Bayroq so‘zi qanday paydo bo‘lgan?

*18 noyabr — O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun

Tilshunoslarning ta’kidlashicha, bayroq qadimgi turkchada baziraq, badiroq, batiroq tarzida ham qo‘llangan. Bayroq biror el-ulus, qavmning erkinlik belgisi bo‘lib, u baland joylarga, hukmdor chodiriga o‘rnatilib, sanchib qo‘yilgan. Uni tug‘, yalov, sanchoq (sanjoq) nomlari bilan ham ataganlar.

Past Darg‘om tumanida Baqiroq va Sanchiqul mahallalari mavjud. Bu joy nomlarining xalq tomonidan atalishi bayroq nomi bilan bog‘liq. Baqiroq aslida qadimiy turkiy tilda baziroq, badiroq, batiroq, botirmoq, bayroq so‘zlarining talaffuzda o‘zgarish holatidir. Sanchiqul esa sanjoq, ya’ni bayroqni hukmdor qarorgohiga, baland tepalikka sanchib qo‘yish ma’nosidan olingan. Miloddan avvalgi IV-V asrlarda Kichik Osiyo shaharlarida yashab o‘tgan yunonlar yurtimiz aholisi, viloyatlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishgan. Yozma manbalarda O‘zbekistonning ayrim viloyatlari "ming shahar o‘lkasi", "baland bayroqli go‘zal davlat", "quyosh o‘lkasi" kabi nomlar bilan mashhur. Rimlik tarixchi Pompey Trog baqtriyaliklar misrliklar bilan bahslasha oladilar, deb xabar qiladi.

Yurtimizdagi qadimgi Baqtriya, Xorazm, So‘g‘diyona kabi davlatlar, sak, massaget, o‘g‘uz, qarluq, qipchoq, qavchin, barlos, orlot, jaloyir, saroy, qo‘ng‘irot, ming qabilalarining mustaqil ramzi - bayrog‘i bo‘lgan. Qo‘shin safida bayroq ko‘tarib boradigan shaxs bayroqdor deyilgan. Davlat bayrog‘i muqaddas sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni, kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir. Davlat bayrog‘i mamlakat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatadi.

Sharifjon SAXATOV,

Past Darg‘om tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tarix fani o‘qituvchisi.