Samarqandliklar bir bayroq ostida birlashdi
Samarqandda 18 noyabr - O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan katta tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir shahardagi Alisher Navoiy ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan yurish marafoni bilan boshlandi. Marafonda faxriylar va nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchi va talaba yoshlar ishtirok etib, bayroqqa bo‘lgan hurmat va muhabbatlarini namoyon etdilar.

"Ko‘ksaroy" maydonidagi katta bayroq ostida maxsus sahna o‘rnatilib, bu yerda sanaga bag‘ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi. Unda viloyat hokimning o‘rinbosari Rustam Qobilov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov va boshqalar so‘zga chiqib, bayroq, uning qadri, milliy g‘urur, Vatanga sadoqat va yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati haqida fikr bildirdilar.

- Bugungi tadbirga ustozlarim bilan birga keldim, - deydi Payariq tumani 68-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Alinur Nurmuhammadov. - O‘zim bilan portretga chizgan bayroq rasmimni olib keldim. Bu rasmni chizayotganimda ko‘nglimdan g‘urur, shodlik va Vatanga mehr kabi ajib hislar o‘tdi. Bayrog‘imiz menga doimo kuch va ilhom bag‘ishlaydi.

Viloyatda Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlangan bunday tadbirlar barcha shahar va tumanlarda, korxona va tashkilotlarda, ta’lim muassasalarida davom etmoqda. Ularning barchasida Vatan ramzlariga hurmat, yoshlarda milliy o‘zlikni anglash va faxr tuyg‘ularini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.