MChJlar haqidagi qonun yangilandi: tadbirkorlar va ulush egalarini nimalar kutyapti?

Mamlakatimizda biznes yuritishning eng ommabop shakli bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar (MChJ) faoliyatida katta o‘zgarishlar yuz berayotgani tadbirkorlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratmoqda. 2026 yil 21 aprel kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan yangi tahrirdagi “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonun sohada uzoq kutilgan yangiliklarni boshlab berdi. Xo‘sh, 71 moddadan iborat ushbu yangi hujjat tadbirkor va sarmoyadorlar uchun nima beradi?

Rahbarlar endilikda “omonatga xiyonat” qilmasligi uchun fidutsiar (vijdonan yondashuv) majburiyatlar tartibi kuchaytiriladi. Ilgari jamiyat direktori yoki kuzatuv kengashi a’zosi o‘z qarori bilan kompaniyaga zarar keltirsa, ularni javobgarlikka tortish qiyin edi. Endi ular jamiyat manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yishga, halol va oqilona ish tutishga qonunan majbur. Bu sarmoyadorlarning puli va haqi yanada mustahkam himoya qilinishini anglatadi. Kuzatuv kengashiga yangi vakolatlar qo‘shilishi tartibi kuchaytiriladi.

Bilamizki, ko‘p hollarda MChJlarda kuzatuv kengashi shunchaki “nomiga” tuzilardi. Yangi qonun bilan ushbu kengashning vakolatlari va a’zolarni saylash tartibi aniq-tiniq yozib qo‘yildi. Endi jamiyat ichidagi nizolarning oldini olish uchun kengash qarorlarini masofadan turib, so‘rov yo‘li bilan (sirtdan) qabul qilish mumkin. Bu qarorlar qabul qilish jarayonini tezlashtiradi va ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yadi.

Ilgari amaldagi qonunchilikda mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyati ko‘proq litsenziya tushunchasi atrofida aylanardi. Ya’ni, tadbirkor ma’lum bir ishni boshlamoqchi bo‘lsa, ko‘p hollarda faqat murakkab va uzoq davom etadigan litsenziya olish jarayonini tasavvur qilardi. Yangi tahrirdagi qonun esa bu boradagi tushunchalarni tubdan o‘zgartirib, biznes uchun “erkinlik maydoni”ni yaratadi.

Endi MChJlar faoliyat yuritishda nafaqat litsenziya, balki ruxsat etuvchi hujjatlar, asosiysi, xabardor qilish tartibidagi faoliyat turlari bilan ham shug‘ullanishlari mumkinligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Xo‘sh, xabardor qilish tartibi nima? Bu tadbirkor uchun eng yengil yo‘l. Bunda Siz davlatga “Men mana shu ishni boshladim, belgilangan talablarga javob beraman”, deb shunchaki xabar berasiz. Haftalab ruxsat kutish, idoralarda navbat turish kabi to‘siqlar olib tashlanadi. Yangilik tadbirkorlarga bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishda (masalan, ham xizmat ko‘rsatish, ham ishlab chiqarish, ham axborot texnologiyalari) faoliyat yuritish imkonini beradi. Ilgari ma’lum bir faoliyat turi litsenziya talab qilingani sabab tadbirkor uni chetlab o‘tgan bo‘lsa, endi ruxsat berish tizimining soddalashgani tufayli yangi bozorlarga dadil kirib borasiz. Bu o‘zgarish nafaqat biznes sub’yektlari sonini oshiradi, balki bozorda sog‘lom raqobatni yuzaga keltiradi. Tadbirkor ortiqcha qog‘ozbozlikka va byurokratiyaga vaqt sarflamasdan, bor e’tiborini xizmat sifatini oshirishga va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratishi mumkin.

Filiallar va sho‘ba korxonalar tartibi o‘rnatildi

Tadbirkorlar biznesini kengaytirib, viloyatlarda filiallar yoki shu’ba korxonalar ochishda huquqiy bo‘shliqlarga duch kelishardi. Yangi qonunda bu jarayonlar alohida moddalar bilan tartibga solindi. Endi filial ochish, uni boshqarish va tugatish tartibi hamma uchun tushunarli va yagona bo‘ladi. Yangi qonun nafaqat biznes turlarini kengaytiradi, balki jamiyat ichidagi adolat mezonlarini yangi bosqichga olib chiqadi. Shuningdek, qonunda shunchaki nomigagina ishtirokchi bo‘lib turish yoki boshqalarning ishiga xalaqit berishning huquqiy oqibatlari aniq belgilandi. Bunda mas’uliyatsiz ishtirokchilar bilan xayrlashish ham mumkin. Agar jamiyat a’zosi o‘z hissasini to‘liq qo‘shmasa va bu harakati bilan kompaniya faoliyatini qiyinlashtirsa, u sud tartibida ishtirokchilar safidan chiqariladi. Bu qoida jamiyatning “yashashi” va rivojlanishi uchun xizmat qiladi. Bir kishining mas’uliyatsizligi butun jamoaning ishini to‘xtatib qo‘ya olmaydi.

Bundan tashqari, ulushlar bilan bog‘liq nizolar sudga tushganida, vaziyat oydinlashguncha ustav fondiga o‘zgartirish kiritish taqiqlanishi mumkin. Bu nima uchun kerak? Ya’ni, nizoli vaziyatlarda ulushlarni yashirincha boshqa birovga o‘tkazib yuborish yoki firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishga qarshi ishonchli qalqon yaratiladi. Endi MChJlar o‘z ixtiyoriga ko‘ra, ishtirokchilarning ulushlari hisobini yuritishni qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysiga topshirishi mumkin. Bu tizim aksiyadorlik jamiyatlarida bo‘lgani kabi, MChJlarda ham ulushlar hisobining 100 foiz shaffof va xavfsiz bo‘lishini ta’minlaydi.

Yangi qonun biznes yuritishni sivilizatsiyalashgan bosqichga olib chiqadi. Bu shunchaki qog‘ozdagi o‘zgarish emas, balki tadbirkorning mulkiy huquqlarini himoya qilish, korporativ nizolarga chek qo‘yish va biznes muhitini shaffof qilish sari tashlangan muhim qadamdir.

Sevdo XAKIMXO‘JAYEVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi.