Durdona Hakimovaning o‘limi va turk ayollarining bunga munosabati bo‘yicha turkiyalik faollar bilan suhbatlashdik

Yaqinda Turkiyada 37 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimovaning vahshiylarcha o‘ldirilishi va chiqindi qutisiga tashlab ketilishi haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

Hodisa ortidan huquqni himoya qiluvchi idoralar gumonlanuvchilarni qo‘lga oldi, shu bilan birga ayollar huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar Istanbul va Anqara ko‘chalarida tinch namoyishlar o‘tkazdi.

Bu fojia Turkiyada jamiyatni larzaga soldi. Minglab ayollar ko‘chalarga chiqdi. «Erkaklar zo‘ravonligi to‘xtatilsin», «Ayollar uchun adolat talab qilamiz», «Muhojir ayollar yolg‘iz emas» degan shiorlar yangradi. Faqat Istanbulning o‘zida 1000 dan ortiq inson norozilik marshida ishtirok etdi. Anqarada ham yuzlab odamlar yig‘ildi.

Namoyish ishtirokchilari zo‘ravonlikka qarshi kurashish, ayollar xavfsizligini ta’minlash va bunday jinoyatlarning oldini olish masalalariga e’tibor qaratishni talab qildi. Nafaqat turkiyalik ayollar, balki muhojir xotin-qizlarning haq-huquqlariga ham befarq bo‘lmagan, Turkiyadagi “KADEM” Ayollar va demokratiya assotsiatsiyasi rahbari Zehra KAYa xonim bilan shu masala haqda suhbatlashdik.

- Yaqinda o‘zbekistonlik ayol Durdona Hakimovaning vahshiylarcha o‘ldirilishi Turkiyada katta rezonans keltirib chiqardi. Muhojir ayollarning hayotida bu kabi voqealar siz boshchilik qiladigan tashkilot tomonidan o‘rganiladimi?

- Biz, Ayollar va demokratiya assotsiatsiyasi sifatida ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha holatlarida yaqindan ishtirok etamiz. Ayniqsa, jamoatchilikning g‘azabini qo‘zg‘atadigan zo‘ravonlik va qotillik holatlarida jabrlanuvchining etnik kelib chiqishidan qat’iy nazar sud jarayonida ishtirok etish orqali o‘z munosabatimizni bildiramiz. Istanbulda o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi haqida eshitganimiz zahoti ijtimoiy tarmoqlarda bu holatga nisbatan o‘z munosabatimizni bildirdik, Twitter va Instagram kabi tarmoqlarda jinoyatchi albatta ushlanishi lozimligi bo‘yicha xabarlar joylashtirdik.

- Turkiyalik ayollarning bu voqeaga befarq bo‘lmasdan namoyish o‘tkazishi o‘zbekistonlik xotin-qizlarni ruhlantirdi. Bu holatlar qanday natijalarni beradi, deb o‘ylaysiz?

- Ayollar huquqlari masalalari nafaqat ma’lum bir mintaqaning, balki butun dunyoning muammosidir. Achinarlisi, biz, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik iqtisodiy jihatdan rivojlangan jamiyatlarda ham davom etayotganini ko‘ryapmiz. Bu muammoning yechimi xabardorlikni oshirishda. Turkiyada ayollarning bu qotillikka nisbatan munosabati juda muhim, ammo yetarli emas. Biz ilmiy-madaniy doiralardan tortib, huquq va fuqarolik faollarigacha bo‘lgan aholi qatlamlari o‘rtasida gender tenglikni ta’minlash orqali bu xabardorlikni mustahkamlashga harakat qilmoqdamiz. Shuningdek, biz 8 mart va 25 noyabr kunlari ogohlik kampaniyalari orqali jamiyatning ijobiy tomonga o‘zgarishini tezlashtirishga urinyapmiz. O‘zbekiston bilan ham bu masalada hamkorligimiz bor. Xususan, Buxoro texnika universitetida “Oilani mustahkamlashga asoslangan davlat siyosati” xalqaro konferensiyasi ilmiy hamkorligimizning bir qismidir. Ushbu konferensiya 16-17 fevral kunlari Istanbulda davom etadi. “KADEM” tashkilotimiz sifatida bu masaladagi qarashlarimiz va tamoyillarimizni “Ayollar huquqlari tamoyillari deklaratsiyasi” bilan butun dunyoga e’lon qildik.

- Tashkilotingiz tomonidan zo‘ravonlik, tazyiqqa uchragan o‘zbek ayollariga ham xizmatlar ko‘rsatilganmi?

- Hozirda Turkiyaning beshta shahrida faoliyat yuritayotgan “KADEM” ayollarni qo‘llab-quvvatlash markazlariga murojaat qilayotgan barcha ayollarga yordam ko‘rsatadi. Hozirga qadar Istanbulning Edirnekapi shahridagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash markazimizga uch nafar o‘zbekistonlik ayollar murojaat qilgan. Biz ularga zarur yordamni ko‘rsatdik va ularning ehtiyojlari uchun yo‘l xaritasini yaratib berdik. Mijozlar shaxsi sir tutilgani uchun ularning ismi va murojaat etish sabablarini oshkor qila olmaymiz.

- Onlayn bo‘lsa-da, suhbatlashishga rozi bo‘lganingiz va ma’lumotlar bilan bo‘lishganingiz uchun tashakkur! Xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi faoliyatingizga omad tilaymiz.

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.