Kinolardagi 2025 yil: O‘tmishda suratga olingan filmlarda ushbu yilgi voqealar qanday bashorat qilingan

Yaqin o‘tmishda suratga olingan kinofilmlarda bir necha o‘n yilliklar ichida dunyo qanday bo‘lishi haqida tasavvurlar qilinib, kelajakka nazar tashlashga harakat qilingan. XX va XXI asr boshlarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan global falokatlar va aql bovar qilmas texnologik yutuqlar boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qilgan futuristik ssenariylar bitilgan filmlarda 2025 yil ham e’tibordan chetda qolmadi.

Ushbu bashoratlar ro‘yobga chiqqan chiqmaganligin solishtirib chiqamiz.

U (2013)

Syujetga ko‘ra, 2025 yilda texnologiyalar shu darajaga yetganki, sun’iy intellekt odamlarning to‘laqonli hayot sherigiga aylanib qolgan. Bosh qahramon xat yozuvchisi (filmda bu kelajakdaki kasb, chunki odamlar xat yozishni butunlay unutib qo‘ygan), suqqabosh Teodor operatsion tizimni sotib oladi va u bilan hissiy jihatdan yaqinlashadi, chunki bunday muloqotning haqiqiy odam bilan muloqotdan hech qanday farqi yo‘q. Asta-sekin bu aloqa virtual ishqiy munosabatga aylanib qoladi.

Vaqt patruli 2: Berlin qarori (2003)

Maxfiy tashkilot kelajakda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olib, vaqt chizig‘ini patrul (nazorat) qiladi. Tomoshabinga hozirgi kunga tahdid soladigan paradoks oqibatlarini tuzatishga urinish ko‘rsatiladi. Bosh qahramon vaqt uzluksizligini buzish bilan tahdid qiluvchi fitnani bartaraf etish uchun kelajak, ya’ni 2025 yildagi Berlinga boradi. Voqealar vaqt qurolga aylangan, texnologiyalar esa o‘tmish va kelajak voqealarini nazorat qilishga imkon beradigan dunyoda sodir bo‘ladi.
Tinch okean chegarasi (2013)

2025 yilda bahaybat Kaydzyu maxluqlari Tinch okeanidagi yoriq orqali Yerga bostirib kirib, shaharlarni vayron qiladi. Insoniyat ularni to‘xtatish uchun neyron aloqa orqali boshqariladigan maxsus robot-o‘qchilar dasturini yaratadi. Film syujeti Kaydzyularning so‘nggi omon qolgan shaharlarga qilayotgan hujumlarga qarshi kurashib, apokalipsisni to‘xtatishi vazifasi yuklangan ikki uchuvchi haqida gapiradi.

O‘yin tugashi - Bronks uchun so‘nggi jang (Italiya, 1983)

Hodisa 2025 yilda, global falokat va sivilizatsiyaning qulashi ortidan vayron bo‘lib, xavfli joyga aylangan, qurolli guruhlar tomonidan nazorat qilinadigan zonalarga bo‘lingan Nyu-York shahrida sodir bo‘ladi. Bu yerda hukumat namoyandalari ermagi uchun gladiator janglari tashkil etilgan. Ushbu o‘lim o‘yinlarining professional ishtirokchisi qurolli otryadlar tomonidan ta’qib qilinayotgan guruhiga hamrohlik qilib, Bronksdan qochishga harakat qiladi.

10 yil (Gonkong, 2015)

Voqealar 2025 yilda avtoritar boshqaruv kuchayayotgan Gonkongda bo‘lib o‘tadi. Film beshta hikoyadan iborat bo‘lib, ularning har biri oddiy odamlarning hayotini aks ettiradi. Erkinlik cheklovlari, madaniy tanazzul va ijtimoiy muammolarga duch kelgan fuqarolar o‘z e’tiqodlari va insoniy qadr-qimmatini saqlab qolishga harakat qilishadi.

Jakuzidagi vaqt mashinasi-2 (2015)

Birinchi qismda uchta do‘st va birining jiyani sirli jakuzi yordamida tasodifan o‘tmishga, 1986 yilga qaytadi. Ikkinchi qismda esa qahramonlar nosozlik tufayli o‘zlarini 2025 yilda topadilar.

Kelajakda ular o‘zlarining o‘tmishdagi qarorlari oqibatlariga duch kelishadi: ular tuzgan kompaniyalar global korporatsiyalarga aylangan va atrofdagi dunyo absurd texnologik ixtirolar va tartibsiz ijtimoiy o‘zgarishlar bilan to‘ldirilgan. Yigitlar o‘z zamonasiga qaytishga harakat qilib, ilgari yaratgan muammolarini tuzatishga majbur bo‘lishadi.


B.Muhammadiyeva tayyorladi.