Samarqandda Turkiyaning 102 yillik bayrami: ikki davlat do‘stligining navbatdagi ifodasi
Samarqand shahrida Turkiya Respublikasi tashkil topganining 102 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, Samarqanddagi Turkiya Respublikasining bosh konsuli Serdar Deniz, viloyat hokimligi mas’ul xodimlari, ziyolilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek Samarqandda faoliyat yuritayotgan turkiyalik fuqarolar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Turkiyaning Samarqanddagi yangi bosh konsuli bo‘lib ish boshlagan Serdar Deniz keng jamoatchilikka tanishtirildi. Bosh konsul O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarini yanada rivojlantirish, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Turkiya hududlari bilan Samarqand viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, turizm sohalarida hamkorlik va aloqalarni yanada rivojlanishiga hissa qo‘shishini bildirdi.
So‘ngra bundan 102 yil avval, 1923 yil 29 oktyabr kuni Mustafo Kamol Otaturk tomonidan tashkil etilgan Turkiya davlati bugun jahonda o‘z o‘rni va mavqeiga ega ekanligi, shuningdek, 1991 yilda O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini e’lon qilganida Turkiya buni birinchilardan bo‘lib tan olgani, bu esa ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va o‘zaro hurmatning yorqin ifodasi ekanligini ta’kidladi.
Bugungi kunda ham Turkiya O‘zbekistonning ishonchli va strategik hamkorlaridan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Samarqand viloyatida turkiyalik tadbirkorlar bilan qishloq xo‘jaligi, qurilish, oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Viloyatdagi qator qo‘shma korxonalar faoliyati ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi ishonchli munosabatlarning yorqin misolidir.

Turkiya Respublikasining 102 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir ikki davlat o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Samarqand shahri yana bir bor xalqaro do‘stlik, hamjihatlik va madaniy bag‘rikenglik markazi ekanini namoyon etdi.