Samarqanddan Nyu-Yorkka to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov rejalashtirilyapti
Samarqand shahrida turizm sohasida yashirin iqtisodiyotning oldini olish, sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, mavsumga bog‘lanmagan holda sayyohlarni jalb qilishdagi muammo va takliflar muhokama etildi.
Viloyat prokuratura, soliq, bojxona, turizm boshqarmasi mas’ullari, tadbirkorlar, tur-firmalar vakillari va boshqa mas’ullar ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov joriy yilda turizm sohasida erishilgan yutuqlar va kelasi yilga mo‘ljallangan rejalar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilda viloyatga 3 millliondan ortiq sayyoh kelgan va keyingi yilda bu ko‘rsatkichni kamida ikki barobar oshirish imkoniyati bor. Sohadagi yangiliklardan yana biri kelgusida "Samarqand – Nyu-York" to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareysi qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
Tadbirda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan soliqdan qochish va ishchi sonini kamaytirib ko‘rsatish holatlariga ham to‘xtalib o‘tildi.

- Viloyatimizda mehmonxona va turizm xizmatlari faoliyati bo‘yicha jami 615 ta tadbirkorlik sub’yekti mavjud bo‘lib, shundan 133 tasi mehmonxona, 112 tasi xostel va 370 tasi oilaviy uy mehmonxonalardir, - deydi viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Akmal Valiyev. - Mehmonxona 24 soat va 24/7 rejimda, resepshn, oshpaz, farrosh, qorovul, kamida 2-3 smenada odam ishlaydi. Lekin hisobotlarda bor-yo‘g‘i 1-3 ta odam rasmiy ishga olingan. Tahlil qilganimizda, 17 ta mehmonxonada xodimlar umuman ko‘rsatilmagan.
Yana bir og‘riqli sohamiz - turizmdagi turoperatorlar, gidlar va transport faoliyati bo‘lib qolmoqda. Bu yerda vaziyat sal boshqacharoq, lekin nomuvofiqliklar bor.
Sayyohlardan “Tur paket” uchun olingan to‘lovlarning hammasi ham rasmiy hisobotlarda o‘z aksini topmayapti. Mehmonxona, oshxona, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar direksiyalari va transport korxonalari yoki egalari bilan tuzilmagan yoki nomigagina tuzilgan rasmiy shartnomalar ham yo‘q emas.
Gidlar rasman tadbirkor yoki o‘zini-o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa ham xizmatdan foydalanilmoqda.

Transport xizmatlarini ko‘rsatishda ham “soya”dagi aylanma juda katta. Xususiy avtobuslar, mikroavtobuslar, komfort tipdagi yengil avtomashinalar xizmatda yuribdi, katta oqimdagi turistlar tashilyapti, lekin bundan tushgan daromad soliq bazasida aks etmayapti.
Viloyatda umumiy ovqatlanish sohasi faoliyati bilan 202 ta tadbirkorlik sub’yekti shug‘ullanadi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, olingan daromadlarni soliq hisobotlarida yashirib ko‘rsatish holatlar talay. Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan umumiy ovqatlanish korxona (restoran)larining bir kunlik savdo tushumi kamida 30-40 million so‘mdan kam emasligi barchamizga ma’lum. Biroq ayrim umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan kunlik savdo tushumini to‘liq ko‘rsatmaslik holatlari ko‘plab kuzatilmoqda.
Viloyatda 2223 ta tadbirkorlik sub’yekti chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda Samarqand shahrida chakana savdo nuqtalarida bir kunlik savdo tushumining eng kam miqdori
1-3 million so‘mdan kam emas.
Ulgurji savdo faoliyati bilan jami 1917 ta tadbirkorlik sub’yektlari shug‘ullanib kelmoqda. Bu sohada ham, afsuski, yuqorida aytib o‘tilgan holatlar bor.
Tadbirda tadbirkorlar ham sohada uchraydigan muammolarni bildirishdi. Jumladan, “Optimist” mehmonxonasi mulkdori Iskandar Saydaliyev sohadagi bir qator muammolarni sanab o‘tdi.
- Xorijiy tur-firmalar bizga sayohatchi yuborgani uchun komissiya xarajati to‘laymiz, biroq ular bir necha yildan buyon QQS vaji bilan 20 foiz qo‘shimcha ustama undiryapti, - deydi I.Saydaliyev. - E’tiroz bildirganimizda bizning hukumatimiz bilan kelishilganini bildirishadi. Vaholanki, bunday kelishuv yo‘q. Hisoblab ko‘ring, 6 mingta mehmonxona oyiga 100 dollardan to‘lasa qancha bo‘ladi, yiliga qancha mablag‘ bo‘ladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2026 yildan oilaviy mehmon-uylariga belgilangan 4 foizlik o‘rniga 1 foizlik soliq stavkasi qo‘llaniladigan bo‘ldi. Bu biz, tadbirkorlar uchun juda yaxshi rag‘bat. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, 2016 yilda oilaviy mehmon-uylari 500 ga ham yetmagan bo‘lsa, hozirda 6 mingdan ortiq shu yo‘nalishdagi tadbirkorlar faoliyat yuritmoqda. O‘zim turizm sohasida qariyb 40 yildan buyon mehnat qilaman. Ko‘ryapmanki, davlat tomonidan turizmga ko‘rsatilayotgan ko‘mak tufayli kundan kunga soha sub’yektlari soni ortib bormoqda. Soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarga yechim topilsa turizm faoliyati yanada kengayadi. Buning uchun imkoniyat ham, sharoit ham yetarli.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).