Turkiyaning Ordu universitetida “O‘zbek tili va madaniyati” markazi ochildi

17–22 noyabr kunlari Samarqand davlat pedagogika instituti delegatsiyasi Turkiyaning Ordu va Giresun universitetlariga xizmat safari bilan bordi.

Dastlab Ordu universiteti rektori, professor Orhan Bash bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarda ta’lim, ilm-fan va madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy masalalar muhokama etildi.

Shu kuni ushbu universitetda “O‘zbek tili va madaniyati markazi” ochildi. Mazkur markaz talabalarga, professor-o‘qituvchilarga va tadqiqotchilarga o‘zbek tili, tarixi hamda milliy-madaniy merosni o‘rganish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Markaz faoliyati ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Markaz ochilishiga bag‘ishlab “O‘zbek madaniyati va milliy liboslari” mavzusida konferensiya tashkil etildi. Unda Orhan Bash hamda Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova so‘zga chiqib, o‘zaro hamkorlikning dolzarbligi va istiqbollari haqida ma’lumot berdi.

Konferensiya doirasida o‘zbek madaniyati va milliy liboslariga bag‘ishlangan ko‘rgazma namoyish etildi. Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan ijodiy chiqishlar taqdim qilindi.

Xizmat safarining navbatdagi manzili Giresun universiteti bo‘ldi. Universitet rektori, professor Yilmaz Can bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’lim va ilmiy tadqiqot yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Giresun viloyati hokimi Mehmet Fatih Serdengesti bilan uchrashuv o‘tkazilib, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Muloqot davomida Samarqand davlat pedagogika instituti talabalari uchun Giresun universitetida tahsil olish kvotalari oshirilishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, ERASMUS+ dasturi doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.

Mazkur xizmat safari davomida Turkiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikning yangi bosqichi shakllandi.