Rossiyalik turizm sohasi vakillari Samarqandga keldi

«Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tasarrufidagi Turizm akademiyasida viloyat turizm boshqarmasi mas’ullari, turagentlar, gidlar hamda rossiyalik turizm sohasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda xalqaro turizmni rivojlantirish istiqbollari, Samarqand va Rossiyaning Samara, Moskva, Rostov viloyatlari bilan turizm aloqalarini mustahkamlash, hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

- Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad - turizmning yangi yo‘nalishlarini joriy etish va  rivojlantirish, - deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Narziqulov. – Jumladan, viloyatimizda ekoturizm, mototurizm va tibbiyot turizmini yangi bosqichga olib chiqish va turizm imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida rossiyalik hamkorlarimiz bilan yo‘l xaritalari va chora-tadbirlar ishlab chiqish borasida kelishib oldik.

- 2018 yilda Samarqandga ilk marta kelgan edim, - deydi Rossiyaning Samara viloyati dumasi deputati Roman Balter. – Rosti, keyingi besh yilda bu yerda amalga oshirilgan o‘zgarishlar meni hayratlantirdi. Samarqand tarixiy shahar va O‘zbekistonning turizm poytaxti. Aynan shuning uchun ham biz samarqandlik turizm sohasi ekspertlari va tadbirkorlar bilan hamkorlik qilib, sohada kadrlar tayyorlash, turizmning yangi yo‘nalishlarini birgalikda rivojlantirishni maqsad qilganmiz.

Tadbir yakunida Samarqandning turizm salohiyati namoyish etildi.