Samarqandda 47 ta dorixona o‘rganilganda 35 tasida kamchilik aniqlangan

Raqobat qo‘mitasiga jismoniy va yuridik shaxslardan kommunal, reklama va ijtimoiy xizmatlar sohasida kelib tushgan murojaatlar o‘zining ijobiy yechimini topmoqda. Xususan, Samarqand viloyatida dorixonada asossiz olingan 15 million 800 ming so‘mga yaqin mablag‘ iste’molchilarga qaytariladigan bo‘ldi.

2025 yil boshidan bugungi kungacha qo‘mitaning “Fair Tech” yagona axborot tizimi orqali 47 ta dorixona o‘rganilgan bo‘lib, ulardan 35 tasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.

Misol uchun, o‘rganishlarda “Jannat shifo” MChJ 2025 yil 1 yanvardan 2025 yil 1 dekabriga qadar 15 432 ta holatda dori vositalarini sotishda belgilangan cheklangan savdo ustamalariga rioya etmagani aniqlangan.

Hududiy boshqarma maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, “Jannat shifo” MChJ tomonidan belgilangan ustamalarni oshirib qo‘llanilishi oqibatida 15 million 800 ming so‘mga yaqin miqdorida asossiz olingan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.