Turizm, investitsiya va eksport viloyat taraqqiyotining yangi drayveri

Bugungi kunda viloyat iqtisodiyotida turizmni rivojlantirish, investitsiyalarni keng jalb etish va eksport salohiyatini oshirish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Bu borada amalga oshirilayotgan loyihalar va dasturlar nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush darajasini yaxshilash hamda hududlarning investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Keyingi yillarda viloyatda turizm infratuzilmasini kengaytirish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalariga investitsiyalar jalb qilish hamda mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Turizmni rivojlantirishga yangi yondashuv

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda turizm sohasini jadal rivojlantirish maqsadida yangi turistik nuqtalarni tashkil etish, mavjud obektlarni o‘zaro bog‘lash va ularni zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlashni nazarda tutgan uch yillik kompleks dastur ishlab chiqilmoqda. Mazkur dastur doirasida sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham qamrab olingan. Dasturni moliyalashtirish uchun “Natijaga asoslangan moliyalashtirish tizimi” orqali qo‘shimcha mablag‘lar jalb etilishi rejalashtirilgan.

Misol uchun, Nurobod tumanining Nurbuloq shaharchasida 12 ta shifobaxsh radonli suv quduqlari hisobiga 33 ta sanatoriy (3 200 o‘rin) faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur hududga yiliga 70 mingdan ortiq (mavsumda oyiga o‘rtacha 10 ming) davolanuvchilar tashrif buyuradi. Ushbu hududning master rejasini ishlab chiqishga tajribali kompaniyalarni jalb etib, “kurort shahar” sifatida rivojlantirib, savdo-servis obektlari tashkil etiladi. Master rejani amalga oshirish uchun yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, salomatlik yo‘laklarini qurishga dastlabki bosqichda respublika byudjetidan 15 milliard so‘m ajratilgan.

Buning natijasida hududning turistik jozibadorligi va investitsion salohiyati oshadi, sanatoriy va sog‘lomlashtirish yo‘nalishida 40 dan ortiq yangi tadbirkorlik subektlari tashkil etilib, 100 dan ortiq ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Nurbuloq shaharchasi ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantiriladi.

Bugungi kunda viloyat hokimligi qoshida “Daryo va kanallar bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish direksiyasi” tashkil etilib, kanallar bo‘yini obodonlashtirish orqali aholi va turistlar uchun qulay maskanga aylantirish ishlari boshlangan.

Darg‘om kanali bo‘yida 28 kilometr va Siyob kanali bo‘yida 1,7 kilometr uzunlikdagi 13 gektar yer maydonining toifasini o‘zgartirish orqali salomatlik yo‘laklari, savdo, umumiy ovqatlanish va dam olish maskanlari tashkil etish imkoniyati mavjud. Bunda 200 ta savdo-servis obektlari barpo etilib, 600 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi va sayyohlar oqimi 25 ming nafarga yetkaziladi.

Kattaqo‘rg‘on suv ombori atrofida zamonaviy yirik turistik obektlarni tashkil etish orqali aholi va turistlar uchun qulay maskanga aylantirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Uzoq yillardan buyon bo‘sh va qarovsiz holga kelgan shahar IIB hamda madaniyat bo‘limlariga qarashli 8,8 gektar yer maydonlari davlat-xususiy sheriklik asosida tashabbuskorga (“Kbr Nature Resort Complex” korxonasi) berilib, ekoturizm va dam olish maskanlari loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Loyihaning ikkinchi bosqichida 200 o‘rinli mehmonxona, 100 o‘rinli kurort-sanatoriy va 500 o‘rinli amfiteatrdan iborat eko va tibbiy turizm klasterini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Investitsiya ko‘payib, ishlab chiqarish kengayadi

2025 yilda viloyatda jami 2,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 2024 yilga nisbatan 88 foizga o‘sgan.

Joriy yilda xorijiy investitsiyalar hajmini 3,1 milliard dollarga (o‘sish 124 foiz) yetkazish rejalashtirilmoqda. Bunda sanoatda qiymati 1,7 milliard dollarlik 94 ta loyiha hisobidan 836 million dollar, qishloq xo‘jaligida qiymati 302 million dollarlik 15 ta loyiha hisobidan 128 million dollar, xizmat ko‘rsatish sohasida qiymati 792 million dollarlik 30 ta loyiha doirasida 360 million dollar, infratuzilmada qiymati 784 million dollarlik 9 ta loyihada 259 million dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi.

Shu kunlarda xorijiy kompaniyalar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida qiymati 1,8 milliard dollar bo‘lgan 82 ta yangi loyihada qurilish ishlari boshlanadi. Natijada 789 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi.  Misol uchun, Nurobodda Xitoyning “Inchan grup” korxonasi tomonidan qiymati 50 million dollar bo‘lgan logistika, bojxona zonasi, ko‘rgazma zali hamda bojxonasiz savdo markazi tashkil etish loyihasida 21,4 million dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi.

