8 sotix yerdan 80 million so‘m daromad

Ishtixon tumanining Dehqonobod mahallasida bir oila bor. Xonadon egasi Samad Boliyev hunarmand-usta. Beshik yasaydi. Bo‘sh vaqtlarida tomorqadagi yumushlar bilan shug‘ullanadi.

Qolgan ishlarni  uning turmush o‘rtog‘i Dilorom opa eplaydi. Ularning tomorqasi 8 sotix. Bu maydondan yiliga 2-3 martagacha hosil olinadi. Yer qishda ham bo‘sh turmasligi uchun to‘qsonbosti ekinlar ekiladi.

- Bu yil erta ko‘klamda tomorqamizga kartoshka ekdik, - deydi Dilorom Boliyeva. – Uning hosilini yig‘ishtirib bo‘lgach, pomidor, karam, sabzi va boshqa mahsulotlar urug‘ini qadadik. Undan keyin esa sarimsoqpiyoz ekdik.

Yaxshi mehnat qilsak, 8 sotixdagi sarimsoqpiyozdan 2 tonna hosil olishimiz mumkin. Odatda biz hosilni yig‘ib olishimiz bilan mahsulotni bozorga chiqaramiz. O‘shanda kilosini 15-20 ming so‘mdan sotamiz. Agar mahsulotni saqlab turib qishga yaqin sotadigan bo‘lsak, ko‘proq foyda ko‘ramiz. Sababi, ayni kuz-qish mavsumida bir kilogramm sarimsoqpiyozning narxi 35-40 ming so‘mga chiqqan. Shuni hisobga olsak, faqat sarimsoqpiyozning o‘zidan 70-80 million so‘m daromad topishimiz mumkin.

Tumanda 46 ming 63 ta oila bo‘lib, ularga qarashli 9 ming 652 gektar tomorqa maydoni mavjud.

- Keyingi yillarda mamlakatimizda aholi tomorqasidan foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilyapti, - deydi tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassisi Abdurasul Tangirov. – Aholi ekin ekadigan tomorqa maydonining 1447,7 gektarida bog‘, 1623,9 gektarida uzumzorlar barpo etilgan bo‘lsa, 7580 gektarida sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Aholi o‘rtasida kuz va qish mavsumlarida ham tomorqadan unumli foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlari yaxshi natija beryapti. Bu yilgi mavsumda 4294 gektarlik tomorqa maydonlarida to‘qsonbosti ekinlar yetishtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 1 noyabrga qadar 1453 gektar yerga avgust piyozi va sarimsoqpiyoz ekib bo‘lindi. Endi noyabr va dekabr oylarida piyoz, sabzi, karam va ko‘kat mahsulotlari ekiladi. Tomorqachilikda Dehqonobod mahallasi aholisi tumandagi boshqa mahallalarga o‘rnak bo‘lyapti.

Tomorqadan ham mo‘may daromad topib, ro‘zg‘or tebratsa, uylar qurib to‘ylar qilsa bo‘ladi. Faqat buning uchun dehqonobodlik dehqonlar singari mehnat qilish, sabrli bo‘lish talab qilinadi.

Samandar TOShNIYoZOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).