Iqtisodiy barqarorlik va iste’molchi huquqining raqamli kafolati
Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida xalqimiz hayoti uchun juda muhim bo‘lgan bir qator qonunlarni ko‘rib chiqdik va ma’qulladik. Shulardan biri “Raqamli markirovkalash tizimining samaradorligi oshirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun.
Qayd etish lozimki, ushbu qonun ichki bozorimizni soxta, sifatsiz va odamlar sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan mahsulotlardan tozalashga xizmat qiladi. Mamlakatimizda uzoq yillardan beri katta muammo bo‘lib kelayotgan yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishda ham ushbu qonunning o‘rni juda katta bo‘ladi. Biz bu qonunni muhokama qilayotganimizda, uning ham oddiy odamlarga, ham tadbirkorlarga, ham davlatimizga qanday foyda keltirishini chuqur tahlil qildik va har bir bandni sinchiklab o‘rganib chiqdik.
Yurtimizda biznes vakillarini moliyaviy jihatdan rag‘batlantirish, ularga erkin ishlash uchun keng sharoitlar yaratish va eng muhimi, ularning faoliyatiga asossiz aralashishlar hamda tekshiruvlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu ishlarning barchasi bizning iqtisodiyotimizni rivojlantirish uchun juda zarurdir.
Biroq bozor iqtisodiyoti to‘g‘ri va halol rivojlanishi uchun hamma bir xil sharoitda ishlashi kerak. Sog‘lom bozor muhitini o‘z vaqtida soliqlarini to‘lab, halol mehnat qilayotgan tadbirkorlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bugungi kunda ichki bozorimizda ayrim turdagi mahsulotlarni noqonuniy ravishda ishlab chiqarish va ularni yashirincha sotish holatlari uchrab turibdi. Bu esa halol ishlayotgan tadbirkorlarimizga juda katta zarar yetkazmoqda. Chunki noqonuniy mahsulot ishlab chiqaruvchilar soliq to‘lamaydi va shu sababli o‘z mahsulotlarini arzonroq sotadi. Natijada halol tadbirkorlar bozorda ular bilan raqobat qila olmay qiynaladi.
Mana shunday muammolarning oldini olish uchun davlatimiz tomonidan mahsulotlarni maxsus identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tizimi joriy etilgan edi. Bu tizim har bir mahsulotning haqiqiy ekanligini ko‘rsatib turadi. Lekin ushbu tizimning yanada yaxshi va samarali ishlashi uchun qonunchiligimizdagi ayrim kamchiliklarni to‘ldirish zarurati paydo bo‘ldi. Yangi qabul qilinayotgan qonun aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Ta’kidlashim kerak, Senat majlisida ushbu qonunni muhokama qilayotganimizda, eng avvalo oddiy odamlarning, ya’ni iste’molchilarning manfaatlarini o‘yladik. Chunki tovarlarni raqamli markirovkalash tizimi birinchi navbatda fuqarolarimizni sifatsiz, soxta va qalbaki mahsulotlarni sotib olishdan asrash uchun yaratilgan. Hech kim o‘z puliga sifatsiz yoki soxta mahsulot sotib olishni xohlamaydi. Ayniqsa, ba’zi mahsulotlar borki, ularning soxta bo‘lishi inson hayoti va sog‘lig‘i uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf soladi.
Mahsulotda raqamli markirovka kodining bo‘lishi nimani anglatadi? Bu degani, o‘sha mahsulot zavodda ishlab chiqarilgan daqiqasidan boshlab, to do‘konga yetib kelguncha bo‘lgan barcha yo‘lni davlat nazorat qilib turadi. Bu tizim korxonalarni qonunlarga va sifat standartlariga qat’iy rioya qilishga majbur qiladi. Istagan odam qo‘l telefoni orqali mahsulotning kodini skanerlab, uning haqiqiy yoki soxta ekanligini osongina bilib olishi mumkin bo‘ladi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, agar biror tadbirkor mahsulotlarni majburiy markirovkalash qoidalarini buzgan bo‘lsa, soliq idoralari unga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarima qo‘llamaydi yoki borib tekshirish boshlamaydi. Nazorat ishlari tizimli ravishda, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Birinchidan, elektron tizim orqali tadbirkorga qoidabuzarlik aniqlangani haqida rasmiy ogohlantirish yuboriladi. Bu tadbirkorga o‘z xatosini tushunib, uni to‘g‘irlashi uchun berilgan imkoniyatdir.
Ikkinchidan, agar tadbirkor birinchi ogohlantirishdan keyin ham xatosini to‘g‘irlamasa va yana shunday huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ysa, unga ikkinchi marta rasmiy ogohlantirish xati yuboriladi. Agar shundan keyin ham tadbirkor tegishli xulosa chiqarmasa va kamchiliklarni bartaraf etmasa, unga nisbatan masofaviy soliq tekshiruvi tayinlanadi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish o‘rinli, masofaviy soliq tekshiruvi - bu soliq xodimining tadbirkorning ishxonasi yoki do‘koniga bormasdan, kompyuter orqali, ya’ni elektron tizim yordamida o‘tkazadigan tekshiruvidir. Masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish muddati ham aniq - 5 kun etib belgilandi. Soliqchilar tekshiruvni yillab yoki oylab cho‘zib yura olmaydilar. Bu esa biznesning to‘xtab qolmasligini ta’minlaydi.
Tekshiruv yakunida tuziladigan hujjat, ya’ni dalolatnoma faqat elektron hujjat ko‘rinishida rasmiylashtiriladi va tadbirkorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Bu yerda soliqchi bilan tadbirkor yuzma-yuz ko‘rishmaydi. Bu esa turli xil kelishmovchiliklar va korrupsiya holatlarining oldini oladi.
Senat yalpi majlisidagi muhokamalarda biz yashirin iqtisodiyotning salbiy oqibatlari haqida juda ko‘p gapirdik. Yashirin iqtisodiyot - bu faqat davlatga to‘lanmay qolgan soliqlar degani emas. Bu muammo juda chuqur ildizlarga ega. Yashirin iqtisodiyot tufayli sifatsiz mahsulot iste’mol qilib, sog‘lig‘ini yo‘qotayotgan oddiy odamlar jabr ko‘rmoqda. Halol ishlab, bozorda soxta mahsulotlar ko‘pligi sababli kasodga uchrayotgan yaxshi tadbirkorlarimiz zarar ko‘rmoqda.
Shuningdek, yashirin iqtisodiyot sababli davlat byudjetiga tushmay qolayotgan mablag‘lar tufayli biz yangi maktablar, zamonaviy shifoxonalar va tekis yo‘llarni qurishda qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. Yangi Qonunning hayotimizga tatbiq etilishi mana shunday muammolarni hal qilishda ham muhim ahamiyatga ega.
Biz, senatorlar, faqatgina ushbu qonunni ma’qullab qo‘yish bilan cheklanib qolmaymiz. Uning joylarda, chekka-chekka qishloqlarda va shaharlarimizda qanday ijro etilayotganini doimiy ravishda kuzatib boramiz. Toki, qonun xalq uchun, uning osoyishta va sog‘lom hayoti uchun xizmat qilishi shart.

Shavkat ShARIPOV,
Oliy Majlis Senati a’zosi.