Bundan tashqari, o‘tgan yili qurilish ishlari boshlangan qiymati 1,2 milliard dollarlik 47 ta loyiha hisobiga 532 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladi. Masalan, Bulung‘urda qiymati 100 million dollar bo‘lgan “Yangi Osiyo xalqaro biofarmasevtika” xorijiy korxonasida tibbiy biopreparatlar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi uchun 40 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladi.

Umuman, joriy yilda qiymati 357 million dollarlik 18 ta yirik va ahamiyatli loyihalar ishga tushirilishi natijasida 1005 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Eksport hajmi qay tariqa oshirilmoqda?

Joriy yilda tadbirkorlarning xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalardagi ishtiroki uchun berilgan imtiyozlardan unumli foydalanib, qo‘shimcha 50 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi va byudjetga qo‘shimcha 65 milliard so‘m tushum ta’minlanadi.

Misol uchun, Nurobodda "Dao Hu Qi Che" xorijiy korxonasi tomonidan qiymati 16,6 million dollar bo‘lgan yuk mashinalari uchun tirkama ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ishga tushiriladi. Natijada 2 mingta va keyingi yillarda 10 mingta yuk mashinalari uchun tirkama ishlab chiqariladi. Jami 80 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladigan korxona joriy yilning o‘zida 2 million dollarlik mahsulotni eksportga chiqaradi.

Umuman, joriy yilda qo‘shimcha 250 million dollarlik eksport amalga oshirilib, yil yakunida 1,2 milliard dollarga yetkaziladi. Bunda 807 million dollarlik sanoat mahsulotlari va 429 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshiriladi.

Viloyatda yangi ishga tushirilayotgan investitsiya loyihalari hamda mavjud korxonalarni eksportga jalb qilish hisobidan 80 million dollarlik mahsulot hamda xizmatlarni xorijga sotish rejalashtirilmoqda.

Masalan, Kattaqo‘rg‘on shahrida yangidan ishga tushirilgan “Red Persimmon” korxonasi tomonidan volfram mahsulotlari eksporti yo‘lga qo‘yiladi va qo‘shimcha 3 million dollarlik eksport amalga oshiriladi.

100 ta yirik va salohiyatli korxonalarga xalqaro standartlar joriy qilinib, sertifikatlashtiriladi. Bu eksportchi korxonalarga yuqori qiymatli bozorlarga chiqishga imkoniyat yaratadi.

Jumladan, Samarqand shahridagi restoranlar uchun oshxona jihozlarini ishlab chiqaruvchi “Steynles-stil Samarkand” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2025-yilda 100 ming dollar eksport qilingan. Bu yil Yevropa Ittifoqida talab etiladigan “SI” xalqaro sertifikati joriy qilinishi hisobiga Germaniya va boshqa davlatlar bozorlariga 2 million dollarlik eksportni amalga oshiradi.

Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda mayizning kilogramini Turkiya va Rossiya bozoriga o‘rtacha 4 dollardan eksportga chiqarganmiz. Xuddi shu mahsulotni qadoqlangan holda Germaniya va Polsha davlatlariga o‘rtacha 8-10 dollarga eksport qilganmiz.

Shu sababli eksport geografiyasini kengaytirib, Yevropaning rivojlangan Niderlandiya, Germaniya, Italiya, Fransiya kabi davlatlariga GSP+ imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda eksport hajmlarini 1,5 barobarga oshirib, qo‘shimcha 50 million dollarga yetkazish belgilangan.

Shuningdek, joriy yilning 26-30 yanvar kunlari Dubayda bo‘lib o‘tgan “Galfud-2026” xalqaro ko‘rgazmasida viloyatimizdan 15 ta tadbirkor ishtirok etib, Braziliya, Moldaviya, Iroq kabi davlatlar bilan 10 million dollardan ortiq savdo kelishuvlariga erishgan.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Iroq bo‘yicha juda katta imkoniyatlar ochildi. Viloyatimizdagi 20 dan ortiq tadbirkor va ularning vakillari 1-7 fevral kunlari “Bagdat interneyshnl feir” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etib, oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallari eksporti bo‘yicha 5 million dollardan ortiq dastlabki savdo kelishuvlariga erishgan.

Mutaxassislarning fikricha, xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda faol ishtirok etish mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlarda tanilishiga xizmat qilmoqda. Shu bois joriy yilda 50 dan ortiq korxonaning 25 ga yaqin xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtiroki ta’minlanadi. Natijada 60 million dollardan ortiq yangi savdo kelishuvlariga erishish rejalashtirilgan.

Umuman olganda, viloyatda turizm, investitsiya va eksport sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Yangi loyihalarning amalga oshirilishi esa nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilaydi, balki aholi farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududlarning rivojlanishida muhim omilga aylanadi.

Yo.MARQAEV tayyorladi.