Media haftalik: Faktcheking, dezinformatsiya nima?
Samarqandda o‘tkazilayotgan “Media haftalik”ning to‘rtinchi kunida ommaviy axborot vositalari vakillari, axborot xizmatlari rahbarlari, mobilograf va televideniye xodimlari uchun treninglar o‘tkazilmoqda.
Bugun xalqaro toifadagi media-ekspert Beruniy Alimov "Axborotni iste’molchi va yaratuvchi o‘laroq tekshirish: faktlarni va vizual axborotlarni tekshirish uchun faktcheking instrumentlari", “Mening yurtim” telekanali bosh prodyuseri Baxtiyor To‘raxonov "Hujjatli film — islohotlarni aks ettirish vositasi" mavzularida, Kontent markazi mutaxassisi Jaloliddin Mirzayev "Mobil reportaj va vizual storitelling" haqida mashg‘ulotlar o‘tmoqda.
- Bugun axborot nafaqat tez, balki nazoratsiz tarqalayotgan muhitdamiz, - deydi ekspert Beruniy Alimov. - Har bir foydalanuvchi bir vaqtning o‘zida ham iste’molchi, ham yaratuvchiga aylandi. Shu bois faktcheking jurnalistlargagina emas, balki keng jamoatchilik uchun ham zarurat. Chunki tekshirilmagan axborot ishonchni yo‘qotadi, jamiyatda noto‘g‘ri tasavvurlarni shakllantiradi.
Dezinformatsiya esa bugun global tahdidga aylangan. U jamiyatda ishonch inqirozini keltirib chiqaradi, ijtimoiy keskinlikni kuchaytiradi, hatto ayrim holatlarda siyosiy va iqtisodiy qarorlarga ta’sir ko‘rsatadi. Xavflisi, insonlar yolg‘onni haqiqat deb qabul qila boshlaydi. Shuning uchun har bir xabarga tanqidiy yondashuv kerak va manbalarni solishtirish, rasmiy ma’lumotlar bilan taqqoslash, geolokatsiya va vaqtni tekshirish usullari juda samarali. Muhimi, bir manba bilan cheklanmaslik va tezlik emas, aniqlik ustuvor bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, auditoriyani ham media savodxonlikka o‘rgatish zarur. Chunki faqat jurnalistlar emas, har bir foydalanuvchi axborot gigiyenasiga amal qilsa, dezinformatsiya tarqalishi sezilarli darajada kamayadi.