrda «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan va shu kundan e’tiboran O‘zbekiston hududida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i mustaqillik, hurlik, barqarorlik timsoli sifatida baland ko‘tarilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi 1992 yil 2 mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Ayni shu sanadan boshlab O‘zbekiston bayrog‘i BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohi oldida, nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va davlatlarning bayroqlari qatorida baland ko‘tarilgan va doim hilpiramoqda.

Bayrog‘imiz tasviri tushirilgan milliy havo kemasi ilk bor mamlakatdan tashqarida qayerga uchgan?

1992 yilda Birinchi Prezident Islom Karimov farmoni bilan «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tashkil etildi. Ilk parvozlar mamlakat ichida amalga oshirilgan bo‘lsa, keyinroq «Toshkent-London» yo‘nalishi bo‘yicha birinchi reys yo‘lga qo‘yildi. Ushbu parvozlarni amalga oshirgan milliy havo kemalarimizda O‘zbekiston bayrog‘i tasviri tushirilgan.

Vatinimiz bayrog‘i dunyoning eng baland cho‘qqi va minoralarida

Dunyoning 372-kosmonavti, Rossiyaning sakson sakkizinchi va birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov 1998 yilning 23 yanvaridan 31 yanvarigacha kosmosga ilk parvozi davomida O‘zbekiston Davlat bayrog‘ini Shimoliy qutbga o‘rnatadi. U O‘zbekiston Respublikasining «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan.

2019 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi, shuningdek, 2020 yil 1 sentyabrda O‘zbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan dunyodagi eng baland bino — Burj Xalifa O‘zbekiston bayrog‘i ranglari bilan yoritildi.

O‘zbekistonlik alpinist Sergey Denisenko 2021 yil 1 iyun kuni Everest (Jomalungma) cho‘qqisiga (8848 metr balandlikka) chiqqanda, O‘zbekiston bayrog‘i va Prezident Shavkat Mirziyoyev suratini ko‘tardi. Bu Nepal tomonidan o‘zbekistonlik alpinistning birinchi marta Everest cho‘qqisiga chiqishi edi. Keyinroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Everestni zabt etgan alpinistni “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni va avtomobil bilan mukofotlagan. 

1 sentyabr – O‘zbekiston Mustaqilligi kuni Hindistonning mashhur me’moriy yodgorliklaridan biri, ya’ni tarixda ilk bor g‘ishtdan qurilgan dunyodagi eng baland minora Dehlidagi Qutb Minor mamlakatimiz bayrog‘i ranglari bilan yoritildi. Bu hind xalqining o‘zbek xalqiga bo‘lgan hurmat va do‘stligi ramzi, shuningdek, O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligig  o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘ldi.

YuNESKO — BMTning ta’lim, madaniyat va fan masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkiloti. O‘zbekiston YuNESKOga 1993 yil 26 oktyabrda mustaqil davlat sifatida a’zo bo‘lgan va bu tashkilotning har bir sohadagi ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Shu sanadan boshlab tashkilotning Parijda, Fontenua maydonida joylashgan shtab-kvartirasi oldida O‘zbekiston bayrog‘i sarbaland turibdi. Yaqinda Samarqandda o‘tkazilgan YuNESKO Bosh konferetsiyasining 43-sessiyasi doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda 200 ga yaqin davlat vakillari qarshisida davlatimiz bayrog‘i yana baland ko‘tarildi.

Qashqadaryoda O‘zbekistondagi eng baland cho‘qqi — «Hazrati Sulton»ga yurtimiz bayrog‘i o‘rnatilgan. «Hazrati Sulton» cho‘qqisining balandligi 4643 metrni tashkil etadi.

2021 yilning 13 yanvar kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazilgan. Unda rekord darajadagi - 1 ming 100 kvadrat metr bo‘lgan bayroq harbiy askarlar ko‘magida keng yoyilgan.

34 yildirki, davlatimiz bayrog‘i turli bayram tantanalarida, xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning kuch-qudrati, sha’ni va mustaqilligining ifodasi sifatida hilpiramoqda. Dunyo mamlakatlaridagi elchixonalarimiz binolarida, xalqaro tashkilotlar qarorgohlarida ham bayrog‘imiz davlatimizning ramzi sifatida sarbaland turibdi.

Chet ellarda hilpirab turgan bayrog‘imizga ko‘zimiz tushganda, yuragimizda cheksiz faxr tuyg‘usi uyg‘onadi, ruhimiz ko‘tariladi. Zero, bayrog‘imiz timsolida dunyoning qaysi nuqtasi bo‘lmasin, O‘zbekiston degan muqaddas Vatanimiz, bizning himoyachimiz va suyanchig‘imiz borligini his qilamiz.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV tayyorladi.